Gʻuzor tumanida 2014-yilda yangi ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturi toʻgʻrisida (IV/25-66-son)
30.08.2013
Qashqadaryo viloyati Xalq deputatlari Gʻuzor tumani Kengashining
Qarori
Gʻuzor tumanida aholini ish bilan taʼminlash va yangi ish oʻrinlari yaratish borasida ishlab chiqilgan aniq va manzilli dasturlar asosida 2013-yilning oʻtgan davrida qishloq va mahalla fuqarolar yigʻinlari, tegishli idoralar, korxona va tashkilotlar tomonidan yangi ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash, tadbirkorlik, kichik biznes, kasanachilikni va bandlikning boshqa samarali shakllarini rivojlantirish boʻyicha muayyan ishlar amalga oshirildi. Oʻtgan 6 oyda iqtisodiyot tarmoqlarida turli moliyaviy manbalar hisobidan jami 3,2 mingta yangi ish oʻrinlari yaratilishi kutilmoqda (dasturga nisbatan 106,5 foiz).
Tahlillar yangi ish oʻrinlari yaratish yuzasidan yillik dastur barcha parametrlari ortigʻi bilan bajarilishini koʻrsatmoqda.
Endigi asosiy vazifalardan biri 2014-yilda aholi bandligini taʼminlash va yangi ish oʻrinlari yaratish boʻyicha barcha imkoniyatlarni inobatga olgan holda aniq va manzilli dastur ishlab chiqilishini taʼminlashdan iboratdir.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumati tomonidan aholini ish bilan taʼminlashni yaxshilash va uning turmush farovonligini oshirish, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng muhim ustuvor yoʻnalishlaridan biri qilib belgilab berilgan.
Aholini ish bilan taʼminlash va yangi ish oʻrinlari yaratish 2014-yilda ham eng ustuvor masalalardan biri boʻlishini chuqur his qilgan holda tuman hokimligi, korxona va tashkilotlar, fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlari bilan hamkorlikda tumanda aholi bandligini taʼminlash va yangi ish oʻrinlari yaratish dasturining loyihasini tayyorlash boʻyicha ishlar olib borilmoqda.
Tumanda 2014-yilda ish joylariga boʻlgan ehtiyoj va qoʻshimcha yangi ish oʻrinlari tashkil etish boʻyicha takliflar oʻrganib chiqilganda, yangi ish joylariga boʻlgan ehtiyoj jami 6,1 mingtani, jumladan, ishga joylashishga muhtojlar 1,2 mingtani, mehnat resurslarining iqtisodiy faol aholi qismi oʻsishi 1,6 mingtani, shundan kasb-hunar kolleji bitiruvchilari 1,8 mingtani, mehnat resurslarining iqtisodiy faol aholi qismi kamayishi (pensiyaga chiqqanlar, vafot etganlar va boshqalar) hisobiga 430 tani, tashqi mehnat migratsiyasidan qaytganlar hisobiga 1,2 mingtani tashkil etmoqda.
2014-yilda tashkil qilinadigan yangi ish oʻrinlari 6,1 mingtaga yaʼni, yangi ish joylariga boʻlgan ehtiyojni qondirish darajasi 97,3 foizni, mavjud boʻsh va vakant ish joylariga ishga joylashtirish 429 taga toʻgʻri kelmoqda.
Bundan tashqari tumanda har bir fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va aholi yashash punktlaridagi mavjud imkoniyatlar, shuningdek joylarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlariga kiritilgan obyektlar hamda tadbirkorlik subyektlarining rejalari inobatga olinib, fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlari kesimida aniq va manzilli dasturlar tayyorlanmoqda. Shuningdek, moliyaviy mablagʻ miqdori va manbalari aniq hisob-kitob qilinmoqda.
Bundan tashqari, ijtimoiy obyektlarni foydalanishga topshirish, “Sanoat korxonalarini kengaytirish, texnik qayta qurollantirish va modernizatsiya qilish chora-tadbirlari” dasturi va boshqa yangi ish oʻrinlari yaratish koʻzda tutilgan dasturlardagi koʻrsatkichlar ham olib chiqilib, ish oʻrinlari yaratish dasturiga kiritilmoqda.
Shuningdek, tumandagi tijorat banklarining kredit portfelidan kelib chiqib, aholiga va tadbirkorlik subyektlariga beriladigan imtiyozli kreditlari hisobiga yaratiladigan ish oʻrinlari ham inobatga olinmoqda.
