Shahar yoʻlovchi tashish transporti tizimini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida (308-son)
13.11.2013
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent shahrida yoʻlovchi tashish transportini tashkil etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2013-yil 9-oktabrdagi PQ-2048-son qarorini bajarish yuzasidan hamda oraliq boʻgʻinlarni bartaraf etish, boshqaruv xodimlari sonini qisqartirish, avtobus saroylarini joylashtirish sxemasini takomillashtirish, ishlab chiqarish infratuzilmasini tartibga solish va transport tashkilotlarining moliyaviy barqarorligini oshirish yoʻli bilan shahar yoʻlovchi tashish transportini boshqarish tuzilmasini maqbullashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik kompaniyasining asosiy vazifalari etib belgilansin:
mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, kompaniya tarkibiga kiruvchi korxonalar va tashkilotlarning shahar yoʻlovchilar tashish transporti tomonidan koʻrsatiladigan sifatli xizmatlarga boʻlgan aholi ehtiyojlarini eng toʻliq qondirishga, shuningdek ular ishining samaradorligini va moliyaviy barqarorligini oshirishga yoʻnaltirilgan faoliyatini muvofiqlashtirish;
yoʻlovchilar tashuvlari xavfsizligini va yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish madaniyatining yuqori darajasini taʼminlash, jamoat transporti qatnovlarida transport vositalari harakatlari maromiga, belgilangan jadvaliga va intervallariga rioya etish;
axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, harakat tarkibining navigatsiya nazorati tizimlarini (GRS) keng joriy etish, oxirgi qatnovlarda transport vositalarining yetib kelish va joʻnab ketish vaqtini qayd etadigan elektron terminallar oʻrnatish, “on-layn” rejimidagi qatnov liniyalarida distpetcherlik boshqaruvi darajasini oshirish yoʻli bilan shahar yoʻlovchilar tashuvlarini tashkil etish tizimida intizomni mustahkamlash;
transport vositalaridan foydalanish boʻyicha yagona texnik siyosat va talablarni amalga oshirish, har tomonlama qulay, zamonaviy transport vositalarining saqlanishi, ulardan ehtiyotlab, maqsadli va samarali foydalanilishi yuzasidan doimiy monitoring olib borish, sutkaning turli vaqtlaridagi yoʻlovchilar oqimini hisobga olgan holda koʻp va oʻrtacha sigʻimli avtobuslar qatnovlarini oqilona uygʻunlashtirish, transportni taʼmirlash va unga servis xizmati koʻrsatish boʻyicha infratuzilmani rivojlantirish;
transport tashkilotlarini, eng avvalo, haydovchilar tarkibini transport vositalarini taʼmirlash va ularga texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha yuqori malakali kadrlar bilan mustahkamlash, ularning malakasini tizimli ravishda oshirishni taʼminlash, shahar yoʻlovchilar tashish transporti xodimlarini moddiy ragʻbatlantirishning samarali tizimini joriy etish.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 3-maydagi F-4048-son farmoyishi bilan tashkil etilgan “Toshshahartransxizmat” uyushmasi faoliyatini tanqidiy tahlil qilish hamda yoʻlovchilar tashish xarajatlarini maqbullashtirish va kamaytirishga doir takliflarni ishlab chiqish boʻyicha Idoralararo komissiyaning, Toshkent shahar hokimligining, “Toshshahartransxizmat” uyushmasining:
tashuvchilar tomonidan yoʻlovchilar tashish qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish funksiyalarini Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi Toshkent shahar transport boshqarmasiga bergan holda “Transport xizmatlari sifatini nazorat etish boshqarmasi” davlat unitar korxonasini harakatdagi tarkibni “on-layn” real vaqt rejimida uzoqdan nazorat qilish (GPS) va shahar yoʻlovchi tashish transportini avtomatlashtirilgan tarzda boshqarish tizimlarini qoʻllagan holda tartibga solish uchun “Toshtransdispetcherxizmat” unitar korxonasiga aylantirish;
“Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik kompaniyasi tarkibida “2-tramvay deposi”, “3-son tramvay-trolleybus deposi”, “Toshtatraservis texnik markazi”, “Yoʻl xizmati” va “Shahar elektr transportiga xizmat koʻrsatish shuʼbasi” davlat unitar korxonalarini birlashtirish hisobiga “Toshkent tramvayi” unitar korxonasi shaklida yagona tramvay kompleksi tashkil etish;
“Oʻninchi avtosaroy” MCHJ bazasida “2-avtobus saroyi” OAJning filialini tashkil etgan holda ishlab chiqarish infratuzilmasidan oqilona foydalanish va avtobus saroylarini joylashtirish sxemasini maqbullashtirish;
