Tuman hududidagi yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish jadvali va uni oʻtkazish boʻyicha tuman komissiyasining tarkibini tasdiqlash toʻgʻrisida (q-145-son)
08.04.2013
Navoiy viloyati Nurota tumani hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasining “Yoʻl harakati xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonunining 13-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 31-yanvardagi “Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 54-sonli va viloyat hokimining 2012-yil 6-fevraldagi q-15-sonli qarorlari ijrosini taʼminlash maqsadida hamda tumandagi xalq xoʻjalik tarmoqlari, shirkat va fermer xoʻjaliklar, kichik korxonalar, xususiy firmalar va fuqarolarga tegishli boʻlgan barcha transport vositalari sonini aniqlash, transport vositalarida sodir etilayotgan noqonuniy xatti-harakatlarni oldini olish, transport vositalarini qaysi boshqarma yoki idoralarga tegishliligi haqidagi maʼlumotlarni yigʻish, atrof muhit tozaligini saqlash maqsadida qaror qilaman:
1. Oʻzbekiston Respublikasining “Yoʻl harakati xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonunining 13-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 31-yanvardagi “Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 54-sonli va viloyat hokimining 2012-yil 6-fevraldagi q-15-sonli qarorlari rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Tuman hududidagi jismoniy va yuridik shaxslarga hamda tijorat asosida yoʻlovchilar uchun foydalaniladigan yengil avtomobillar, avtobuslar va oʻtiriladigan joylar soni 8 ta va undan ortiq boʻlgan (haydovchining oʻrindigʻidan tashqari) odamlarni muntazam tashish uchun jihozlangan yuk avtomobillari, yirik gabaritli, ogʻir vaznli va xavfli yuklarni tashuvchi maxsus transport vositalari, ularning tirkamalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish jadvali 1-ilovaga muvofiq, texnik koʻrikni oʻtkazish boʻyicha tuman komissiyasining tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Tuman Ichki ishlar boʻlimi Yoʻl harakati xavfsizligi guruhi (Y. Toshpoʻlotov) ga:
transport vositalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish, texnika vositalarini sugʻurtalanganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalar taqdim etilgandan soʻng amalga oshirilishiga alohida eʼtibor qaratish;
mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, texnik koʻrikdan oʻtgan har bir transport vositasini texnik koʻrikdan oʻtganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma bilan taʼminlash yuklatilsin.
4. Tuman hokimining birinchi oʻrinbosari Sh. Rustamov, tashkilot va korxonalar rahbarlari zimmasiga:
yillik davlat koʻrigini sifatli va oʻz muddatlarida oʻtkazish uchun yetarli texnik xodimlar bilan taʼminlash choralarini koʻrish;
texnik koʻrik jarayonida aholiga yengillik yaratish maqsadida tuman Yoʻl harakati xavfsizligi guruhi, sugʻurta xizmati bilan birgalikda texnik koʻrikni aholi tigʻiz joylashgan punktlarida tashkil etish;
shaxsiy transport vositalarining texnik koʻrigi jadvallarini belgilashda fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida dam olish kunlaridan toʻliq foydalanishni taʼminlash;
davlat transport vositalarini belgilangan jadval asosida texnik koʻrikdan oʻtkazishda tegishli toʻlovlarning birinchi navbatda undirilishini nazoratga olish yuklatilsin.
5. Yuridik shaxslarning hisobida turgan transport vositalarining soz holda boʻlishiga shaxsan rahbarlar masʼul ekanliklari belgilab qoʻyilsin va tuman hokimligi yigʻilishlarida tuman texnik koʻrik komissiyasining texnik koʻrikning oʻtkazilishi boʻyicha axborotlari har chorak yakunida tinglanib borilishi belgilab qoʻyilsin.
6. Tuman Ichki ishlar boʻlimi (F. Ergashev)ga mazkur qarorning ijrosi yuzasidan 2013-yilning 10-noyabriga qadar tuman hokimligiga yakuniy axborot taqdim etish topshirilsin.
7. Tuman hokimining 2012-yil 8-fevraldagi q-173-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
8. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish tuman hokimining birinchi oʻrinbosari Sh. Rustamov zimmasiga yuklatilsin.
9. Mazkur qaror rasmiy nashrda eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
Hokim Q. TURSUNOV
Nurota sh.,
2013-yil 8-aprel,
q-145-son
Tuman hokimining 2013-yil 8-apreldagi q-145-sonli qaroriga 1-ILOVA
Tuman hududidagi yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish
JADVALI
Eslatmalar: texnik koʻrikni oʻtkazish joyi va vaqti tuman komissiyasi tomonidan texnik koʻrikni sifatli oʻtkazishni hisobga olgan holda oʻzgartirilishi mumkin.
Tuman hokimining 2013-yil 8-apreldagi q-145-sonli qaroriga 2-ILOVA
Tuman hududidagi yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish boʻyicha
KOMISSIYA TARKIBI