2013 — 2015-yillarda tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturining soʻzsiz bajarilishini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligiga erishish, aholini ish bilan taʼminlash va yangi ish oʻrinlari yaratishni taʼminlash maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasining “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 17-moddasi hamda “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 24-moddasiga asosan Xalq deputatlari Gʻuzor tuman Kengashi qaror qiladi:
1. 2014-yil davomida tumanda yaratiladigan yangi ish oʻrinlarining parametrlari 1-ilovaga hamda tuman Ishchi komissiyasi tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Tuman Ishchi komissiyasi tomonidan 2014-yilda yangi ish joylari yaratish hududiy dasturlari parametrlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 28-noyabrdagi PF-4058-sonli Farmoni (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 49-son, 477-modda) bilan tasdiqlangan moliyaviy inqirozga qarshi kurash choralari doirasida shakllantirilganligi maʼqullansin.
Ishchi komissiyasining hududlarga biriktirilgan aʼzolariga:
har oyda biriktirilgan hududga chiqqan holda 2014-yilda yangi ish oʻrinlari yaratish va aholi bandligini taʼminlash dasturi ijrosini tanqidiy oʻrganib, hokimlik va mutasaddi tashkilotlar ishtirokida muhokama etib borish;
hududiy dasturlarni amalga oshirishda yoʻl qoʻyilayotgan qoloqlik va muammolarni aniqlab, ularni bartaraf qilish yuzasidan tegishli choralarni koʻrish;
belgilangan vazifalarni talab darajasida bajarmagan tarmoqlar, hokimlik, masʼul davlat organlari, tijorat banklari va korxonalar rahbarlarining masʼuliyatini koʻrib chiqish yuzasidan Tuman Ishchi komissiyasiga takliflar kiritib borish;
hududiy dasturlarga kiritilgan obyektlarning oʻz vaqtida ishga tushirilishi, dastur parametrlarining toʻliq va sifatli bajarilishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatish vazifalari yuklatilsin.
3. Tuman iqtisodiyot boʻlimi (X.U. Maxammadiyev):
ushbu parametrlar boʻyicha mutasaddi tashkilotlar bilan kelishgan holda 2014-yilda har bir qishloq va mahalla fuqarolar yigʻinlarida yaratiladigan yangi ish oʻrinlari parametrlarini yana bir marotaba tahlil qilib, tuman hokimligiga taqdim etish;
2014-yilda yangi ish oʻrinlari yaratish va aholi bandligini taʼminlash dasturining ijrosi monitoringini yuritishda investitsiya, lokalizatsiya, tarmoqlar, hududlarni, ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish va boshqa maqsadli dasturlar ijrosiga alohida eʼtibor qaratish vazifalari yuklatilsin.
4. Tumandagi barcha tijorat banklari boshqaruvchilariga:
tasdiqlangan reja-grafigiga muvofiq tijorat banklari tomonidan 2014-yilda yangi ish joylari yaratish uchun kreditlarning belgilangan muddatlarda ajratilishini qatʼiy nazoratga olish, mablagʻlar ajratilishini joylarga chiqqan holda hokimlik vakillari, tijorat banklari masʼul xodimlari va tadbirkorlar ishtirokida muhokama etib, zarur choralarini koʻrish;
OATB “Mikrokreditbank” Gʻuzor mini banki (M.A. Allayev) tuman hokimligi bilan birgalikda qishloq joylarda xizmat koʻrsatish va servis obyektlarini ishga tushirish uchun imtiyozli kreditlar ajratish reja-jadvalini ishlab chiqish va amalga oshirish tavsiya etilsin.
5. Gʻuzor tumani “Axborot-maslahat markazi” unitar korxonasi (F.K. Raxmatova)ga:
xususiy tadbirkorlik, kichik biznes va xizmatlar sohasini rivojlantirish, ularga qulay shart-sharoitlar yaratib berish;
kichik biznes subyektlarining tashkil etilishi va faoliyat koʻrsatishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishini joylarga chiqib oʻrgansin hamda mavjud muammolarni hal etish boʻyicha zaruriy choralarni koʻrish;
iqtisodiy nochor va ishlamasdan turgan korxonalar faoliyatini qayta tiklash xamda ularda yangi ish oʻrinlari yaratish chora-tadbirlariga asosiy masʼul etib belgilansin hamda iqtisodiy nochor va ishlamasdan turgan korxonalar faoliyatini qayta tiklash va ularda yangi ish oʻrinlari yaratishning prognoz parametrlari ijrosining taʼminlanishini qatʼiy nazoratga olish topshirilsin.