“Toshshahartransxizmat” uyushmasining shuʼba korxonalari — “Mersedes-Bens” markaziy xizmat koʻrsatish stansiyasi, “Birinchi avtotaʼmirservis”, “Ikkinchi avtotaʼmirservis” , “Uchinchi avtotaʼmirservis” shuʼba korxonalarini avtobus saroylarida 3 ta filiali boʻlgan “Toshavtotaʼmirxizmat” unitar korxonasiga aylantirish;
“Yoʻlovchitransservis” xoʻjalik hisobidagi markaz” davlat unitar korxonasini “Toshyoʻlovchitransxizmat” unitar korxonasiga aylantirish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
3. Belgilab qoʻyilsinki, “Toshkent tramvayi” unitar korxonasi “2-tramvay deposi”, “3-son tramvay-trolleybus deposi”, “Toshtatraservis texnik markazi”, “Yoʻl xizmati” va “Shahar elektr transportiga xizmat koʻrsatish shuʼbasi” davlat unitar korxonalarining huquqlari va majburiyatlari boʻyicha huquqiy voris hisoblanadi.
4. Idoralararo komissiya (R.S.Azimov) tomonidan Toshkent shahar hokimligi, “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik kompaniyasi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar ishtirokida ishlab chiqilgan:
2014-2015-yillar davrida Toshkent shahrida shahar yoʻlovchi tashish transportini tashkil etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari kompleks dasturi 1-ilovaga muvofiq;
2013 — 2015-yillar davrida “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik kompaniyasi tizimida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishga doir chora-tadbirlar kompleksi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Ushbu qaror bilan tasdiqlangan Toshkent shahrida yoʻlovchi tashish transportini tashkil etish tizimini takomillashtirishga doir chora-tadbirlar kompleksi bajarilishining tizimli monitoringini olib borish boʻyicha 3-ilovaga muvofiq tarkibda muvofiqlashtiruvchi guruh tuzilsin.
5. Toshkent shahar va Toshkent viloyati hokimliklarining 2014-yil 1-yanvardan boshlab shahar va shahar atrofi yoʻnalishlarini maqbullashtirish, shahar atrofi yoʻnalishlarining oxirgi toʻxtash punktlarini Toshkent halqa avtomobil yoʻli boʻylab joylashtirish va yoʻlovchilarning shahar atrofi yoʻnalishlaridan shahar yoʻnalishlariga oʻtishlari uchun, eng qulay joylarda shahar atrofida qatnovchi yoʻnalishli taksilar toʻxtab turishi uchun maydonchalar tashkil etgan holda, sakkizta yoʻlovchi tashish transporti avtostansiyalari qurish haqidagi taklifi 4-ilovaga muvofiq qabul qilinsin.
6. Toshkent shahrida yoʻnalishli xususiy taksilarda yoʻlovchilar tashish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
7. “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik kompaniyasi:
bir oy muddatda xodimlarning moddiy manfaatdorligi va masʼuliyatini oshirishni, jamoat transporti korxonalarini boshqarish tizimini takomillashtirishni va yoʻlovchi tashuvlari tannarxini pasaytirishni nazarda tutgan holda avtobus saroylari, tramvay deposi va tegishli xizmatlarning boshqaruv xodimlari sonini maqbullashtirsin;
oʻz tuzilmasiga kiradigan tashkilotlarni qayta tashkil etishda kompaniyaning boʻshab qoladigan xodimlarini ishga joylashtirishga Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bilan birgalikda, belgilangan tartibda koʻmaklashsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Moliya vazirligi hamda Iqtisodiyot vazirligining 2014-yil 1-yanvardan boshlab “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik kompaniyasi tashkilotlarida, eng avvalo, haydovchilar tarkibining samarali mehnat natijalariga erishishdan, shu jumladan daromadlar boʻyicha prognozning bajarilishidan, harakat jadvaliga qatʼiy rioya qilishdan, xavfsizlikni va yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish sifatini taʼminlashdan, transport vositalaridan ehtiyotlab va samarali foydalanishdan manfaatdorligini oshirishning muhim omili sifatida mehnatga haq toʻlashning bazaviy tarif stavkasiga ragʻbatlantiruvchi toʻlovlar ulushini oshirishga yoʻnaltirilgan mehnatga haq toʻlashning yangilangan tizimini joriy etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
9. “Toshshahartransxizmat” uyushmasini, “Toshavtobustrans”, “Toshyoʻlovchi-taʼmirservis” aksiyadorlik kompaniyalarini va “Toshelektrotrans” davlat kompaniyasini tugatish komissiyasi 6-ilovaga muvofiq tarkibda tasdiqlansin.
