“Eyrbas indastri” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan beshta “A-320-200” samolyotini sotib olishni moliyalashtirish mexanizmi toʻgʻrisida (271-son)
26.11.2010
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasining havo kemalari parkini yangilash va unifikatsiyalash investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida “Eyrbas Indastri” kompaniyasi ishlab chiqargan beshta “A-320-200” samolyotini sotib olishni moliyalashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
“Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK aviatexnika sotib olish boʻyicha avval qabul qilingan qarorlar va tuzilgan shartnomalarga muvofiq 177,13 million AQSH dollari miqdorida avans toʻlovlarini amalga oshirgani, shundan Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi kreditlari hisobiga 153,36 million AQSH dollari, oʻz mablagʻlari hisobiga 23,77 million AQSH dollari toʻlangani;
2010-yilning uchinchi choragida ikkita “A-320-200” samolyoti va ularga qoʻshimcha zaxira dvigateli olingani;
Oʻzbekiston Respublikasi kafolati ostida sotib olinayotgan beshta “A-320-200” samolyoti qiymatining 40 foizini hamkorlikda moliyalashtirish uchun Xitoy Taraqqiyot banki krediti jalb qilingani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
Xitoy Taraqqiyot banki krediti jalb etilgan holda xarid qilinayotgan beshta “A-320-200” samolyotini yetkazib berishni moliyalashtirish sxemasi 1-ilovaga muvofiq;
beshta “A-320-200” samolyotini sotib olishni hamkorlikda moliyalashtirish uchun jalb qilinayotgan Xitoy Taraqqiyot banki kreditini toʻlash jadvali 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki:
Xitoy Davlat taraqqiyot banki bilan 10 yil muddatga, shu jumladan, 3 yillik imtiyozli davr va olti oylik LIBORga teng foiz stavkasi bilan yillik 2,8 foiz qoʻshilgan holda, kreditni boshqarish xizmatlari uchun yillik 0,3 foiz hisoblanishini inobatga olib, 179,377 million AQSH dollari miqdoridagi kreditni jalb qilish boʻyicha qarz bitimini;
Xitoy Davlat taraqqiyot bankining mazkur kredit mablagʻlarini qayta moliyalashtirish uchun “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK bilan kredit shartnomasini tuzsin.
4. Belgilansinki, Xitoy Davlat taraqqiyot bankidan jalb etilayotgan kreditni qaytarish “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasining oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vaziriga Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining Xitoy Taraqqiyot davlat banki oldidagi majburiyatlari boʻyicha hamda “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasining Xitoy Taraqqiyot davlat bankidan olingan qayta moliyalashtiriladigan kreditlar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki oldidagi majburiyatlari boʻyicha kafolat uchun haq undirilmasdan Oʻzbekiston Respublikasi kafolatlarini berish vakolati berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasining kafolatlari boʻyicha huquqiy xulosalar taqdim etsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 155-moddasiga muvofiq Xitoy Taraqqiyot davlat bankining mazkur qaror doirasida jalb qilinadigan kreditlar boʻyicha daromadlariga Oʻzbekiston Respublikasida soliq solinmasligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 3-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
8. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyevga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2010-yil 26-noyabr,
271-son
Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 26-noyabrdagi 271-son qaroriga 1-ILOVA
Xitoy Taraqqiyot davlat banki kreditini jalb etish orqali sotib olinayotgan beshta “A-320-200” samolyotini yetkazib berish boʻyicha
MOLIYALASHTIRISH SXEMASI
Izohlar:
* Yakuniy summalar har bir samolyotni yetkazib berish sanasidagi haqiqiy eskalatsiyani hisobga olgan holda aniqlanishi lozim.
** Muddatidan oldin qaytariladigan avans toʻlovlari summalari oltinchi va toʻqqizinchi “A-320-200” samolyotlari boʻyicha yetkazib berish toʻlovlarining bir qismini qoplash uchun aylanma tarzda yoʻnaltiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 26-noyabrdagi 271-son qaroriga 2-ILOVA
Beshta “A-320-200” samolyotini sotib olishni qoʻshma moliyalashtirish uchun jalb qilinadigan Xitoy davlat taraqqiyot banki kreditini qaytarish
JADVALI
Izoh.
Jadval hisob-kitob xarakteriga ega boʻlib, quyidagi omillarga qarab oʻzgartirilishi mumkin: havo kemalarini yetkazib berish sanalari, kredit mablagʻlaridan foydalanishning haqiqiy miqdorlari, LIBOR suzuvchi foiz stavkasining oʻzgarishi (hisob-kitoblar uchun olti oylik LIBOR stavkasi 0,44% miqdorida qabul qilingan).
Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 26-noyabrdagi 271-son qaroriga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan
OʻZGARTIRISHLAR
1. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK havo kemalari parkini yangilash va unifikatsiyalashning chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2009-yil 13-iyuldagi 198-son qarori 5-bandining uchinchi xatboshi chiqarib tashlansin.
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK havo kemalari parkini yangilash va unifikatsiyalash” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2010-yil 2-iyundagi 102-son qarorida:
1-bandning toʻrtinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
5-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
