2011-2015-yillarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari negizida axborot-kutubxona va axborot-resurs xizmatlari koʻrsatishni sifat jihatidan rivojlantirishni davom ettirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PQ-1487-son)
23.02.2011
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 20-iyundagi “Respublika aholisini axborot-kutubxona bilan taʼminlashni tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-381-son qarorida nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish doirasida adabiyot fondining oʻsishini taʼminlash, kutubxona ishiga eng yangi axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, shuningdek, aholining mamlakat axborot-kutubxona resurslaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha rejali va tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Hozirgi vaqtda Oʻzbekiston Respublikasida 6,3 million kitobxonga axborot xizmatlarini koʻrsatuvchi 11026 ta axborot-kutubxona muassasasi faoliyat koʻrsatmoqda. Adabiyotning umumiy fondi 83,6 million saqlov birligini, shu jumladan 3,5 mln elektron formatda saqlov birligini tashkil etadi.
Barcha axborot-kutubxona markazlarida Internet tarmogʻiga chiqadigan mahalliy tarmoqlar (“ZiyoNET”) tashkil etildi, respublika taʼlim muassasalarining 1639 ta axborot-resurs markazlarida (91%) mahalliy tarmoqlar tashkil etildi, 1380 ta markaz (76,5%) Internet tarmogʻiga ulandi (ZiyoNET).
Kutubxona muassasalarini zamonaviy kompyuter va tashkiliy texnika bilan jihozlash boʻyicha ishlar amalga oshirildi, kompyuterlar soni 2,8 barobar, koʻpaytirish va skanerlash texnikasi 2,3 barobar koʻpaydi.
Aholiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida axborot-kutubxona xizmatining koʻrsatilishini yanada sifat jihatidan yangi bosqichga oʻtishni taʼminlash, axborot-kutubxona muassasalarini yagona axborot makoniga birlashtirish, oʻsib kelayotgan yosh avlodning intellektual ehtiyojlarini qondirish, madaniy, maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash va saqlash, taʼlim muassasalari oʻquvchilari va aholining taʼlim tizimi va mustaqil oʻqishini rivojlantirish maqsadida:
1. Aholiga axborot-kutubxona va axborot-resurs xizmatlarini koʻrsatishni yanada sifatli rivojlantirish sohasidagi asosiy vazifalar sifatida quyidagilar belgilansin:
axborot-kutubxona xizmatlarini koʻrsatish sohasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish boʻyicha yagona yondashuv va standartlarni ishlab chiqish;
elektron resurslar fondini, shu jumladan, maʼnaviy boy va har tomonlama kamol topgan shaxsni ijodiy rivojlantirish uchun birinchi navbatda maʼnaviy-axloqiy, madaniy-tarixiy, ilmiy va maʼrifiy ahamiyatga ega boʻlgan bosma nashrlarning elektron nusxalarini yaratish yoʻli bilan shakllantirish;
aholining keng qatlamlari uchun zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida, shu jumladan “ZiyoNET” tarmogʻi orqali birlashtirilgan axborot-kutubxona resurslaridan keng koʻlamda foydalanish imkoniyatini taʼminlash;
axborot-kutubxona muassasalarining yigʻma elektron katalogini yaratish va elektron hujjatlar yetkazib berish xizmatini tashkil etish asosida axborot resurslaridan oʻzaro foydalanishni muvofiqlashtirish;
axborot-kutubxona muassasalarini yanada rivojlantirish, ularni zamonaviy kompyuter, telekommunikatsiya va tashkiliy texnika bilan jihozlash, elektron kutubxona zallarini yaratish, integratsiyalashgan axborot-kutubxona tarmogʻiga ulash boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;
axborot-kutubxona muassasalari mutaxassislarini zamonaviy axborot-kutubxona texnologiyalari boʻyicha oʻqitish tizimini yanada takomillashtirish, ularni qayta tayyorlash va malakasini oshirish.