Tugatish komissiyasi “Toshshahartransxizmat” uyushmasini, “Toshavtobustrans”, “Toshyoʻlovchitaʼmirservis” aksiyadorlik kompaniyalarini va “Toshelektrotrans” davlat kompaniyasini tugatishni ikki oy muddatda, belgilangan tartibda amalga oshirsin.
“Toshshahartransxizmat” uyushmasi, “Toshavtobustrans”, “Toshyoʻlovchi-taʼmirservis” aksiyadorlik kompaniyalari va “Toshelektrotrans” davlat kompaniyasi ularni tugatish tartibotlari boshlangungacha huquq va majburiyatlarning yangidan tashkil etilayotgan “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik kompaniyasiga oʻtkazilishini amalga oshirsinlar.
10. Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik kompaniyasi belgilangan tartibda:
7-ilovaga muvofiq aksiyadorlik jamiyatlari aksiyalarining davlat ulushini nominal qiymati boʻyicha, shuningdek boshqa tashkilotlarning mol-mulkini balans qiymati boʻyicha berish hisobiga “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik kompaniyasining boshlangʻich ustav fondini shakllantirsinlar;
tugatilayotgan “Toshshahartransxizmat” uyushmasi, “Toshavtobustrans”, “Toshyoʻlovchitaʼmirservis” aksiyadorlik kompaniyalari, “Toshelektrotrans” davlat kompaniyasi mol-mulkining qolgan balans qiymatini, mehnat huquqiy munosabatlaridan kelib chiqadigan hamda budjetga, davlat maqsadli jamgʻarmalariga, Taʼlim va tibbiyot muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash budjetdan tashqari jamgʻarmasiga toʻlovlar boʻyicha hisob-kitoblar tugagandan keyin, “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik kompaniyasining ustav fondiga oʻtkazsinlar;
“Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik kompaniyasining aksiyalari chiqarilishini taʼminlasinlar;
“3-son tramvay-trolleybus deposi” va “Shahar elektr transportlariga xizmat koʻrsatish shuʼbasi” unitar korxonalarining 8-ilovaga muvofiq boʻshab qolayotgan binolari va inshootlarini kimoshdi savdolarida sotsinlar.
“Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik kompaniyasi aksiyalar chiqarilishining davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi uchun yigʻimlar toʻlashdan va chiqarilayotgan aksiyalarning Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysida hisobga qoʻyilishi boʻyicha xizmatlarga haq toʻlashdan ozod qilinsin.
11. Belgilansinki:
tashkil etilayotgan “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik kompaniyasi aksiyalarining davlat paketi oʻzgalarga berilmaydi, shuningdek garovga qoʻyilmaydi va ikkilamchi qimmatli qogʻozlarni chiqarishni taʼminlashga xizmat qilmaydi;
“3-son tramvay-trolleybus deposi” va “Shahar elektr transportlariga xizmat koʻrsatish shuʼbasi” unitar korxonalarining qayta tashkil etilishi natijasida boʻshab qoladigan binolar va inshootlarga tutash hudud bilan birga, yangi mulkdorga sotilgunga qadar, mol-mulk soligʻi va yer soligʻi solinmaydi.
12. Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi, Toshkent shahar hokimligi Yoʻlovchi transportining barcha turlari harakatini litsenziyalash va muvofiqlashtirish departamenti Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiquvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsinlar;
idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
13. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2013-yil 13-noyabr,
308-son
Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 13-noyabrdagi 308-son qaroriga 1-ILOVA
2014-2015-yillar davrida Toshkent shahrida shahar yoʻlovchi tashish transportini tashkil etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari
KOMPLEKS DASTURI
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 27-iyundagi 171-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 26-son, 338-modda)
Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 13-noyabrdagi 308-son qaroriga 2-ILOVA
2013 — 2015-yillar davrida “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik kompaniyasida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish chora-tadbirlari
KOMPLEKSI
* Tadbirlar qiymati loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va tasdiqlash bosqichida aniqlashtiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 13-noyabrdagi 308-son qaroriga 3-ILOVA
Toshkent shahrida yoʻlovchi tashish transportini tashkil etish tizimini takomillashtirishga doir tasdiqlangan chora-tadbirlar kompleksi bajarilishi monitoringini olib borish boʻyicha doimiy faoliyat koʻrsatadigan muvofiqlashtiruvchi guruh
TARKIBI
Izoh. Muvofiqlashtiruvchi guruh aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan shaxslar kiritiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 13-noyabrdagi 308-son qaroriga 4-ILOVA
Yoʻlovchilarning shahar atrofi yoʻnalishidan shahar yoʻnalishlariga oʻtirishlari uchun Toshkent halqa avtomobil yoʻli boʻylab quriladigan va rekonstruksiya qilinadigan yoʻlovchi tashish stansiyalari
roʻyxati
Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 13-noyabrdagi 308-son qaroriga 5-ILOVA
Toshkent shahrida yoʻnalishli xususiy taksilarda yoʻlovchi tashish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Toshkent shahrida yoʻnalishli xususiy taksilarda yoʻlovchi tashish tartibi toʻgʻrisidagi ushbu Nizom (keyingi oʻrinlarda Nizom deb ataladi) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent shahrida yoʻlovchi tashish transportini tashkil etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2013-yil 9-oktabrdagi PQ-2048-son qarorini bajarish yuzasidan ishlab chiqilgan va yoʻlovchilar xavfsizligini, xizmat koʻrsatishning yuksak madaniyatini, yoʻlovchilar tashishni tashkil etish masalalarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarga rioya qilishni taʼminlash tamoyillaridan kelib chiqib Toshkent shahrida yoʻnalishli xususiy taksilarda yoʻlovchilar tashishni bajarish boʻyicha avtomobilda xususiy yoʻlovchi tashuvchilar uchun yagona tartib va shartlarni belgilaydi.
2. Yoʻnalishli taksilarda yoʻlovchilar tashish:
yoʻlovchilarni faqat oʻtirish oʻrindiqlari boʻyicha tashish, shuningdek muayyan yoʻlda qatnaydigan avtobuslarga taqqoslaganda yoʻlovchining vaqtini tejash hisobiga aholiga yuqori qulaylikdagi transport xizmatlari koʻrsatish maqsadida tashkil etiladi;
tegishli litsenziya, Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi Toshkent shahar transport boshqarmasi bilan ochiq tenderlar natijalari boʻyicha belgilangan tartibda tuzilgan muntazam yoʻnalishlarda yoʻlovchi tashish transporti xizmatlari koʻrsatish yuzasidan shartnoma (kontrakt) mavjud boʻlganda amalga oshiriladi;
“Shahar yoʻlovchilar tashish transporti toʻgʻrisida”, “Yoʻl harakati xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Avtomobil transportida yoʻlovchilar va bagajni tashish qoidalari, Oʻzbekiston Respublikasida Avtobuslarda yoʻlovchilar tashish xavfsizligini taʼminlashga doir talablar, shuningdek ushbu Nizom bilan tartibga solinadi;
faqat yoʻnalishli taksilar sifatida foydalanish uchun oʻz balansidagi yoki yuridik shaxslardan ijaraga olingan avtotransport vositalariga ega boʻlgan yoʻlovchi tashuvchilar — yuridik shaxslar tomonidan bajariladi.
II. Yoʻlovchilar tashish Yoʻnalishli taksilarda yoʻlovchi tashish turlari va ularni tashkil etish
3. Shahar yoʻnalishli taksi yoʻnalishlarini ochish (yopish) Toshkent shahar hokimligi yoki Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi Toshkent shahar transport boshqarmasi tomonidan amalga oshiriladi.
Yoʻnalishli taksining yangidan ochiladigan va foydalaniladigan har bir yoʻnalish uchun Avtomobil transportida yoʻlovchilar va bagaj tashish qoidalariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi Toshkent shahar transport boshqarmasi yoʻnalish pasporti tasdiqlanadi.
