Namangan davlat universiteti faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (290-son)
29.10.2013
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Kadrlar tayyorlash milliy dasturining ustuvor vazifalariga hamda respublikada amalga oshirilayotgan iqtisodiy va demokratik islohotlar vazifalariga muvofiq oliy taʼlim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash boʻyicha chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda.
Oliy taʼlim muassasalarida oʻqitishning zamonaviy shakllari va metodlari, ilgʻor pedagogika, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilmoqda, mamlakatimizning oliy taʼlim muassasalari yagona korporativ elektron tarmoqqa birlashtirilgan, oliy taʼlimning ishlab chiqarish bilan aloqasi rivojlanmoqda. Pedagog kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash tizimi tubdan qayta koʻrib chiqildi.
Koʻrilayotgan chora-tadbirlarga qaramay, ayrim oliy taʼlim muassasalari faoliyatida oʻquv-tarbiya jarayonini va ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etishga masʼuliyatsizlik bilan yondashish, professor-oʻqituvchilar tarkibi hamda rahbar kadrlar saviyasi va malakasi pastligi hollari hali ham uchrab turibdi.
Masalan, Namangan davlat universiteti faoliyatini oʻrganish natijalari boʻyicha bir qator kamchiliklar va muammolar aniqlandi. Taʼlim sifati, professor-oʻqituvchilar tarkibining malakasini oshirish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etish darajasi, moddiy-texnika bazasining ahvoli zamonaviy universitet talablariga javob bermaydi. Universitet rahbariyati tomonidan kadrlar tayyorlash sifatini taʼminlash uchun oliy taʼlim muassasasining lozim darajadagi shart-sharoitlarini yaratish va infratuzilmasini rivojlantirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar koʻrilmagan.
Universitetda ilm-fan yetarlicha rivojlanmayapti, universitet bitiruvchilarining asosiy ish beruvchilari — kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar va maktablar bilan samarali hamkorlik oʻrnatilmagan. Universitetda maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tashkil etishga tizimli yondashuv mavjud emas. Universitetning professor-oʻqituvchilari tomonidan xorijiy tillarni va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish koʻnikmalarini egallash darajasi oʻta qoniqarsiz.
Namangan davlat universitetida mintaqa iqtisodiyoti uchun malakali kadrlar tayyorlashni takomillashtirish, zamonaviy fikrlaydigan rahbar va ilmiy-pedagog kadrlarni tarbiyalash, oʻquv-tarbiya jarayonini oqilona tashkil etish va uning sifatini tubdan yaxshilash, universitetning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻquv-tarbiya jarayonini va ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etishda, kadrlarni joy-joyiga qoʻyishda yoʻl qoʻyilgan jiddiy kamchiliklar uchun Namangan davlat universitetining rektori Y. Rahimov egallab turgan lavozimidan ozod etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Qayd etilsinki, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Namangan viloyati hokimligi rahbariyati tomonidan zarur darajadagi eʼtiborning mavjud emasligi Namangan davlat universiteti faoliyatidagi yuqorida koʻrsatib oʻtilgan kamchiliklarning sababidir.
2. Namangan davlat universiteti faoliyatini takomillashtirishga doir chora-tadbirlar dasturi (keyingi oʻrinlarda Dastur deb ataladi) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin, Dastur quyidagilarga yoʻnaltirilgan:
rahbarlar va professor-oʻqituvchilar tarkibini mustahkamlash, universitetning rahbarlik va oʻqituvchilar lavozimlariga kadrlar zaxirasini shakllantirish, ularning zamonaviy taʼlim va pedagogik texnologiyalarni qoʻllanish boʻyicha malakasini oshirish;
oʻquv jarayonida xalqaro tajriba asosida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllanish vositasida talabalarning bilimlari darajasini va ularni oʻqitish sifatini oshirish;
universitetning ilmiy salohiyatini har tomonlama rivojlantirish va kuchaytirish, shu jumladan ilmiy-tadqiqot mavzularini kengaytirish, magistrlarni va katta ilmiy xodimlar-tadqiqotchilarni maqsadli tayyorlashni amalga oshirish;
maʼnaviy-maʼrifiy va sport-tarbiya ishlari tizimini sifat jihatidan yangilash, talabalarning boʻsh vaqtini samarali oʻtkazishni tashkil etish;
universitetning moddiy-texnika taʼminotini takomillashtirish, oʻquv auditoriyalarini, laboratoriyalarni oʻqitishning zamonaviy vositalari, shu jumladan kompyuter texnikasi bilan jihozlash.
