“Obod turmush yili” shahar dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida (q-102-son)
15.03.2013
Navoiy viloyati Zarafshon shahar hokimining
Qarori
2013-yilning “Obod turmush yili” deb eʼlon qilinganligi munosabati bilan mamlakatda xalqning turmush darajasi va sifatini oshirish, farovonlik, tinchlik va totuvlikni taʼminlash vazifalarini amalga oshirishga resurslar va imkoniyatlarni safarbar qilish, davlat, nodavlat va jamoat tashkilotlarining keng jalb etish boʻyicha aniq maqsadga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlar kompleksini amalga oshirish hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 14-fevraldagi “Obod turmush yili Davlat dasturi toʻgʻrisida”gi PQ-1920-sonli, viloyat hokimining 2013-yil 13-martdagi q-49-son qarorlari ijrosini taʼminlash maqsadida qaror qilaman:
1. Navoiy viloyati hokimining 2013-yil 13-martdagi “Obod turmush yili viloyat dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi q-49-son qarori ijro uchun qabul qilinsin.
2. “Obod turmush yili” shahar dasturi ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova berilmaydi.
3. Quyidagilar “Obod turmush yili” shahar dasturini amalga oshirishning asosiy ustuvor yoʻnalishlari etib belgilansin:
Shaharda barqarorlik va xavfsizlikni, fuqarolar totuvligini, millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni yanada mustahkamlash, inson huquqlari, erkinligi va manfaatlari muhofazasini taʼminlash;
aholi farovonligi va real daromadlarning izchil oʻsishini taʼminlash, ish bilan bandlikni oshirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni, fermerlikni yanada rivojlantirish, aholini, birinchi navbatda, uning ijtimoiy nochor qatlamlarini va kam taʼminlangan oilalarni davlat tomonidan aniq manzilli muhofaza qilish va ularga ijtimoiy yordam koʻrsatish tizimini takomillashtirish;
aholi salomatligini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish, sogʻliqni saqlash muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va rivojlantirish, ularni zamonaviy tashxis va davolash asbob-uskunalari bilan jihozlash, kasalliklar profilaktikasini kengaytirish hamda ularni davolashning ilgʻor tibbiy texnologiyalari va metodlarini joriy etish, pirovard natijada — odamlarning, ayniqsa bolalarning va onalarning sogʻligʻini mustahkamlash;
jismoniy va maʼnaviy sogʻlom, uygʻun kamol topgan oʻsib kelayotgan avlodni, professional, zamonaviy darajada tayyorlangan kadrlarni tarbiyalash borasida olib borilayotgan ishlarning samaradorligini har tomonlama oshirish, taʼlim saviyasini yanada takomillashtirish va sifatini yuksaltirish, taʼlim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;
xalqning turmush darajasi va sifatini yanada oshirish, munosib uy-joy va ijtimoiy-maishiy sharoitlar yaratish, yangi uy-joylar qurish, zamonaviy yoʻllar va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmalarini rivojlantirish, aholi punktlarini toza ichimlik suv, elektr energiyasi va issiqlik bilan kafolatli taʼminlash boʻyicha aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish;
mahalla institutini va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini takomillashtirish, ularning huquqlari va vakolatlarini kengaytirish, joylarda iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish, yosh va ehtiyojmand oilalarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash va ularga yordam berishni yaxshilash, mahallalar va uy-joy mavzelarini tashqi qiyofasini sifat jihatidan yaxshilash, obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish vazifalarini hal etishda ularning roli va ahamiyatini oshirish;
oilalarni yanada mustahkamlash, ayollarning oila va jamiyatdagi roli va maqomini oshirish, ularning ijtimoiy faolligini kuchaytirish, ish bilan bandligini taʼminlash hamda ayollarning iqtisodiyotning turli tarmoqlari va sohalaridagi faoliyatini munosib ragʻbatlantirish, ularning oʻz iqtidorini namoyon qilishi va uy-roʻzgʻordagi ishlarini yengillashtirish uchun qulay ijtimoiy-maishiy sharoitlar yaratish chora-tadbirlarini amalga oshirish.
4. “Obod turmush yili” shahar dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish boʻyicha shahar komissiyasiga “Obod turmush yili” shahar dasturining bajarilishini tashkil etish va monitoringini olib borish vazifasi yuklatilsin.
5. “Obod turmush yili” shahar dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish boʻyicha shahar komissiyasi (Sh. Axrorov) quyidagilarni taʼminlasin:
bir hafta muddatda — shahar hokimligi va tegishli tashkilot rahbarlari boshchiligida shahar dasturini amalga oshirish boʻyicha tegishli komissiyalar tuzish, ularga Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarni soʻzsiz, toʻliq koʻlamda va oʻz vaqtida amalga oshirilishi yuzasidan shaxsiy masʼuliyatni yuklash;
ikki hafta muddatda — shahar hokimligi, boshqarma, idoralar, xoʻjalik birlashmalari, nodavlat notijorat tashkilotlar tomonidan har bir korxona, tashkilot, muassasa va aholi punkti boʻyicha “Obod turmush yili” hududiy hamda tarmoq dasturlarini ishlab chiqish va qabul qilish;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar darajasida tasdiqlangan shahar dasturiga kiritilgan yoʻnalishlar va tadbirlarni toʻliq va oʻz vaqtida bajarish ishlarini muvofiqlashtirish, ularning amalga oshirilishi yuzasidan tizimli nazorat oʻrnatish;
har chorak yakunlari boʻyicha “Obod turmush yili” shahar dasturida nazarda tutilgan tadbirlarning bajarilishi toʻgʻrisida shahar hokimligi va viloyat hokimligiga axborot berib borish.
6. “Oltin vodiy” gazetasi tahririyati davlat korxonasi (M. Muqimov), Markaziy kon boshqarmasi Axborot kommunikatsiya texnologiyalari markazi (A. Yuzefovich):
“Obod turmush yili” Davlat, viloyat va shahar dasturlarining maqsadi va vazifalarini, uni amalga oshirishning asosiy yoʻnalishlari va chora-tadbirlarini aholi oʻrtasida muntazam, tizimli va keng yoritilishini;
keng jamoatchilikning Dasturning bajarilishi toʻgʻrisida doimiy xabardor boʻlishini, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirishdagi aniq hissasi yoritilishini taʼminlasinlar.
7. Shahar hokimligi Tashkiliy nazorat guruhi (I. Saidov) mazkur qarorni Xalq deputatlari shahar Kengashining tasdigʻiga kiritsin.
8. Shahar hokimining iqtisodiyot va ijtimoiy masalalari boʻyicha oʻrinbosari (Sh. Axrorov)ga ushbu qarorni “Oltin vodiy” gazetasida rasman eʼlon qilinishini;
Shahar hokimligi ish yuritish boʻlinmasi mudiri (H. Normuhammedov)ga mazkur qarorni shahar hokimligining veb-saytida joylashtirilishini taʼminlash topshirilsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilishni oʻz zimmamda qoldiraman.
Hokim I. EShMIRZAYEV
Zarafshon sh.,
2013-yil 15-mart,
q-102-son