Yoʻnalishli taksining shahar yoʻnalishi sxemasi Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi bilan kelishiladi va Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi Toshkent shahar transport boshqarmasi tasdiqlanadi.
4. Yoʻnalishli taksilar yoʻnalishlari ish rejimi boʻyicha:
sutka, hafta kunlari, oylarning belgilangan davri mobaynida amal qiladigan doimiy yoʻnalishlarga;
koʻcha-yoʻl shoxobchalarida oldindan bilib boʻlmaydigan vaziyatlar yuzaga kelganda, ayrim uchastkalar, transport yoʻllari va maydonlar yopilganda joriy etiladigan vaqtinchalik yoʻnalishlarga boʻlinadi.
5. Yoʻnalishli taksilarning yoʻnalishlari shahar koʻchalarining oʻtkazish imkoniyati pastligi, yoʻlovchilar oqimining intensivligi va avtobusda yoʻlovchilar tashishning norentabelligi tufayli katta va oʻrtacha sigʻimli avtobuslardan foydalanish maqsadga muvofiq boʻlmagan yoʻnalishlarda ustun darajada tashkil etiladi.
6. Yoʻnalishli taksilarda yoʻnalishlar harakati jadvallar va harakat jadvali boʻyicha tashkil etiladi.
7. Yoʻnalishli taksilarda yoʻlovchilarni tashish yoʻnalishlar sxemalariga muvofiq amalga oshiriladi. Yoʻnalishli taksilar yoʻnalishlarini muntazam qatnaydigan avtobus yoʻnalishlari bilan qoʻshish 50 foizdan ortmasligi kerak.
8. Yoʻnalishli taksilarning shahar yoʻnalishlarida yoʻlovchilarga yoʻlkira uchun chipta haydovchilar tomonidan sotiladi.
Yoʻnalishli taksilarda yurganlik uchun tarif Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda Departament tomonidan Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda shakllantiriladi va Toshkent shahar hokimi tomonidan tasdiqlanadi.
Yoʻnalishli taksilarning shahar yoʻnalishlarida bir nafar yoʻlovchidan olinadigan toʻlov, yurish masofasidan qatʼi nazar, belgilangan miqdorda undiriladi.
9. Yoʻnalishli taksilarda yoʻlovchilar tayyorlovchi zavod tomonidan nazarda tutilgan oʻrindiqlar soniga muvofiq tashilishi kerak.
Yoʻnalishli taksida yoʻlovchilarni oʻtirishga moʻljallangan oʻrindiqlar sonidan ortiqcha tashish qatʼiyan taqiqlanadi.
Yoʻnalishli taksini qayta jihozlash faqat tayyorlovchi zavod tomonidan nazarda tutilgan hollarda va Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Yoʻl harakati xavfsizligi bosh boshqarmasining ruxsati bilan amalga oshiriladi.
10. Yoʻnalishli taksi salonida yoʻnalish harakati sxemasi va jadvali, avtotransport vositasining davlat raqami, haydovchining familiyasi, ismi, otasining ismi koʻrsatilgan va fotosurati yopishtirilgan, yoʻlkira qiymati, tashuvchining manzili va telefon raqami, litsenziya kartochkasining raqami va amal qilish muddati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan maʼlumot beruvchi jadvalcha boʻlishi kerak. Jadvalcha avtotransport vositasi salonida yoʻlovchilarning oʻqishi uchun qulay tarzda joylashtiriladi.
