2013-yilda haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil etish toʻgʻrisida (160-q-son)
11.02.2013
Xorazm viloyati Bogʻot tumani hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 22-moddasiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 19-iyuldagi 353-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil qilish toʻgʻrisida”gi nizomga asosan qaror qilaman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 19-iyuldagi 353-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil qilish toʻgʻrisida”gi nizomning 5-bandiga muvofiq 2013-yilda ishsiz deb eʼtirof etilgan fuqarolar uchun haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil etish ilovaga muvofiq korxona, tashkilot va fermer xoʻjaliklariga yuklatilsin.
2. Tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi (M. Boltayev)ga 1-ilovada* keltirilgan korxona, tashkilot va fermer xoʻjaliklari bilan tegishli shartnomalar tuzib, haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil etish vazifasi topshirilsin.
3. Tegishlicha korxona, tashkilot va fermer xoʻjaliklari rahbarlari:
tashkil etiladigan haq toʻlanadigan jamoat ishlarini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 19-iyuldagi 353-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil etish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga muvofiq belgilangan tartibda ishsiz deb eʼtirof etilgan fuqarolar uchun ularning maxsus dastlabki kasb tayyorgarligini talab qilmaydigan, mehnat faoliyatining vaqtincha turlariga muvofiq boʻlishini;
tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi tomonidan yuborilgan fuqarolarni har oy davomida kamida ikki hafta muddatga haq toʻlanadigan jamoat ishlari bilan taʼminlanishini;
tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi tomonidan yuborilgan fuqaro bilan ish beruvchi muddatli mehnat shartnomasi tuzsin va amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshirilishini taʼminlasin;
tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi tomonidan yuborilgan fuqaro bilan ish beruvchi muddatli mehnat shartnomasi tuzishda, haq toʻlanadigan jamoat ishlariga jalb qilingan fuqarolar mehnatiga haq toʻlash xarajatlari, Bogʻot tuman hokimligiga qarashli korxonalar, muassasalar va tashkilotlar boʻyicha — ellik foizi ish beruvchilar mablagʻlari va ellik foiz mahalliy budjet va ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga;
boshqa korxonalar, muassasalar va tashkilotlar boʻyicha — yetmish besh foizi ish beruvchilar mablagʻlari va yigirma besh foizi ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga amalga oshirilsin.
4. Tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi (M. Boltayev) bir hafta mobaynida qarorning 2-ilovada* koʻrsatilgan korxona, tashkilot va fermer xoʻjaliklari rahbarlari eʼtiboriga yetkazsin va qarorning bajarilishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatilishini taʼminlasin.
* 1 va 2-ilovalar berilmaydi.
5. Tuman hokimining “Haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil etish toʻgʻrisida”gi 2012-yil 28-yanvardagi 72-q-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
6. Qaror rasmiy eʼlon qilinsin va davlat hisobiga olish uchun adliya boshqarmasiga taqdim etilsin.
7. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish tuman hokimining oʻrinbosari Q. Rajabov zimmasiga yuklatilsin.
Hokim v.b. E. AVEZOV
Bogʻot sh.,
2013-yil 11-fevral,
160-q-son
