Tumandagi transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisida (82-son)
31.01.2013
Xorazm viloyati Yangibozor tumani hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasining “Yoʻl harakat xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonunining 13-moddasiga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 31-yanvardagi 54-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga muvofiq transport vositalarini 2013-yilda majburiy texnik koʻrigini tashkil qilish maqsadida qaror qilaman:
1. Yangibozor tuman ichki ishlar boʻlimi Yoʻl harakati xavfsizligi guruhi (S. Xolboyev) zarur shart-sharoitlarga (texnik diagnostika uskunalariga, koʻtarish moslamalariga yoki qarab chiqish uchun chuqurchalarga, nazorat-oʻlchash asboblariga, asfalt yoki beton qoplangan bir tekis gorizontal maydonchaga) va malakali mutaxassislarga ega boʻlgan tashkilotlarda va texnika xizmati koʻrsatish stansiyalarida, tumandagi yuridik va jismoniy shaxslarga, shu jumladan xorijiy yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan transport vositalarining majburiy texnik koʻrikdan (keyingi oʻrinlarda matnda “texnik koʻrik” deb yuritiladi) oʻtkazilishini taʼminlasin.
2. Tumandagi yuridik shaxslarga tegishli boʻlgan transport vositalarining texnik koʻrigi 1 yilda 1 marotaba (1-martdan 10-iyungacha);
tijorat asosida yoʻlovchi tashish uchun foydalaniladigan yengil avtomobillar, avtobuslar va oʻtiriladigan joylar soni 8 ta va undan ortiq boʻlgan (haydovchining oʻrnidan tashqari), odamlarni muntazam tashish uchun jihozlangan yuk avtomobillari, yirik gabaritli, ogʻir vaznli va xavfli yuklarni tashish uchun maxsus transport vositalari va ularga tirkamalar bir yilda ikki marotaba (1-martdan 10-iyungacha va 12-sentabrdan 31-oktabrgacha);
jismoniy shaxslarga qarashli boʻlgan transport vositalarining texnik koʻrigi 1-martdan 31-avgustgacha oʻtkazilsin;
ishlab chiqarilganligiga besh yildan koʻp boʻlmagan transport vositalari ikki yilda bir marta texnik koʻrikdan oʻtkazilsin, ushbu bandning ikkinchi xatboshisida qayd etilgan bir yilda ikki marta texnik koʻrikdan oʻtkazilishi lozim boʻlgan transport vositalari bundan mustasno.
tuman ichki ishlar boʻlimi Yoʻl harakati xavfsizligi guruhi roʻyxatdan oʻtkazilgan kundan boshlab ulardan foydalanishning birinchi yili mobaynida transport vositalari texnik koʻrikdan oʻtkazilmaydi, mazkur bandning ikkinchi xatboshisida koʻrsatilganlardan tashqari.
3. Transport vositalari texnik koʻrikdan oʻtkazilganligi uchun (mototransport, tirkamalar va yarim tirkamalardan tashqari) eng kam oylik ish haqining oʻndan bir qismi miqdorida yigʻim undiriladi.
Ushbu qarorning 2-bandi ikkinchi xatboshisida koʻrsatilgan transport vositalari ikkinchi marta texnik koʻrikdan oʻtkazilganligi uchun yigʻim undirilmaydi.
Mototransport, tirkamalar, yarimtirkamalar texnik koʻrikdan oʻtkazilganligi uchun eng kam oylik ish haqining yigirmadan biri miqdorida yigʻim undiriladi.
Birinchi (oldingi) texnik koʻrikda nosoz deb topilgan transport vositalari takroriy texnik koʻrikdan oʻtkazilganligi uchun belgilangan miqdorlarda yigʻim undiriladi.
4. Tumanda transport vositalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish uchun tuzilgan komissiya tarkibi 1-ilovaga* muvofiq, yuridik shaxslarga qarashli transport vositalarining 2013-yilgi majburiy texnik koʻrigini oʻtkazish grafigi 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1 va 2-ilovalar berilmaydi.
5. Qaror rasmiy nashrda eʼlon qilinsin va davlat hisobiga olish uchun adliya boshqarmasiga taqdim etilsin.
6. Transport vositalarini texnik koʻrikka jalb qilishda Yoʻl harakati xavfsizligi guruhiga tuman mudofaaga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti, qishloq fuqarolar yigʻinlari raislari jamoatchilik asosida amaliy yordam koʻrsatsin.
7. Mazkur qaror qabul qilinishi munosabati bilan tuman hokimining 2012-yil 29-fevraldagi 194-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
8. Tuman ichki ishlar boʻlimi Yoʻl harakati xavfsizligi guruhi, transport vositalarining texnik koʻrigi natijalari boʻyicha tuman hokimligiga 2013-yil 10-noyabrgacha yozma axborot berish vazifasi topshirilsin.
9. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish tuman hokimi birinchi oʻrinbosari U. Roʻzmetov zimmasiga yuklatilsin.
Hokim O. MADRAXIMOV
Yangibozor sh.,
2013-yil 31-yanvar,
82-son,