III. Yoʻnalishli taksilarda yoʻlovchilar tashishga qoʻyiladigan talablar
Faoliyati yoʻnalishli taksilardan foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan yoʻlovchi tashuvchilarga qoʻyiladigan talablar
11. Faoliyati yoʻnalishli taksilardan foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan yoʻlovchi tashuvchilar:
avtomobil transportida yoʻlovchilar tashish faoliyatini amalga oshirishda belgilangan litsenziya talablari va shartlari bajarilishini, yoʻlovchilarning xavfsizligini, xizmat koʻrsatishning zarur qulayliklari va shart-sharoitlarini, yoʻl harakati xavfsizligi hamda atrof muhitni muhofaza qilish qoidalariga rioya etilishini taʼminlaydilar;
yoʻnalishli taksilarning texnik holati qatnovdan oldin oʻz vaqtida koʻrikdan oʻtkazilishini, davriy texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlashni taʼminlaydilar;
haydovchilarning qonun hujjatlarida belgilangan ish va dam olish rejimiga rioya qiladilar;
haydovchilarning malakasini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratadilar, yoʻl harakati xavfsizligi masalalari boʻyicha yoʻl-yoʻriq beradilar va bilimlarini tekshiradilar;
haydovchilarni maxsus kiyim-bosh bilan taʼminlaydilar;
tibbiyot xodimlarini jalb etgan holda haydovchilarni majburiy va davriy tibbiy koʻrikdan oʻtkazishni, haydovchilarning yoʻl-transport hodisalarida jabrlanganlarga birinchi yordam berish koʻnikmalarini takomillashtirish tadbirlarini tashkil etadilar va amalga oshiradilar;
yoʻnalishli taksilarni boshqarishga faqat tegishli malakaga, zarur ish stajiga ega boʻlgan va tibbiy koʻrikdan oʻtgan shaxslarni qoʻyadilar;
fuqarolik javobgarligini sugʻurta qilish boʻyicha qonun hujjatlarida belgilangan majburiyatlar bajarilishini taʼminlaydilar;
transport vositalari bus-butun saqlanishini taʼminlaydilar.
Yoʻnalishli taksilarga qoʻyiladigan talablar
12. Yoʻnalishli taksilarning texnik holati, asbob-uskunasi, farqlanish belgilari va ularni axborot bilan taʼminlash umumiy va maxsus texnik reglamentlarning hamda avtotransport vositalari konstruksiyasining xavfsizligini taʼminlash, yoʻlovchilar tashish, yoʻl harakati va atrof muhitni muhofaza qilish boʻyicha boshqa normativ hujjatlarning majburiy talablariga qatʼiy javob berishi kerak.
13. Yoʻnalishli taksilar liniyaga chiqib ketishidan oldin ularning texnik holati qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qatnovdan oldin koʻrikdan oʻtkazilishi kerak.
14. Yoʻnalishli taksining texnik holatini qatnovdan oldin koʻrikdan oʻtkazish yoʻl varaqasiga belgi qoʻygan holda rasmiylashtiriladi va ushbu koʻriklarni oʻtkazishga vakil qilingan navbatchi mexanikning imzosi (shtampi) bilan tasdiqlanadi.
Yoʻlovchi tashuvchi avtotransport vositasining foydalanishga texnik tayyorligini oldindan taʼminlash maqsadida yoʻnalishli taksini qatnovdan keyin texnik koʻrikdan oʻtkazish huquqiga ega.
15. Yoʻnalishli taksilarga texnik xizmat koʻrsatish ishlari tartibi va ularni oʻtkazish davriyligi yoʻlovchi tashuvchi rahbarining buyrugʻi bilan tasdiqlanadi.
Avtotransport korxonasi (avtobus saroyi, kombinat, ixtisoslashtirilgan kolonna va boshqa ixtisosli korxona) tomonidan oʻtkaziladigan yoʻnalishli taksilarga texnik xizmat koʻrsatish va ularni taʼmirlash boʻyicha ishlar va xizmatlar yoʻl harakati xavfsizligi sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiq boʻlishi kerak.
16. Har bir yoʻnalishli taksiga avtotransport vositalariga texnik xizmat koʻrsatish va ularni taʼmirlash boʻyicha reglamentda belgilangan ishlar bajarilishini hisobga olishga moʻljallangan servis daftarcha rasmiylashtiriladi.
Servis daftarchada avtotransport vositalariga texnik xizmat koʻrsatish va ularni taʼmirlash ishlarini oʻtkazish sanasi va bajarilgan ishlarning tarkibi, foydalanilgan uzellar va detallarning nomi koʻrsatiladi. Servis daftarchadagi yozuvlar koʻrsatib oʻtilgan ishlarni bajarish uchun masʼul boʻlgan shaxsning imzosi (shtampi) bilan tasdiqlanadi.
Yoʻnalishli taksilar haydovchilariga qoʻyiladigan talablar
17. Yoʻlovchilar tashish uchun moʻljallangan yoʻnalishli taksilarni boshqarishga haydovchilik guvohnomasida “D” ruxsat beruvchi belgi boʻlgan, 21 yoshga toʻlgan, tibbiy koʻrikdan oʻtgan va kamida uch yillik haydovchilik stajiga ega boʻlgan shaxslar qoʻyiladi.
