3-modda. Asosiy tushunchalar
Muvofiqlikni baholash toʻgʻrisida (O‘RQ-354-son) · Sana: 04.10.2013 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
akkreditatsiya — yuridik shaxslarning muayyan faoliyat sohasida muvofiqlikni baholashga doir ishlarni bajarishga vakolatli ekanligini Milliy akkreditatsiya organi tomonidan rasman tasdiqlash;
akkreditatsiya sohasi — muvofiqlikni baholash organining akkreditatsiya chogʻida Milliy akkreditatsiya organi tomonidan belgilanadigan faoliyati sohasi;
inspeksiya nazorati — mahsulotni, ishlab chiqarish jarayonlarini, xizmatlarni, menejment tizimlarini, muvofiqlikni baholash organlarini ularning muvofiqlikni baholash davrida belgilangan talablarga muvofiqligini tasdiqlash maqsadida amalga oshiriladigan davriy qayta baholash tartib-taomili;
inspeksiya organi — yukni ortishdan oldin va (yoki) yukni tushirish vaqtidagi inspeksiyani va inspeksiya nazoratini oʻtkazish uchun belgilangan tartibda akkreditatsiya qilingan yuridik shaxs;
milliy akkreditatsiya tizimi — muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilish qoidalari va tartib-taomilini belgilaydigan normativ-huquqiy hujjatlarga, shuningdek texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiq davlat miqyosida faoliyat koʻrsatuvchi tizim;
muvofiqlikni baholash — mahsulot, ishlab chiqarish jarayonlari, xizmatlar, menejment tizimlari, xodimlar, muvofiqlikni baholash organlarining normativ-huquqiy hujjatlar, shuningdek texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini aniqlash boʻyicha faoliyat;
muvofiqlikni baholash organlari — yuridik shaxs boʻlgan va muvofiqlikni baholashga doir ishlarni bajarish uchun belgilangan tartibda akkreditatsiya qilingan inspeksiya organlari, sinov va kalibrlash laboratoriyalari (markazlari), mahsulotni, xizmatlarni, menejment tizimlarini, xodimlarni sertifikatlashtirish organlari;
muvofiqlik toʻgʻrisidagi deklaratsiya — ishlab chiqaruvchi, sotuvchi yoki ijrochi mahsulotning normativ-huquqiy hujjatlar, shuningdek texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini tasdiqlaydigan hujjat;
muvofiqlikni tasdiqlash — normativ-huquqiy hujjatlarning, shuningdek texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarning talablari bajarilganligi isbotlangani haqida Milliy akkreditatsiya organi yoki muvofiqlikni baholash organlari tomonidan qabul qilingan qarorga asoslangan hujjatlashtirilgan (akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnoma, muvofiqlik sertifikati va muvofiqlik toʻgʻrisidagi deklaratsiya tarzidagi) tasdiq;
