Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish toʻgʻrisida (851-son)
11.10.2013
Xorazm viloyati Shovot tumani hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 17-moddasiga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga asoslanib qaror qilaman:
1. Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qiladigan korxona, tashkilotlar va muassasalar roʻyxati 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
2. Korxona va tashkilotlar hamda muassasalarda xodimlarning, roʻyxat boʻyicha oʻrtacha sonidan kelib chiqqan holda 192 ta ish oʻrni, shu jumladan:
yolgʻiz ota, yolgʻiz ona hamda 14 yoshgacha bolalari bor koʻp bolali ota-onalar uchun 14 foiz (27 kishi);
taʼlim muassasalarini tugatgan yoshlar uchun 65 foiz (122 kishi);
muddatli harbiy xizmatdan boʻshatilgan shaxslar uchun 4 foiz ( 8 kishi);
nogironlar uchun 2 foiz (5 kishi);
bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish tuman markazida ish qidiruvchi sifatida hisobda turgan pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan shaxslar uchun 8 foiz (15 kishi);
jazoni oʻtash muassasalaridan boʻshatilgan, jazoni oʻtayotgan yoki sud qaroriga koʻra tibbiy xarakterdagi majburiy choralar koʻrilgan shaxslar uchun 5 foiz (10 kishi);
ijtimoiy muhofazaga muhtoj shaxslarning boshqa toifalari uchun 2,6 foiz (5 kishi) miqdorida ish oʻrinlari zaxirasi belgilansin.
3. Ushbu toifa shaxslar uchun ish oʻrinlari xodimlar tomonidan oʻzlarining mehnat majburiyatlarini toʻsiqlarsiz bajarishini taʼminlaydigan sanitariya-gigiyena normalari va mehnat sharoitlariga muvofiq boʻlishi taʼminlansin. Shu jumladan:
14 yoshgacha boʻlgan bolalari va nogiron bolalari boʻlgan yolgʻiz ota, yolgʻiz ona va koʻp bolali ota-onalar uchun bolalarni tarbiyalash va mehnat majburiyatlari boʻyicha vazifalarni uygʻunlashtirish imkonini beradigan, oʻzgaruvchan ish jadvaliga ega boʻlgan ish oʻrinlari;
taʼlim muassasalarini tugatgan yoshlar uchun ularning kasb boʻyicha tayyorgarligiga muvofiq boʻlgan ish oʻrinlari;
muddatli harbiy xizmatdan boʻshatilgan shaxslar uchun ularning kasb boʻyicha tayyorgarligiga muvofiq boʻlgan ish oʻrinlari;
nogironlar uchun mehnat sharoitlari boʻyicha attestatsiyadan oʻtkazilgan hamda xodimga ish jarayonlari toʻsqinliksiz bajarish imkonini (sogʻligʻining ahvoli va mehnat faoliyatiga nisbatan belgilangan zid koʻrsatkichlar hisobga olingan holda) beradigan ish oʻrinlari;
bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazida ish qidiruvchi sifatida hisobda turgan pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan shaxslar uchun maxsus malakani talab qilmaydigan ish oʻrinlari;
jazoni oʻtash muassasalaridan boʻshatilgan, jazoni oʻtayotgan yoki sud qaroriga koʻra tibbiy xarakterdagi majburiy choralar koʻrilgan shaxslar uchun ularning kasb boʻyicha tayyorgarligi hisobga olingan holdagi ish oʻrinlari muayyan kasb-hunarga va malakaga ega boʻlmagan shaxslar uchun esa maxsus malakani talab qilmaydigan ish oʻrinlari tashkil qilinsin.
4. Korxona, tashkilotlar va muassasalarda ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun band qilingan kasb va lavozimlar roʻyxati 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1 va 2-ilovalar berilmaydi.
5. Korxona va tashkilotlar rahbarlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-son qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga muvofiq, ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun koʻrsatilgan ish oʻrinlari tashkil etilishini taʼminlasin.
6. Ushbu qarorning ijrosini taʼminlamagan korxona va tashkilotning mansabdor shaxslariga “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomning 15-bandiga muvofiq jarima qoʻllansin.
7. Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi (A. Tojiyev) bir hafta muddatda ushbu qarorni 1-ilovada* koʻrsatilgan tashkilot rahbarlari eʼtiboriga yetkazsin.
8. Ushbu qaror qabul qilinishi bilan tuman hokimining 2012-yil 22-oktabrdagi 852-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
9. Ushbu qaror “Shovot istiqboli” gazetasida eʼlon qilinsin.
10. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish tuman hokimining oʻrinbosari Sh. Narbayev zimmasiga yuklatilsin.
Hokim Q. QURYAZOV
Shovot sh.,
2013-yil 11-oktabr,
851-son
