Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 2-dekabrdagi PF-4582-son “Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish toʻgʻrisida”gi Farmoni boʻyicha pensiyalarni qayta hisoblash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (2534-son)
06.12.2013
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2013-yil 6-dekabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2534]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 2-dekabrdagi PF-4582-son “Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 2-dekabrdagi PF-4582-son “Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish toʻgʻrisida”gi Farmoni boʻyicha pensiyalarni qayta hisoblash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2013-yil 2-avgustdagi 74-son “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 11-iyuldagi PF-4547-sonli “Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish toʻgʻrisida”gi Farmoni boʻyicha pensiyalarni qayta hisoblash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 2497, 2013-yil 7-avgust) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 32-son, 433-modda) oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2013-yil 3-dekabr,
111-son
Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2013-yil 3-dekabrdagi 111-son buyrugʻiga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 2-dekabrdagi PF–4582-sonli “Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish toʻgʻrisida”gi Farmoni boʻyicha pensiyalarni qayta hisoblash tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 2-dekabrdagi “Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish toʻgʻrisida”gi PF-4582-sonli Farmonining 4-bandiga muvofiq, pensiyalarni qayta hisoblash tartibini belgilaydi.
1. 2013-yilning 15-dekabrdan Oʻzbekiston Respublikasi hududida eng kam:
ish haqi — oyiga 96 105 soʻm;
yoshga doir pensiyalar — oyiga 187 970 soʻm;
bolalikdan nogironlarga beriladigan nafaqa — oyiga 187 970 soʻm;
zarur ish stajiga ega boʻlmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa — oyiga 115 340 soʻm miqdorida belgilandi.
2. Yakka tartibdagi koeffitsientlarni (2011-yil 1-oktabrdan amalga kiritilgan) qoʻllagan holda yangi tayinlanadigan pensiyalar hisoblab chiqariladigan ish haqini tenglashtirish uchun ushbu Nizomning ilovasiga muvofiq eng kam oylik ish haqi miqdorlari qoʻllaniladi.
3. 2013-yilning dekabr oyi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining tuman (shahar) boʻlimlari tomonidan pensiyalar va nafaqalarni toʻlash qaydnomalari hamda pochta pul oʻtkazmalari, pensiyalar va nafaqalar miqdorlari 1,025 barobarga oshganligini inobatga olgan holda, qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda tuziladi.
4. Pensiyani hisob-kitob qilish uchun eng kam ish haqining sakkiz baravaridan (96 105 soʻm x 8 = 768 840 soʻm) ortiq boʻlmagan oʻrtacha oylik ish haqi inobatga olinadi.
5. Yakka tartibdagi koeffitsiyentlar qoʻllanilgan oʻrtacha oylik ish haqi miqdori eng kam oylik ish haqining sakkiz baravari va undan yuqori miqdorida boʻlgan hollarda, pensiyalarni qayta hisoblashni amalga oshirishda ish haqi miqdori eng kam ish haqining sakkiz baravari 768 840 soʻm (96 105 soʻm x 8) bilan chegaralanib, ish stajining davomiyligiga bogʻliq ravishda pensiyalarni hisoblash uchun qabul qilingan foizlarga koʻpaytiriladi.
6. Yoshga doir yoki I va II guruh nogironlik boʻyicha pensionerlar “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 9-son, 338-modda) 7 va 17-moddalariga muvofiq, pensiya tayinlash uchun zarur ish stajiga ega boʻlmagan taqdirda, qayta hisoblashdagi pensiya miqdori mavjud stajga mutanosib ravishda belgilanadi.
7. Barcha hollarda pensiyalarga ustama eng kam ish haqidan (96 105 soʻm) kelib chiqib aniqlanadi.
8. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bilan kelishilgan.
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri A. XAITOV
2013-yil 3-dekabr
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 2-dekabrdagi PF-4582-sonli “Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish toʻgʻrisida”gi Farmoni boʻyicha pensiyalarni qayta hisoblash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida belgilangan eng kam oylik ish haqi miqdorlari
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 49-son, 645-modda)