18. Yoʻnalishli taksilar haydovchilarini qatnovdan oldin tibbiy koʻrikdan oʻtkazish avtobus saroylari yoki “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik kompaniyasi tuzilmasiga kiruvchi boshqa avtotransport korxonalari shtatidagi tibbiy xodimlar tomonidan oʻtkaziladi.
19. Liniyada ishlayotgan paytda yoʻnalishli taksilarning haydovchilari:
tender kontraktga muvofiq ushbu yoʻnalishda ishlash huquqini tasdiqlaydigan guvohnomaga (shahodatnomaga);
tegishli litsenziya kartochkasiga;
harakat jadvali va yoʻnalish sxemasiga;
yoʻl varaqasiga;
chiptalarni hisobga olish varaqasiga ega boʻlishlari kerak.
Tashuvchining ishlab chiqarish bazasiga qoʻyiladigan talablar
20. Yoʻlovchi tashuvchining avtobus saroyi yoki “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik kompaniyasi tuzilmasiga kiruvchi boshqa avtotransport korxonasi hududida joylashgan ishlab chiqarish bazasi (bino, toʻxtab turish joyi, taʼmirlash sexlari) quyidagilarni taʼminlash boʻyicha talablar va shartlarga muvofiq boʻlishi kerak:
avtotransport vositalarini texnik jihatdan soz holatda saqlash;
ishlab chiqarish bazasi hududida avtotransport vositalarining but saqlanishi;
yongʻin xavfsizligi;
texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlash, texnika xavfsizligiga, avtotransport vositalarini qatnovdan oldin texnik koʻrikdan va haydovchilarning tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tartibiga rioya qilish;
yoʻl harakati xavfsizligi talablari taʼminlanishini hisobga olgan holda hududga kirish va undan chiqish uchun maxsus ajratilgan joylarning mavjudligi;
kirish (chiqish) uchun maxsus ajratilgan joyni aylanib oʻtib hududga kirish (undan chiqish) imkonini bermaydigan devor yoxud boshqa toʻsiqlar mavjudligi.
Yoʻnalishli taksilar ishini hisobga olish
21. Quyidagilar yoʻnalishli taksilar ishini hisobga oluvchi asosiy hujjatlar hisoblanadi:
avtotransport vositasining ishini tavsiflaydigan, liniyaga chiqishdan oldin belgilangan tartibda oʻtkaziladigan yoʻnalishli taksining texnik koʻrikdan va haydovchilarning tibbiy koʻrikdan oʻtganligi toʻgʻrisidagi belgilar qoʻyilgan tashuvchi tomonidan beriladigan yoʻl varaqasi;
yoʻlovchi tashuvchi tomonidan beriladigan oxirgi toʻxtash punktlarida yoʻnalishli taksining kelish-ketish vaqti va bajarilgan qatnovlar toʻgʻrisida dispetcherning belgilari qoʻyilgan chiptalarni hisobga olish varaqasi.
Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 13-noyabrdagi 308-son qaroriga 6-ILOVA
“Toshshahartransxizmat” uyushmasini, “Toshavtobustrans”, “Toshyoʻlovchitaʼmirservis” aksiyadorlik kompaniyalarini va “Toshelektrotrans” davlat kompaniyasini tugatish komissiyasi
TARKIBI
Izoh.
Komissiya aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda komissiya tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan shaxslar kiritiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 13-noyabrdagi 308-son qaroriga 7-ILOVA
Davlatga tegishli ulushlari (aktivlari) va mol-mulki “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik kompaniyasining ustav fondiga berilayotgan aksiyadorlik jamiyatlari va boshqa tashkilotlar
ROʻYXATI
Izoh. Davlat unitar korxonalari va shuʼba korxonalar ularning mol-mulki “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik kompaniyasining ustav fondiga kiritilgandan keyin “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik kompaniyasining unitar korxonalariga aylantiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 13-noyabrdagi 308-son qaroriga 8-ILOVA
“3-son tramvay-trolleybus deposi” DUK va “Shahar elektr transportiga xizmat koʻrsatish shuʼbasi” DUKning kimoshdi savdolarida sotiladigan mulkiy komplekslari
roʻyxati
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 46-son, 604-modda; 2015-y., 26-son, 338-modda; 2017-y., 33-son, 863-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.06.2018-y., 09/18/434/1339-son; 08.05.2020-y., 09/20/271/0565-son)
