Tuproq bonitirovkasi ishlarini oʻtkazish va hujjatlarini tasdiqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (2521-son)
07.11.2013
Oʻzbekiston Respublikasi YER RESURSLARI, GEODEZIYA, KARTOGRAFIYA VA DAVLAT KADASTRI DAVLAT QOʻMITASINING
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2013-yil 7-noyabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2521]
Oʻzbekiston Respublikasining Yer kodeksi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-y., 5-6-son, 82-modda), “Davlat yer kadastri toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-y., 9-son, 165-modda) va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 19-oktabrdagi 483-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 42-son, 446-modda) muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Tuproq bonitirovkasi ishlarini oʻtkazish va hujjatlarini tasdiqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais S. ARABOV
Toshkent sh.,
2013-yil 30-oktabr,
21-son
Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasining 2013-yil 30-oktabrdagi 21-sonli qaroriga ILOVA
Tuproq bonitirovkasi ishlarini oʻtkazish va hujjatlarini tasdiqlash tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining Yer kodeksi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-y., 5-6-son, 82-modda), Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat yer kadastri toʻgʻrisida”gi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-y., 9-son, 165-modda) muvofiq, tuproq bonitirovkasi ishlarini oʻtkazish va hujjatlarini tasdiqlash tartibini belgilaydi.
I bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
tuproq sifatini baholash (tuproq bonitirovkasi) — tuproqning sifati va tabiiy unumdorlik qobiliyatini 100 balli shkala boʻyicha qiyosiy baholash;
tuproq bonitirovkasi ishlari buyurtmachisi — Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi (bundan buyon matnda Qishloq xoʻjaligi vazirligi deb yuritiladi);
tuproq bonitirovkasi ishlari bajaruvchisi — Qishloq xoʻjaligi vazirligi tasarrufidagi tashkilotlar.
2. Tuproq bonitirovkasi maʼlumotlari qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer maydonlarining keyingi qiymat bahosini chiqarish, mulkiy paylarning miqdorini aniqlash, yer tuzishni amalga oshirish va yerlardan oqilona va samarali foydalanishni ragʻbatlantirish uchun asos boʻladi.
3. Tuproq bonitirovkasi tegishli qishloq xoʻjaligi maydonlari uchun yuz balli shkala boʻyicha oʻtkaziladi.
4. Tuproq bonitirovkasi ishlari huquqiy holati tegishli hujjat (vakolatli organning qarori) asosida belgilangan yoki tumanning yer kadastri daftarida tegishli yozuv bilan qayd etilgan barcha sugʻoriladigan va lalmi qishloq xoʻjaligi yer maydonlarida oʻtkaziladi.
Tuproq bonitirovkasi ishlari bajarilgandan keyin, yangi oʻzlashtirilgan yerlar sugʻoriladigan qishloq xoʻjaligi yer maydoni sifatida hisobga (balans) olingan boʻlsa, u holatda keyingi tur tuproq bonitirovkasi ishlari oʻtkazilgunga qadar, hududning oʻrtacha bali miqdorida belgilanadi.
5. Qishloq xoʻjaligi vazirligi tuproq bonitirovkasi ishlarini muvofiqlashtiradi hamda uslubiy rahbarlik qiladi.
II bob. Tuproq bonitirovkasi ishlarini tashkil etish
6. Tuproq bonitirovkasi ishlari Qishloq xoʻjaligi vazirligining rejasiga muvofiq, sugʻoriladigan qishloq xoʻjalik yer maydonlarida har besh yilda va lalmi yer maydonlarida har oʻn yilda bir marta oʻtkaziladi hamda tuman hududini toʻliq qamrab oladi.
7. Tabiiy talofatlar, texnogen taʼsirlar, tegishli hududda tuproq-meliorativ ishlarning bajarilishi natijasida, tuproqning unumdorlik darajasi oʻzgargan taqdirda, ayrim yer maydonlarida tuproq bonitirovkasi ishlari fermer xoʻjaliklari va yerdan foydalanuvchi boshqa shaxslarning murojaatiga yoki tuman (shahar) fermerlar kengashining qaroriga muvofiq qayta oʻtkazilishi mumkin.
