Muso Toshmuhammad oʻgʻli Oybek tavalludining 100 yilligini nishonlash toʻgʻrisida (594-son)
21.12.2004
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston xalq yozuvchisi, oʻzbek adabiyoti va ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan akademik adib Muso Toshmuhammad oʻgʻli Oybek ijodining ulkan ahamiyatini inobatga olib, yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat, ajdodlarimizning maʼnaviy merosi bilan faxrlanish va iftixor tuygʻularini yuksaltirish maqsadida hamda yozuvchi tavalludining yuz yilligi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Fanlar akademiyasi, Respublika “Maʼnaviyat va maʼrifat” Kengashining Oʻzbekiston xalq yozuvchisi, akademik Muso Toshmuhammad oʻgʻli Oybek tavalludining 100 yilligini mamlakatimiz miqyosida keng nishonlash toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Ushbu sanaga tayyorgarlik koʻrish va uni nishonlash boʻyicha tashkiliy qoʻmita tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Tashkiliy qoʻmita bir oy muddatda tegishli vazirliklar va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda yubiley tadbirlari rejasini ishlab chiqsin va amalga oshirishga kirishsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi 2005-yilning may oyida “Oybek ijodining maʼnaviy-maʼrifiy ahamiyati” mavzusida ilmiy konferensiyani hamda adib tavalludiga bagʻishlangan tantanali adabiy-badiiy anjumanni oʻtkazsin.
3. Madaniyat va sport ishlari vazirligi adibning asarlarini sahnalashtirish, Fanlar akademiyasi bilan birgalikda Oybek uy-muzeyining ekspozitsiyasini boyitish boʻyicha ishlarni amalga oshirsin.
4. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim, Xalq taʼlimi vazirliklari Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda taʼlim muassasalari va kutubxonalarda adib hayoti va ijodiga bagʻishlangan adabiy-badiiy tadbirlar, oybekxonlik kunlari, davra suhbatlari, ijodkorlar bilan uchrashuvlar tashkil etsin.
5. Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi Fanlar akademiyasi va Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda Oybek asarlarini hamda “Oybek zamondoshlari xotirasida” kitobini chop etishni rejalashtirsin.
6. “Oʻzbekkino” Milliy agentligi Oybek hayoti va ijodiga bagʻishlangan hujjatli film yaratsin.
7. Oʻzbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi Oybek siymosi tushirilgan va uning asarlari mavzusi asosida ishlangan pochta markalari va konvertlar turkumini chiqarsin.
8. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, “Oʻzteleradio” kompaniyasi va respublika ommaviy axborot vositalariga adib hayoti va ijodi toʻgʻrisida turkum koʻrsatuv hamda radioeshittirishlar tayyorlash, maqolalar chop etish, yubiley tadbirlarini keng yoritish tavsiya etilsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Qosimov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 21-dekabr,
594-son
Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 21-dekabrdagi 594-son qaroriga ILOVA
Muso Toshmuhammad oʻgʻli Oybek tavalludining 100 yilligini nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita tarkibi
