Viloyatda 2013-2015-yillarda uzumchilikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (175-son)
05.08.2013
Jizzax viloyati hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 13-martdagi PQ-1937-sonli “2013-2015-yillar davrida respublikada uzumchilikni yanada rivojlantirish dasturi toʻgʻrisida”gi qarorining ijrosini taʼminlash hamda tokzorlarni hududlarning tuproq-iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda oqilona joylashtirish, uzumchilikning ilmiy bazasini mustahkamlash, yangi istiqbolli va serhosil navlarni joriy etish, shuningdek uzumni qayta ishlash hajmini kengaytirish va eksport salohiyatini koʻpaytirish maqsadida qaror qilaman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 13-martdagi PQ-1937-sonli “2013 — 2015-yillar davrida respublikada uzumchilikni yanada rivojlantirish dasturi toʻgʻrisida” qarori rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Viloyatda 2013 — 2015-yillarda uzumchilikni tashkil etishni yanada takomillashtirish va rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga*;
chora-tadbirlar dasturining ijrosini muvofiqlashtirib boruvchi viloyat komissiyasi 2-ilovaga*;
2013 — 2015-yillarda yangi tokzorlar barpo etish va mavjud eski tokzorlarni rekonstruksiya qilish topshirigʻi 3-4-ilovalarga*;
2013 — 2015-yillarda fermer xoʻjaliklari va boshqa uzum yetishtiruvchilarni tok koʻchatlari bilan taʼminlashning prognoz hajmlari 5-ilovaga*;
2013-yilda uzumchilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjaliklari va boshqa uzum yetishtiruvchilarga servis xizmati koʻrsatish boʻyicha ishlab chiqarish infratuzilmasi obyektlari tarmogʻini kengaytirish parametrlari 6-ilovaga*;
2014-yilda “Baxmalsharobsavdo” MChJda meva-sabzavot mahsulotlari sharbati ishlab chiqaradigan liniyani oʻrnatish 7-ilovaga*;
keyinchalik yangi tokzorlar barpo etish uchun suv taʼminoti darajasi past boʻlgan yerlarda boshoqli don ekinlari ekishni 2014-yil hosilidan boshlab qisqartirish parametrlari 8-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1 — 8-ilovalar berilmaydi.
3. Viloyat komissiyasi (Xolmatov)ga viloyatda 2013 — 2015-yillarda uzumchilikni rivojlantirish chora-tadbirlar dasturining oʻz vaqtida toʻliq ijrosini taʼminlash, har oy yakuni bilan amalga oshirilgan ishlarni tanqidiy muhokama qilish hamda yuzaga keladigan muammolarni tezkorlik bilan bartaraf etish vazifasi topshirilsin.
4. Viloyat qishloq va suv xoʻjaligi boshqarmasi (Anqayev), viloyat fermerlar Kengashi (Eshmatov), viloyat yer resurslari va davlat kadastr boshqarmasi (Gulboyev) va tuman hokimliklariga bir oy muddatda har bir tumanning tuproq-iqlim sharoitlarini, shuningdek ichki va tashqi bozor ehtiyojlarini hisobga olgan holda uzumning xoʻraki, kishmish va sanoatbop navlarini maqbul joylashtirish boʻyicha uzumchilikni rivojlantirishning hududiy dasturlarini ishlab chiqish va tasdiqlash uchun viloyat komissiyaga kiritish vazifasi yuklatilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur qarori bilan:
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya va Iqtisodiyot vazirliklari hamda “Oʻzvinsanoat-xolding” Xolding kompaniyasining 2013 — 2015-yillarda “Oʻzvinsanoat-xolding” Xolding kompaniyasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi mablagʻlarining kamida 80 foizi yangi intensiv uzumzorlar barpo etishga yoʻnaltirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilganligi, Xolding kompaniyasi tarkibiga kiruvchi tashkilotlar va korxonalarning sof tushumi (tovar aylanmasi)ning 0,5 foizi miqdoridagi ajratmasi 2013 — 2015-yillarda jamgʻarmani toʻldirishning qoʻshimcha manbai etib belgilanganligi;
dasturni amalga oshirish doirasida 2013 — 2015-yillarda joylarda yangi tokzorlar barpo etish va eskilarini rekonstruksiya qilish “Meva-sharbat” ilmiy-ishlab chiqarish korporatsiyasi va uning filiallarining ilmiy asoslangan xulosalariga koʻra amalga oshirilishi belgilanganligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxatlar boʻyicha import qilinayotgan istiqbolli, yuqori hosilli tok koʻchatlari va payvandtaklari 2016-yilning 1-yanvarigacha boʻlgan muddatda bojxona toʻlovlari (bojxona yigʻimlari bundan mustasno) toʻlashdan ozod qilinganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
6. Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi (Alishev) va viloyat tijorat banklariga uzumchilik yoʻnalishidagi fermer xoʻjaliklariga Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasidan yuqori boʻlmagan foiz stavkalari boʻyicha koʻchat, ixtisoslashgan qishloq xoʻjaligi texnikasi va shpalerlarni xarid qilish boʻyicha kreditlar (lizing xizmatlari koʻrsatish) uchun kredit liniyalarini ochish tavsiya etilsin.
8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari A. Xolmatov zimmasiga yuklatilsin.
Hokim S. ISMAILOV
Jizzax sh.,
2013-yil 5-avgust,
175-son