8. Tuproq bonitirovkasi ishlari buyurtmachisi:
tuproq bonitirovkasi ishlarini oʻtkazish rejalarini tuzishi;
tegishli viloyat hokimligini tuproq bonitirovkasi ishlarini oʻtkazish rejasidan xabardor qilishi;
tuproq bonitirovkasi ishlarini bajarish boʻyicha tuproq bonitirovkasi ishlari bajaruvchisi bilan shartnoma tuzishi;
tuproq bonitirovkasi ishlarini bajarish dasturini tasdiqlash;
tuproq bonitirovkasi ishlarini oʻtkazish muddati hamda nazorat qilish tizimini belgilashi;
tuproq bonitirovkasi ishlarini qabul qilish, koʻrib chiqish va uning natijalarini yer kadastri hujjatlariga kiritishi, zarur boʻlgan hollarda Qishloq xoʻjaligi vazirligining ilmiy texnik kengashida muhokama etishi shart.
9. Tuproq bonitirovkasi ishlarini tashkil etish va oʻtkazishda tuman hokimliklari:
tuproq bonitirovkasi ishlarini oʻtkazish boʻyicha tegishli farmoyish qabul qiladi;
tuproq bonitirovkasi ishlarini oʻtkazish uchun zarur boʻlgan materiallarni tuproq bonitirovkasi ishlari bajaruvchisiga taqdim etadi;
yakuniy maʼlumotlarni tasdiqlaydi.
10. Tuproq bonitirovkasi ishlari yakuniy maʼlumotlarini koʻrib chiqish boʻyicha har bir tumanda komissiya tuziladi. Mazkur komissiya tarkibiga tuman hokimining oʻrinbosari (rais), tuman qishloq xoʻjaligi boʻlimi boshligʻi (rais oʻrinbosari), tuman (shahar) fermerlar kengashi va tuproq bonitirovkasi ishlari bajaruvchisining vakili kiritiladi.
11. Tuproq bonitirovkasi ishlari yakuniy maʼlumotlarini koʻrib chiqish boʻyicha komissiya:
tuproq bonitirovkasi ishlari boʻyicha yakuniy maʼlumotlarni koʻrib chiqadi, tuproqning ball boniteti ilgarigiga nisbatan pasayganligi aniqlangan taqdirda, tuproqning ball boniteti pasayganligi sabablarini oʻrganadi va ball bonitetini saqlash va oshirish boʻyicha zarur choralarni koʻradi;
tuproq bonitirovkasi ishlari boʻyicha yakuniy maʼlumotlarning koʻrib chiqilganligi toʻgʻrisida dalolatnoma rasmiylashtiradi.
12. Tuproq bonitirovkasi ishlari bajaruvchisi:
tuproq bonitirovkasi ishlarini oʻtkazadi;
yer maydonlarining oʻrtacha bonitet ballari va klasslar boʻyicha guruhlashtirilgan maʼlumot tayyorlaydi;
zarur boʻlgan hollarda, Qishloq xoʻjaligi vazirligining ilmiy texnik kengashida koʻrib chiqish uchun tuproq bonitirovkasi ishlari hujjatlarini tayyorlaydi;
tuproq bonitirovkasi ishlari boʻyicha tayyorlangan yakuniy maʼlumotlarni tuproq bonitirovkasi ishlari buyurtmachisiga topshiradi.
III bob. Tuproq bonitirovkasi ishlarini oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish
13. Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan tasdiqlangan texnik topshiriqqa asosan, tuproq bonitirovkasi ishlari bajaruvchisi tuproq bonitirovkasi ishlarini oʻtkazish uchun tegishli shartnoma tayyorlaydi va tasdiqlash uchun tuproq bonitirovkasi ishlari buyurtmachisiga taqdim etadi.
