Sirdaryo tumanining 2013-yil I-yarim yilligiga moʻljallangan “Aholini ish bilan taʼminlash” Dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida (457-son)
18.02.2013
SIRDARYo VILOYATI Sirdaryo tuman hokimining
QarorI
Oʻzbekiston Respublikasi “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 17-moddasi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 24-iyundagi “Aholini ish bilan taʼminlash dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida”gi 310-sonli qaroriga muvofiq, tumanda band boʻlmagan aholini, boʻshatilayotgan xodimlar va ishsizlarni ishga joylashtirish, kasbiy tayyorlanish va qayta tayyorlash yoʻli bilan ishchi kuchiga boʻlgan taklif va talablarni muvozanatga keltirish, aholini ijtimoiy jihatdan himoya qilinmagan tabaqalarining ish bilan taʼminlanishini tartibga solish, mehnat resurslaridan oqilona foydalanish, ishsizlik muammosini takomillashtirish maqsadida qaror qilaman:
1. Sirdaryo tumanining 2013-yil I-yarim yilligiga moʻljallangan “Aholini ish bilan taʼminlash” dasturi 1 — 10 ilovalarga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1 — 10 ilovalar berilmaydi.
2. Tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi (Oʻ. Sanaqulov) va barcha tegishli korxona va tashkilotlar rahbarlariga:
ushbu qarorni amalga oshirish yuzasidan bir hafta muddat ichida aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish;
bajarilgan ishlar xususida chorak yakuni boʻyicha 3 kundan kechiktirmay tuman Hokimligi va viloyat mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish bosh boshqarmasiga oʻrnatilgan tartibda hisobot topshirish vazifalari yuklatilsin.
3. Tuman hokimining 2012-yil 16-iyuldagi “Sirdaryo tumanining 2012-yil II-yarim yillik “Aholini ish bilan taʼminlash” dasturi toʻgʻrisida”gi 1891-sonli qarori nazoratdan chiqarilsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish tuman hokimining oʻrinbosari Sh. Komilov zimmasiga yuklatilsin.
Hokim B. SUVONOV
Sirdaryo sh.,
2013-yil 18-fevral,
457-son
