Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2013-yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi toʻgʻrisida (730-II-son)
20.09.2013
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2013-yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2013-yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobot tasdiqlansin.
Taʼkidlab oʻtilsinki, 2013-yilning birinchi yarim yilligida Davlat budjeti daromadlari uning xarajatlaridan 68,7 mlrd coʻm miqdorida ortiq boʻlishiga erishildi yoki Davlat budjeti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,1 foiz miqdorida profitsit bilan ijro etildi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning 2013-yilgi dasturining eng muhim ustuvor vazifalarini amalga oshirish maqsadida:
belgilangan makroiqtisodiy koʻrsatkichlarga erishish, bozor islohotlari va iqtisodiyotni liberallashtirishni yanada chuqurlashtirish;
samarali investitsiya siyosatini oʻtkazish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilishga, texnik va texnologik jihatdan yangilashga qaratilgan strategik ahamiyatga molik investitsiya loyihalarini amalga oshirish;
soliq tushumlari mexanizmini maqbullashtirish va takomillashtirish;
bank tizimining resurslar bazasini koʻpaytirish va banklarning investitsiyaviy faolligini kuchaytirish;
kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun eng yuqori darajada qulay ishchanlik muhitini yaratish;
budjet mablagʻlaridan maqsadli foydalanish hamda budjet intizomiga rioya etish ustidan nazoratni kuchaytirish;
ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash uchun xarajatlarni oʻz vaqtida moliyalashtirish;
“Obod turmush yili” Davlat dasturini amalga oshirish;
kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, kasanachilikning turli shakllarini kengaytirish va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, shuningdek kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar bitiruvchilarini ishga joylashtirish hisobiga 2013-yilda Ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturini bajarish boʻyicha zarur chora-tadbirlarni koʻrsin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining eʼtibori iqtisodiy oʻsish surʼatlarining barqarorligini taʼminlashga hamda shu asosda tegishli budjetlarga soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning toʻliq tushishiga erishilishiga, budjet mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanilishiga qaratilsin. Budjet intizomiga rioya etish va mintaqalarning moliyaviy salohiyatidan eng yuqori darajada foydalanish yuzasidan amaliy choralar koʻrish ustidan nazorat kuchaytirilsin.
4. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri D. TOShMUHAMEDOVA
Toshkent sh.,
2013-yil 20-sentabr,
730-II-son