3. Rahbar kadrlarni va professor-oʻqituvchilar tarkibini attestatsiyadan oʻtkazish, Namangan davlat universiteti faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari dasturini bajarish monitoringi boʻyicha komissiya (keyingi oʻrinlarda Komissiya deb ataladi) 2-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin.
Komissiya (A. Ikramov):
bir hafta muddatda — Namangan davlat universiteti rahbar kadrlarini va professor-oʻqituvchilar tarkibini attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlasin;
oʻn kun muddatda — attestatsiyadan oʻtkazilishi kerak boʻlgan rahbar kadrlar va professor-oʻqituvchilar tarkibi roʻyxatini aniqlasin, attestatsiyani oʻtkazish jadvalini, attestatsiyaning taxminiy savolnomasini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
bir oy muddatda — Namangan davlat universiteti rahbar kadrlarini va professor-oʻqituvchilar tarkibini attestatsiyadan oʻtkazsin, uning natijalari boʻyicha ularning egallab turgan lavozimiga muvofiqligi darajasini aniqlasin, universitetni zamonaviy talablarga javob beradigan yuqori malakali rahbar va ilmiy-pedagog kadrlar bilan taʼminlash chora-tadbirlarini koʻrsin;
har chorakda Dasturning bajarilishi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga batafsil axborot taqdim etgan holda Dastur vazifalarining oʻz vaqtida bajarilishi yuzasidan monitoring olib borilishini taʼminlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi:
uch oy muddatda — yetakchi respublika va xorijiy oliy taʼlim muassasalari tajribasini hisobga olgan holda Namangan davlat universitetining taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari boʻyicha oʻquv rejalari va namunaviy oʻquv dasturlari qayta koʻrib chiqilishini va takomillashtirilishini;
ikki oy muddatda — universitet fakultetlari va kafedralarining oʻquv-tarbiyaviy, ilmiy, oʻquv-metodik faoliyatini rivojlantirish istiqbolli dasturi ishlab chiqilishini va tasdiqlanishini;
oʻquv yili mobaynida universitetning professor-oʻqituvchilar tarkibi uchun zamonaviy pedagogika, axborot texnologiyalarini qoʻllanish, internet-resurslardan foydalanish amaliy koʻnikmalarining professional darajasini oshirish, shuningdek xorijiy tillarni oʻrganish boʻyicha oʻquv kurslari tashkil etilishini taʼminlasin.
5. Namangan viloyati hokimligi:
bir oy muddatda — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bilan birgalikda taʼlim, fan va ishlab chiqarishni samarali integratsiyalashni taʼminlash uchun universitet bitiruvchilarini mintaqani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalariga muvofiq ishga joylashtirishga yoʻnaltirilgan amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqsin;
viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish istiqbollarini, muassasalar va tashkilotlarning aniq ehtiyojlarini hisobga olgan holda, har yili Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligiga Namangan davlat universitetining taʼlim va mutaxassisliklari yoʻnalishlari boʻyicha kadrlar tayyorlash yuzasidan asoslangan takliflar kiritsin;
bir oy muddatda — Namangan davlat universiteti talabalarining malaka amaliyotini oʻtkazish bazasi sifatida jalb etiladigan viloyat muassasalari va tashkilotlari roʻyxatini aniqlasin, shuningdek ular oʻrtasida shartnomaviy munosabatlarning oʻrnatilishi va samarali amalga oshirilishi yuzasidan taʼsirchan nazoratni taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi 2014-yil va keyingi yillar uchun Investitsiya dasturini shakllantirishda unga belgilangan tartibda Namangan davlat universitetining qurilish-tiklash ishlari obyektlari kiritilishini hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan tegishli kapital qoʻyilmalar ajratilishini nazarda tutsinlar.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Namangan viloyati hokimligi tegishli tashkilotlar va muassasalar bilan birgalikda, ushbu qarordan kelib chiqadigan vazifalarning oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlash yuzasidan zarur chora-tadbirlar koʻrsinlar.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2013-yil 29-oktabr,
290-son
Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 29-oktabrdagi 290-son qaroriga 1-ILOVA
Namangan davlat universiteti faoliyatini takomillashtirishga doir chora-tadbirlar
DASTURI
Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 29-oktabrdagi 290-son qaroriga 2-ILOVA
Namangan davlat universiteti rahbar kadrlari va professor-oʻqituvchilarini attestatsiyadan oʻtkazish hamda faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari dasturining bajarilishi monitoringini olib borish komissiyasi
TARKIBI
Izoh: komissiya aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda uning tarkibiga ushbu lavozimga yangidan tayinlangan shaxslar kiritiladi.
