Tumanda 2013-yil davomida haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil qilish toʻgʻrisida (1282-son)
06.08.2013
Jizzax viloyati Zomin tumani hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 22-moddasi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Axborotnomasi 1998-y., 5-6-son, 97-modda) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 19-iyuldagi 353-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 1999-y., 7-son, 40-modda) bilan tasdiqlangan “Haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil qilish toʻgʻrisida”gi nizomga asosan fuqarolarni haq toʻlanadigan jamoat ishlariga jalb qilish uchun zarur sharoitlar yaratish, iqtisodiyot va ijtimoiy sohaning muhim obyektlarini ishchi kuchi bilan taʼminlash, ishsizlar oʻrtasida boqimandalikning oldini olish maqsadida qaror qilaman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 22-moddasiga asosan 2013-yilda tumanda haq toʻlanadigan jamoat ishlari ilovada* koʻrsatilgan korxona, muassasa va tashkilotlarda amalga oshirilishi tashkil etilsin.
* Ilova berilmaydi.
2. Tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi (Gʻ. Dushaboyev)ga ish qidirayotgan va ishsiz shaxslar tarkibi va sonini hisobga olgan holda ishchi kuchiga boʻlgan talab va takliflarni tahlil qilish asosida aholini ish bilan taʼminlash mintaqaviy dasturining maxsus boʻlimiga kiritiladigan haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil qilish boʻyicha takliflarni tayyorlash va tuman hokimligiga taqdim etish vazifasi yuklatilsin.
3. Haq toʻlanadigan jamoat ishlarini mablagʻ bilan taʼminlash Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 19-iyuldagi 353-son qarori bilan tasdiqlangan “Haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil qilish toʻgʻrisida”gi nizomning 23-bandida belgilangan tartibda amalga oshirilsin.
4. Oʻzgalar parvarishiga muhtoj yolgʻiz keksalar, pensionerlar va nogironlarning uyiga borib ijtimoiy xizmat koʻrsatish boʻyicha haq toʻlanadigan jamoat ishlariga jalb etilgan, mehnat boʻlimlarida roʻyxatga olingan ishsiz fuqarolarga ish haqi toʻlash xarajatlari toʻliq Ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshirilishi belgilab qoʻyilsin.
5. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish tuman hokimining birinchi oʻrinbosari vazifasini bajaruvchi A. Abdugʻaniyev, oʻrinbosar Sh. Joʻrayevlar zimmasiga yuklatilsin.
Hokim Oʻ. AZIMOV
Zomin sh.,
2013-yil 6-avgust,
1282-son