14. Tuproq bonitirovkasi ishlarini oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish tuproq bonitirovkasi ishlari bajaruvchisi tomonidan amalga oshiriladi.
Tuproq bonitirovkasi ishlarini oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
tuproq tadqiqotlari maʼlumotlarini, yer kadastri hujjatlari va kartalarini yigʻish, oʻrganish hamda tahlil qilish;
texnik topshiriqqa asosan, tuproq bonitirovkasi ishlarini bajarish dasturini ishlab chiqish;
yer maydonlari chegaralariga oʻsha joyning oʻzida aniqlik kiritish va dala kartalariga belgilash;
yer maydonlarida tuproq bonitirovkasi ishlari oʻtkaziladigan fermer xoʻjaliklari va yerdan foydalanuvchi boshqa shaxslarning tasdiqlangan roʻyxatini tuman qishloq xoʻjaligi boʻlimidan olish.
IV bob. Tuproq bonitirovkasi ishlarini oʻtkazish
15. Tuproq bonitirovkasi ishlarida tuproqlarning asosiy xossalari va tabiiy sharoitlari (tuproqlarning genetik kelib chiqishi, mexanik tarkibi, gumus miqdori, ozuqa elementlari bilan taʼminlanganligi, shoʻrlanish darajasi, eroziyalanganligi, toshloqliligi, gipsliligi, termik resurslar bilan taʼminlanganligi va boshqa tabiiy omillari) hisobga olinadi.
16. Tuman hududini toʻliq qamrab olgan tuproq bonitirovkasi ishlari asosida texnik hisobot, tumandagi sugʻoriladigan va lalmi qishloq xoʻjaligi yer maydonlarining oʻrtacha bonitet ballari va klasslari boʻyicha guruhlashtirilgan jadvali mazkur Nizomning ilovasiga muvofiq shaklda tuziladi.
17. Tuproq bonitirovkasi ishlari bajaruvchisi tuproq bonitirovkasi ishlarining aniqligi, toʻliqligi va sifati uchun masʼul hisoblanadi.
V bob. Tuproq bonitirovkasi ishlarini nazorat qilish
18. Tuproq bonitirovkasi ishlari Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan nazorat qilinadi.
19. Tuproq bonitirovkasi ishlarini nazorat qilishda yer maydonlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, tuproq bonitirovkasi va tuproq kartalarini tuzish ishlari oʻrganiladi.
20. Tuproq bonitirovkasi ishlarini nazorat qilish natijalari dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi.
VI bob. Tuproq bonitirovkasi ishlarini koʻrib chiqish va tasdiqlash
21. Tuproq bonitirovkasi ishlari boʻyicha yakuniy maʼlumotlar tuproq bonitirovkasi ishlari buyurtmachisi yoki uning vakiliga (viloyat qishloq xoʻjaligi boshqarmasi) topshiriladi. Tuproq bonitirovkasi ishlari boʻyicha yakuniy maʼlumotlar tuproq bonitirovkasi ishlari buyurtmachisi yoki uning vakili tomonidan koʻrib chiqish uchun tuman komissiyasiga taqdim etiladi.
22. Tuproq bonitirovkasi ishlari boʻyicha yakuniy maʼlumotlar ikki hafta ichida tuman komissiyasi tomonidan koʻrib chiqiladi. Tuman komissiyasi tomonidan tuproq bonitirovkasi ishlari boʻyicha yakuniy maʼlumotlarni koʻrib chiqish vaqtida eʼtirozlar yuzaga kelgan taqdirda, eʼtirozlar sabablarini yozma ravishda koʻrsatgan holda tuproq bonitirovkasi ishlari bajaruvchisiga murojaat qilinadi. Tuman komissiyasi tomonidan ikki hafta ichida eʼtirozlar bildirilmagan taqdirda, tuproq bonitirovkasi ishlari qabul qilingan hisoblanadi.
