Vazirlar Mahkamasining “Taʼlim muassasalarida sogʻlom ovqatlanish shart-sharoitlarini yaxshilash boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2010-yil 20-avgustdagi 184-son qaroriga qoʻshimchalar kiritish haqida (297-son)
06.11.2013
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oliy taʼlim muassasalarida sogʻlom ovqatlanish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining “Taʼlim muassasalarida sogʻlom ovqatlanish shart-sharoitlarini yaxshilash boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2010-yil 20-avgustdagi 184-son qaroriga quyidagi qoʻshimchalar kiritilsin:
a) 3-bandning birinchi xatboshidagi “taʼlim muassasalarida” soʻzlaridan keyin “(oliy taʼlim muassasalari bundan mustasno)” soʻzlari qoʻshilsin;
b) Taʼlim muassasalarida sogʻlom ovqatlanishni tashkil etish toʻgʻrisidagi Nizomning I boʻlimiga quyidagi mazmundagi 51-band qoʻshilsin:
“51. Oliy taʼlim muassasalarida ovqatlanishni tashkil etish mazkur muassasalar tomonidan amalga oshirilganda ularga nisbatan ushbu Nizomning 6—22-bandlari qoidalari tatbiq etilmaydi”.
2. Vazirliklar va idoralar bir oy muddatda oʻz idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarini ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
3. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2013-yil 6-noyabr,
297-son