6. Tuman davlat soliq inspeksiyasi (U.S. Butayorov) noqonuniy tarzda tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishni oldini olish, ularni rasmiylashtirish va yangidan tadbirkorlik tashkil etish ehtiyojida boʻlgan fuqarolarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlasin.
7. Tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi (S.X. Oltibayev), Iqtisodiyot boʻlimi (X.U. Maxammadiyev) bilan birgalikda 2014-yilda yangi ish oʻrinlari yaratish va aholi bandligini taʼminlash dasturi ijrosining har oylik tizimli monitoringini hududlar va tarmoqlar kesimida amalga oshirib, dastur ijrosi haqida umumlashgan maʼlumotlar va takliflarni tuman hokimligiga har oy (hisobot oyi uchun keyingi oyning 5-sanasiga) kiritib borsin.
8. Tuman statistika boʻlimi (N.S. Safarov), tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi (S.X. Oltibayev) bilan birgalikda barcha chora-tadbirlar hisobiga yaratilayotgan yangi ish oʻrinlari hisobining yuritilishini taʼminlasin.
9. Tuman ishchi komissiyasiga:
2014-yilda yangi ish joylari yaratish va aholi bandligini taʼminlash dasturi ijrosi haqidagi maʼlumotlarni har oyda (hisobot oyi uchun keyingi oyning 5-sanasiga) tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markaziga taqdim etib borishlari shartligini belgilab qoʻyish;
2014-yilda yangi ish oʻrinlari yaratish va aholi bandligini taʼminlash dasturining tasdiqlangan asosiy parametrlarini 2014-yilda yangi tashkil etiladigan va kengaytiriladigan obyektlar (korxonalar, tashkilotlar, muassasalar, tadbirkorlik subyektlari, fermer va dehqon xoʻjaliklari) kesimida muddatlar, moliyaviy manbalar, masʼullar boʻyicha aniqlashtirilgan holda tasdiqlash;
2014-yildan boshlab har oyda Xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari bilan birgalikda 2014-yilda yangi ish oʻrinlari yaratish va aholi bandligini taʼminlash hududiy dasturining tasdiqlangan parametrlari bajarilishi, manzilli roʻyxatlarga kiritilgan obyektlarning ishga tushirilishi va belgilangan ish joylarining yaratilishini muhokama etib borish;
har bir ishchi komissiya aʼzolari tarkibida manfaatdor tashkilotlar rahbarlari kiritilgan ishchi guruhlari tashkil etilsin, ular zimmasiga yangi ish joylari yaratish va aholi bandligini taʼminlash choralarini koʻrish, manzilli dasturga kiritilgan korxonalarning tashkil etilishi va faoliyat yuritishini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, jumladan, roʻyxatdan oʻtkazish, moddiy-texnika resurslaridan va muhandislik kommunikatsiyalaridan foydalanish, dastlabki sarmoyani shakllantirish va kreditlar olish, soliqqa tortish, mahsulotni sotish kabi muammolarni aniqlash va joyida hal etish choralarini koʻrish vazifalari yuklatilsin.
10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Xalq deputatlari tuman Kengashining doimiy komissiyalari raislari T.S. Xolmatov, U.X. Karayev, F.E. Quvatov, D.E. Xadjiqulova, S.Y. Nurillayev, P.B. Raxmatullayev hamda tuman hokimining birinchi oʻrinbosari Oʻ.X. Panjiyev va hokim oʻrinbosarlari S.D. Gʻaniyev, D.E. Xadjiqulova zimmalariga yuklatilsin.
11. Ushbu qaror rasman eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Xalq deputatlari tuman Kengashi raisi Sh. DONAYEV
Gʻuzor sh.,
2013-yil 30-avgust,
IV/25-66-son
Xalq deputatlari tuman Kengashining 2013-yil 30-avgustdagi IV/25-66-sonli qaroriga 1-ILOVA
2014-yil uchun ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash
DASTURI
Xalq deputatlari tuman Kengashining 2013-yil 30-avgustdagi IV/25-66-sonli qaroriga 2-ILOVA
Gʻuzor tumanida “2014-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturi”ni ishlab chiqish va ijrosi monitoringini taʼminlash boʻyicha hududiy Ishchi komissiya
TARKIBI
(“Gʻuzor hayoti” gazetasi, 05.09.2013-y., 33 (7814)-son)
