Viloyatdagi bozorlarda bir martalik yigʻimlar, ijara toʻlovi va koʻrsatiladigan xizmatlar qiymati miqdorini belgilash toʻgʻrisida (63-Q-son)
19.03.2012
Andijon viloyati hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 26-apreldagi “Dehqon bozorlari va savdo komplekslari faoliyatini tashkil qilishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-1326-sonli qarori talablari asosida viloyat bozorlarida joriy yil uchun bir martalik joy haqi, ijara va boshqa pullik xizmatlar uchun toʻlovlarning minimal miqdorlarini joriy etish maqsadida qaror qilaman:
1. Viloyat moliya, Davlat soliq boshqarmalari va “Andijonviloyatbozorlari” uyushmasining “Viloyat bozorlarida bir martalik joy haqi va pullik xizmatlar koʻrsatish badallariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi taklifi maʼqullansin.
2. 2012-yil 16-martdan boshlab viloyat bozorlarida yer maydonlari, binolar, inshootlar, boshqa mol-mulk va jihozlarning ijarasi pullik xizmat toʻlovlari hamda bir martalik joy haqi miqdorlari ilovaga* muvofiq belgilansin.
* Ilova berilmaydi.
3. Viloyat moliya boshqarmasi (Xaydarov)ga viloyat Davlat soliq boshqarmasi (Mullajonov) va “Andijonviloyatbozorlari” uyushmasi (Qodirov) bilan birgalikda yangi joriy etilayotgan joy haqi va koʻrsatilgan pullik xizmatlar uchun toʻlovlar miqdorlaridan kelib chiqqan holda bozorlarga oylik va choraklik tushum rejalarini belgilab, ularning bajarilishini hamda 50 foizini mahalliy budjetga undirilishini qatʼiy nazorat qilish vazifalari yuklatilsin.
4. Viloyat teleradiokompaniyasi (Ishokov) hamda “Andijonnoma” va “Andijanskaya pravda” gazetalari muharririyati (Daminov)ga viloyat bozorlarida bir martalik joy haqi va pullik xizmat toʻlovlarini yangi joriy etilayotgan miqdorlari toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalari orqali keng ommaga yetkazish ishlarini amalga oshirsinlar.
5. “Andijonviloyatbozorlari” uyushmasi (Qodirov)ga, barcha turdagi bozorlar va savdo komplekslarining rahbarlari bilan birgalikda 2012-yil 1-aprelga qadar yangi tasdiqlangan “bir martalik yigʻimlar, ijara toʻlovi va koʻrsatiladigan xizmatlar qiymati miqdorlari toʻgʻrisida”gi maʼlumotlarni bozorlar va savdo komplekslarining barcha kirish joylariga ilib qoʻyish vazifasi topshirilsin.
6. Mazkur qaror qabul qilinishi munosabati bilan viloyat hokimining 2011-yil 29-martdagi “Viloyatdagi bozorlarda bir martalik yigʻimlar, ijara toʻlovi va koʻrsatiladigan xizmatlar qiymati miqdorini belgilash toʻgʻrisida”gi 22-Q-sonli qaroriga oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisidagi 71-Q-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
7. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish viloyat hokimining oʻrinbosari Sh. Ibragimov va viloyat hokimligining axborot-tahlil guruhi rahbari A. Hamdamov zimmalariga yuklatilsin.
Xokim A. USMANOV
Andijon sh.,
2012-yil 19-mart,
63-Q-son
