Gurlan tumanida traktorlar, oʻziyurar shassilar, meliorativ yoʻl-qurilish mashinalari va traktor tirkamalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisida (169-son)
05.03.2013
Xorazm viloyati Gurlan tumani hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 6-dekabrdagi 345-sonli qaroriga, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirining 2004-yil 15-noyabrdagi 248-sonli buyrugʻi bilan tasdiqlangan “Traktorlar, oʻziyurar shassilar, meliorativ yoʻl-qurilish mashinalari va traktor tirkamalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga muvofiq qaror qilaman:
1. Gurlan tuman boʻyicha Davlat texnika nazorati inspektori (Quryazov)ga tumandagi yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan traktorlar, oʻziyurar shassilar, meliorativ yoʻl-qurilish mashinalari va traktor tirkamalarining (keyingi oʻrinlarda “Mashinalar” deb yuritiladi) 2013-yilda (1-fevraldan 31-iyulgacha) texnik koʻrikdan oʻtkazilishi taʼminlansin.
Mashinalarni texnik koʻrikdan oʻtkazishda ulardan foydalanish qoidalariga rioya etilishi ustidan samarali nazoratni tashkil etish, amalda mavjudligini, mashinalar sonini, ularning holatini, roʻyxatdan oʻtkazish maʼlumotlarini aniqlashtirishga alohida eʼtibor qaratilsin.
2. Tumandagi mashinalarni majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish komissiyasi tarkibi 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
3. Mashinalarni majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish grafigi 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1 va 2-ilovalar berilmaydi.
4. Mashinalar texnik koʻrikdan oʻtkazilganligi uchun eng kam oylik ish haqining:
traktorlar, traktor tirkamalari, meliorativ texnika va oʻziyurar mashinalariga — 0,18 foizi;
qishloq xoʻjalik mashinalariga — 0,10 foizi;
mashina-traktor parklari, ustaxonalar va servis punktlarining asbob-uskunalari — 0,37 foizi;
birinchi texnik koʻrikdan nosoz deb topilgan mashinalar takroriy texnik koʻrikdan oʻtkazilganligi uchun belgilangan miqdorda yigʻim qayta undirilsin.
5. Gurlan tuman boʻyicha Davlat texnika nazorati inspektori (Quryazov)ga belgilangan tartibda roʻyxatdan yoki majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazilmagan nosoz mashinalarni yoʻlga chiqarilishini oldini olish va ulardan foydalanish qoidalariga rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirish topshirilsin.
6. Qaror rasmiy nashrda eʼlon qilinsin va davlat hisobiga olish uchun adliya boshqarmasiga taqdim etilsin.
7. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish tuman hokimining birinchi oʻrinbosari O. Avazov zimmasiga yuklatilsin.
Hokim Q. MADRAXIMOV
Gurlan sh.,
2013-yil 5-mart,
169-son
