5-modda. Garov reyestrini yurituvchi tashkilot vakolatlari
Garov reyestri toʻgʻrisida (O‘RQ-356-son) · Sana: 23.10.2013 · Amalda
Garov reyestrini yurituvchi tashkilot:
murojaat etgan har bir yuridik yoki jismoniy shaxs bilan tuziladigan shartnoma asosida yozuv kiritish uchun garov reyestriga kirish, shuningdek undan real vaqt rejimida, shu jumladan Internet axborot tarmogʻi orqali foydalanish imkoniyatini taʼminlaydi;
yuridik va jismoniy shaxslarga garov reyestridan foydalanish boʻyicha maslahat xizmatlari koʻrsatadi;
murojaat etgan yuridik va jismoniy shaxslarga garov reyestriga yozuv kiritish oqibatlarini tushuntiradi;
garov reyestridagi axborotni qarzdor yoki pul talabnomasidan voz kechuvchi shaxs — soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami, jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami yoki yozuvning yagona roʻyxatdan oʻtkazish raqami boʻyicha izlash imkoniyatini taʼminlaydi;
foydalanuvchiga kiritilgan yozuv toʻgʻrisida elektron shaklda, zarur hollarda esa qogʻozda axborot taqdim etadi.