23. Tuproq bonitirovkasi ishlari boʻyicha koʻrib chiqilgan yakuniy maʼlumotlar tuman hokimining qarori bilan tasdiqlanadi. Mazkur qarorga yer maydonlarining oʻrtacha bonitet ballari va klasslari boʻyicha guruhlashtirilgan maʼlumotlari ilova qilinadi.
24. Tuproq bonitirovkasi ishlari boʻyicha yakuniy maʼlumotlarni koʻrib chiqish va tasdiqlash vaqtida eʼtirozlar yuzaga kelgan taqdirda, mazkur maʼlumotlar tuproq bonitirovkasi ishlari bajaruvchisi yoki buyurtmachisi tashabbusi bilan muhokama qilish uchun Qishloq xoʻjaligi vazirligining ilmiy texnik kengashiga taqdim etilishi mumkin.
25. Tabiiy talofatlar, texnogen taʼsirlar, hududda tuproq-meliorativ ishlar bajarilishi natijasida, tuproqning unumdorlik darajasi oʻzgarganda, shuningdek fermer xoʻjaliklari va yerdan foydalanuvchi boshqa shaxslarning murojaatiga asosan yoki tuman (shahar) fermerlar kengashining qarori boʻyicha ayrim yer maydonlarida tuproq bonitirovkasi ishlari qayta oʻtkazilganda, tuproq bonitirovkasi ishlari boʻyicha yakuniy maʼlumotlar belgilangan tartibda tuman hokimining qarori bilan tasdiqlanadi.
VII bob. Hujjatlarni rasmiylashtirish
26. Tuproq bonitirovkasi ishlari tugagandan soʻng, tuproq bonitirovkasi ishlari bajaruvchisi tomonidan har bir tuman boʻyicha quyidagi hujjatlardan iborat yigʻmajild shakllantiriladi:
tushuntirish xati (texnik hisobot) va uning ilovalari;
tuman hokimining tuproq bonitirovkasi ishlarini oʻtkazish toʻgʻrisidagi farmoyishi;
tuman komissiyasining tuproq bonitirovkasi ishlari boʻyicha yakuniy maʼlumotlarni koʻrib chiqilganligi toʻgʻrisidagi dalolatnomasi;
tuman hokimining tuproq bonitirovkasi ishlari natijalarini tasdiqlash toʻgʻrisida qarori.
27. Rasmiylashtirilgan hujjatlar texnik topshiriqqa muvofiq manfaatdor tashkilotlarga tarqatiladi.
VIII bob. Tuproq bonitirovkasi ishlari maʼlumotlarini taqdim etish
28. Tuproq bonitirovkasi ishlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar tuproq bonitirovkasi ishlari bajaruvchisi tomonidan tuproq bonitirovkasi ishlari buyurtmachisi yoki uning vakiliga taqdim etiladi.
29. Tuproq bonitirovkasi ishlari boʻyicha maʼlumotlar Qishloq xoʻjaligi vazirligi yoki uning hududiy boshqarma (boʻlim)lari tomonidan manfaatdor vazirlik va idoralarga hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga ularning yozma soʻrovlari asosida beriladi.
IX bob. Yakuniy qoida
30. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi hamda Oʻzbekiston Fermerlari kengashi bilan kelishilgan.
Qishloq va suv xoʻjaligi vazirining birinchi oʻrinbosari Sh. TESHAYEV
2013-yil 30-oktabr
Oʻzbekiston Fermerlari kengashi raisi S. TURDIYEV
2013-yil 30-oktabr
Tuproq bonitirovkasi ishlarini oʻtkazish va hujjatlarini tasdiqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 45-son, 596-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.06.2018-y., 10/18/2521-1/1364-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.07.2023-y., 10/23/2521-2/0538-son; 07.05.2024-y., 10/24/2521-3/0328-son; 21.04.2025-y., 10/25/2521-4/0364-son; 05.08.2026-y., 10/26/3916/0819-son)
