Boyovut tumanida 2013-yilda kasanachilik uy mehnatini tashkil qilish boʻyicha tuman dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida (221-son)
19.01.2013
SIRDARYo VILOYaTI Boyovut tumani hokimining
QarorI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 5-yanvardagi “Yirik sanoat korxonalari bilan kasanachilikni rivojlantirish asosidagi ishlab chiqarish va xizmatlar oʻrtasida kooperatsiyani kengaytirishni ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-3706-sonli Farmonini amalga oshirish maqsadida, Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 11-yanvardagi 4-sonli qarori hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 6-apreldagi “Aholi bandligini oshirish, mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish organlari faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-616-sonli qarorlari ijrosini taʼminlash maqsadida tumanda ayniqsa qishloq joylardagi ish bilan band boʻlmagan aholini uyda mahsulotlar ishlab chiqarish, xizmatlar koʻrsatish ishlarini bajarishga jalb etish uchun ish beruvchilarga real ragʻbatlar yaratish, kasanachilarning Qonun hujjatlarida belgilangan ijtimoiy va mehnat kafolatlarini yanada yaxshilash maqsadida qaror qilaman:
1. Tumanda 2013-yilda kasanachilik uy mehnatini tashkil qilish dasturi 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
2. Tumanda korxonalar bilan uyda mahsulotlar ishlab chiqariladigan va xizmatlar koʻrsatadigan fuqarolar oʻrtasida kooperatsiyada muvofiqlashtirish, qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish boʻyicha ishchi komissiya tuzilsin va uning tarkibi 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1 va 2-ilovalar berilmaydi.
3. Tuman ishchi komissiyasi raisi (E. Ernazarov)ga:
belgilangan rejani bajarilishini qatʼiy ravishda nazorat qilish;
har oy yakuni bilan dastur ijrosi boʻyicha ishchi guruhi yigʻilishlarini oʻtkazib korxonalar kesimida tahlil olib borish;
kasanachilarning doimiy ish bilan taʼminlanishi bilan bogʻliq boʻlgan muammolarni yaʼni xomashyo ishlab chiqarish jihozlari bilan taʼminlashni, oylik ish haqlarining oyma-oy belgilanishini nazoratga olish topshirilsin.
4. 2013-yilda kasanachilik uy mehnatini tashkil qilish boʻyicha tuman dasturiga kiritilgan korxona rahbarlariga:
dasturda belgilangan reja topshiriqlarning bajarilishi boʻyicha shaxsan javobgar ekanliklari uqtirilsin;
har oy yakuni bilan kasanachilik ish oʻrinlarini tashkil qilish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan (yaratilgan kasanachilik ish oʻrinlari, ishga qabul qilish toʻgʻrisidagi buyruqlardan nusxa, kasanachiga ochilgan mehnat daftarchasi nusxasi, kasanachiga toʻlangan ish haqi toʻlov varaqasi nusxasi, kasanachiga yetkazib berilgan xomashyo va kasanachilar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni tuman ishchi guruhi aʼzosi (Sh. Usmonov)ga taqdim qilish vazifasi topshirilsin.
5. Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi direktori (Sh. Joʻrayev)ga:
kasanachilik mehnati bilan shugʻullanayotgan fuqarolarga nisbatan mehnat toʻgʻrisidagi qonunlarga rioya qilish ustidan nazoratni taʼminlash;
qaror ijrosini taʼminlash boʻyicha har oylik monitoring natijalari 2 nusxada tuman hokimligiga topshirilsin.
6. Tuman statistika boʻlimi (X. Alimov)ga:
tuman hokimligiga korxonaning kasanachilik mehnati bilan band boʻlgan xodimlar soni toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni belgilangan muddatlarda taqdim etish;
korxonalar tomonidan statistika boʻlimiga topshiriladigan 1-T mehnat hisobotiga yaratilgan kasanachilik ish oʻrinlari kiritilishini nazorat qilish vazifasi topshirilsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish tuman hokimining iqtisodiyot va ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari E. Ernazarov zimmasiga yuklatilsin.
Hokim D. BOTIROV
Boyovut sh.,
2013-yil 19-yanvar,
221-son
