Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish toʻgʻrisida (652-son)
27.09.2013
Jizzax viloyati Baxmal tumani hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 17-moddasiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Axborotnomasi, 1995-y., 6-son, 118-modda) va Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-sonli (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami 2008-y., 34-son, 333-modda) qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga asosan 2014-yilda ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish maqsadida qaror qilaman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 17-moddasiga asosan ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun xodimlarning oʻrtacha soni 20 nafardan koʻpni tashkil etadigan korxona, muassasa va tashkilotlarda 2014-yil uchun 3 foizdan 7 foizgacha miqdorida ish oʻrinlarining eng kam soni 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
*1-ilova berilmaydi.
2. Ushbu toifa shaxslar uchun ish oʻrinlari xodimlar tomonidan oʻzlarining mehnat majburiyatlarini toʻsiqlarsiz bajarishini taʼminlaydigan sanitariya-gigiyena normalari va mehnat sharoitlariga muvofiq boʻlishi taʼminlansin, xususan:
yolgʻiz ota, yolgʻiz ona va 14 yoshgacha boʻlgan nogiron bolalari bor koʻp bolali ota-onalar uchun bolalarni tarbiyalash va mehnat majburiyatlari boʻyicha vazifalarni uygʻunlashtirish imkonini beradigan, oʻzgaruvchan ish jadvaliga ega boʻlgan ish oʻrinlari;
taʼlim muassasalarini tugatgan yoshlar uchun ularning kasb boʻyicha tayyorgarligiga muvofiq boʻlgan ish oʻrinlari;
muddatli harbiy xizmatdan boʻshatilgan shaxslar uchun ularning kasb boʻyicha tayyorgarligiga muvofiq boʻlgan ish oʻrinlari;
nogironlar uchun mehnat sharoitlari boʻyicha attestatsiyadan oʻtkazilgan hamda xodimga ish jarayonlarini toʻsqinliksiz bajarish imkonini (sogʻligʻining ahvoli va mehnat faoliyatiga nisbatan belgilangan zid koʻrsatkichlar hisobga olingan holda) beradigan ish oʻrinlari;
tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazlarida ish qidiruvchi sifatida hisobda turgan pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan shaxslar uchun maxsus malakani talab qilmaydigan ish oʻrinlari;
jazoni oʻtash muassasalaridan boʻshatilgan, jazoni oʻtayotgan yoki sud qaroriga koʻra tibbiy xarakterdagi majburiy choralar koʻrilgan shaxslar uchun — ularning kasb boʻyicha tayyorgarligi hisobga olingan holdagi ish oʻrinlari, muayyan kasb-hunarga, malakaga ega boʻlmagan shaxslar uchun esa maxsus malakani talab qilmaydigan ish oʻrinlaridir.
3. Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslar uchun band qilib qoʻyilgan ish oʻrni ilgari ushbu ish oʻrnini egallab kelgan shaxs bilan tuzilgan mehnat shartnomasi toʻxtatilishi munosabati bilan boʻshab qolganda bu haqda tashkilot 10 kun muddatda tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazini yangidan ochilgan boʻsh ish oʻrni toʻgʻrisida xabardor etishi belgilansin.
4. Mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, barcha korxona, muassasa va tashkilotlar rahbarlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga muvofiq ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslar uchun ish oʻrinlarini belgilangan soni hisobida yil boshlangungacha 10 kundan kechikmay 25 foiz, qolgan qismini band qilib qoʻyishni kalendar yilning birinchi choragi mobaynida taʼminlasinlar.
Tashkilotlar har chorakda Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markaziga ushbu toifadagi shaxslarni ishga joylashtirilishi toʻgʻrisida belgilangan tartibda 2-ilovaga* muvofiq axborot taqdim etsinlar.
*2-ilova berilmaydi.
5. Ushbu qarorni bajarmagan tashkilotlarga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda jarima solinadi.
Belgilab qoʻyilsinki, mahalliy davlat hokimiyati organining ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish qidirishda qiynalayotgan shaxslar uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish boʻyicha qarorini bajarmaganlik uchun jarimani toʻlaganlik tashkilotni band qilib qoʻyiladigan ish oʻrinlarining belgilangan sonini tashkil etishdan ozod qilmaydi.
6. Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish qidirishda qiynalayotgan shaxslar uchun band qilib qoʻyish sonidan ortiqcha ish oʻrinlari tashkil etilgan taqdirda sarflangan mablagʻlarning bir qismini tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi bilan tuzilgan shartnoma asosida Bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplanishi belgilansin.
7. Tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi bir hafta muddatda ushbu qarorni 1-ilovada koʻrsatilgan tashkilot rahbarlari eʼtiboriga yetkazsin va ushbu qarorning bajarilishi ustidan nazoratni taʼminlasin.
8. Ushbu qaror rasman eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish tuman xokimi oʻrinbosari O. Abduraximov zimmasiga yuklatilsin.
Hokim B. IZBASAROV
Oʻsmat sh.,
2013-yil 29-sentabr,
652-son
