Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish toʻgʻrisida (711-son)
27.09.2013
Xorazm viloyati Gurlan tumani hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasining “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 17-moddasiga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga asoslanib qaror qilaman:
1. Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qiladigan korxona va tashkilotlar hamda muassasalar roʻyxati 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
2. Korxona va tashkilotlar hamda muassasalarda xodimlarning roʻyxat boʻyicha oʻrtacha sonidan kelib chiqqan holda 226 ta ish oʻrni, shu jumladan:
yolgʻiz ota, yolgʻiz ona hamda oʻn toʻrt yoshgacha boʻlgan nogiron bolalari bor koʻp bolali ota-onalar uchun 31 foiz (71 kishi);
taʼlim muassasalarini tugatgan yoshlar uchun 38 foiz (86 kishi);
muddatli harbiy xizmatdan boʻshatilgan shaxslar uchun 10 foiz (22 kishi);
nogironlar uchun 7 foiz (15 kishi);
Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish tuman markazida ish qidiruvchi sifatida hisobda turgan pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan shaxslar uchun 7 foiz (15 kishi);
jazoni oʻtash muassasalaridan boʻshatilgan, jazoni oʻtayotgan yoki sud qaroriga koʻra tibbiy xarakterdagi majburiy choralar koʻrilgan shaxslar uchun 4 foiz (10 kishi);
ijtimoiy muhofazaga muhtoj shaxslarning boshqa toifalari uchun 3 foiz (7 kishi) miqdorida ish oʻrinlari zaxirasi belgilansin.
3. Ushbu toifa shaxslar uchun ish oʻrinlari xodimlar tomonidan oʻzlarining mehnat majburiyatlarini toʻsiqlarsiz bajarishini taʼminlaydigan sanitariya va gigiyena normalari va mehnat sharoitlariga muvofiq boʻlishi taʼminlansin.
Shu jumladan:
oʻn toʻrt yoshgacha bolalari va nogiron bolalari boʻlgan yolgʻiz ota yolgʻiz ona va koʻp bolali ota-onalar uchun bolalarni tarbiyalash va mehnat majburiyatlari boʻyicha vazifalarni uygʻunlashtirish imkonini beradigan, oʻzgaruvchan ish jadvaliga ega boʻlgan ish oʻrinlari;
taʼlim muassasalarini tugatgan yoshlar uchun ularning kasb boʻyicha tayyorgarligiga muvofiq boʻlgan ish oʻrinlari;
muddatli harbiy xizmatdan boʻshatilganlar uchun ularning kasb boʻyicha tayyorgarligiga muvofiq boʻlgan ish oʻrinlari;
nogironlar uchun mehnat sharoitlari boʻyicha attestatsiyadan oʻtkazilgan hamda xodimga ish jarayonlarini toʻsqinliksiz bajarish imkonini (sogʻligining ahvoli va mehnat faoliyatiga nisbatan belgilangan zid koʻrsatkichlar hisobga olgan holda) beradigan ish oʻrinlari;
bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazida ish qidiruvchi sifatida roʻyxatda turgan pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan shaxslar uchun maxsus malakani talab qilinmaydigan ish oʻrinlari;
jazoni oʻtash muassasalaridan ozod qilingan, jazoni oʻtayotgan yoki sud qaroriga koʻra tibbiy xarakterdagi majburiy choralar koʻrilgan shaxslar uchun ularning kasb boʻyicha tayyorgarligi hisobga olingan holdagi ish oʻrinlari muayyan kasb-hunarga va malakaga ega boʻlmagan shaxslar uchun esa maxsus malakani talab qilmaydigan ish oʻrinlari tashkil qilinsin.
4. Korxonalar va tashkilotlarda hamda muassasalarda ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun band qilingan kasb va lavozimlar roʻyxati 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1 va 2-ilovalar berilmaydi.
5. Korxona va tashkilotlar rahbarlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-sonli qarori bilan tasdiqlangan Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun koʻrsatilgan ish oʻrinlari tashkil qilinishini taʼminlasin.
6. Ushbu qarorning ijrosini taʼminlamagan korxona va tashkilotning mansabdor shaxslariga “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomning 15-bandiga muvofiq jarima qoʻllansin.
7. Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish tuman markazi (Y. Erimmetov) bir hafta muddatda ushbu qarorning 1-ilovasida koʻrsatilgan tashkilot rahbarlari eʼtiboriga yetkazsin.
8. Ushbu qaror qabul qilinishi bilan tuman hokimining 2012-yil 5-oktabrdagi 761-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
9. Ushbu qaror “Gurlan hayoti” gazetasida eʼlon qilinsin.
10. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish tuman hokimining oʻrinbosari S. Yusupov zimmasiga yuklatilsin.
Hokim Q. MADRAHIMOV
Gurlan sh.,
2013-yil 27-sentabr,
711-son