2. Tasdiqlansin:
2011 — 2015-yillarga normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, axborot-kutubxona muassasalarini jihozlash, respublikaning integratsiyalashgan axborot-kutubxona tarmogʻini yaratish, elektron axborot-kutubxona resurslari fondini shakllantirish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash boʻyicha chora-tadbirlar dasturini (keyingi oʻrinlarda — Dastur) 1-ilovaga muvofiq;
2011 — 2015-yillarga elektron kutubxonalarni bosqichma-bosqich shakllantirish, axborot-kutubxona muassasalarini jihozlash, elektron axborot-kutubxona resurslari fondini shakllantirish, yuqori malakali kadrlar tayyorlashning maqsadli parametrlari 2-ilovaga muvofiq.
Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, yaratilayotgan raqamli kutubxonalar (jami — 1815 ta zallar) amaldagi axborot-kutubxona muassasalari xonalarida joylashtiriladi hamda tegishli kompyuter va telekommunikatsiya texnikasi bilan belgilangan tartibda jihozlangan boʻladi.
3. Yaratilsin:
A. Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi tomonidan nazarda tutilgan budjetdan ajratiladigan mablagʻlar doirasida shtatlar soni 12 birlikni oʻz ichiga olgan yuridik shaxsni tuzgan holda A. Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi tarkibidagi Yigʻma elektron katalog respublika markazi;
Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligiga idoraviy mansub Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining axborot-kutubxona markazlari tuzilmalarida, ularning taʼminoti uchun nazarda tutilgan budjetdan ajratiladigan mablagʻlar doirasida har biri 2 birlikni oʻz ichiga olgan yigʻma elektron katalog sektorlari.
4. Respublika Axborot-kutubxona tizimi faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha idoralararo kengash (Sh.M. Mirziyoyev) mazkur qaror bilan tasdiqlangan Dastur amalga oshirilishi jarayoni ustidan belgilangan maqsadli parametrlarga qatʼiy rioya qilgan holda tizimli nazorat oʻrnatsin, Dastur amalga oshirilishining natijalari har chorakda Vazirlar Mahkamasi majlislarida koʻrib chiqilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2011-yildan boshlab har yili Dasturga muvofiq tadbirlarni amalga oshirish uchun zarur budjet mablagʻlarini ajratsin.
6. Belgilab qoʻyilsinki, respublikada ishlab chiqarilmaydigan uskunalar, materiallar va nashr etilmaydigan kitoblar va davriy nashrlar, shu jumladan axborot-kutubxona muassasalari uchun moʻljallangan elektron nashrlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxatlar boʻyicha 2015-yil 31-dekabrgacha bojxona toʻlovlari toʻlanmasdan (bojxonada rasmiylashtirish yigʻimlaridan tashqari) respublikaga olib kiriladi.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2011-yil 23-fevral,
PQ-1487-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 23-fevraldagi PQ-1487-son qaroriga 1-ILOVA
2011 — 2015-yillarda normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, axborot-kutubxona muassasalarini jihozlash, respublikaning integratsiyalashgan axborot-kutubxona tarmogʻini yaratish, elektron axborot-kutubxona resurslari fondini shakllantirish, yuqori malakali kadrlarni tayyorlash boʻyicha
DASTUR
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 23-fevraldagi PQ-1487-son qaroriga 2-ILOVA
2011 — 2015-yillarda elektron kutubxonalarni bosqichma-bosqich shakllantirish, axborot-kutubxona muassasalarini jihozlash, elektron axborot-kutubxona resurslari fondini shakllantirish, yuqori malakali kadrlarni tayyorlashning
MAQSADLI KOʻRSATKICHLARI
* Axborot-kutubxona resurslarini elektron formatda shakllantirish boʻyicha ishlarni tashkil etishni muvofiqlashtirish va ularning takrorlanishini bartaraf etish Respublika axborot-kutubxona tizimi faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha idoralararo kengash tomonidan amalga oshiriladi.
