Shahar hududidagi yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli avtomototransport vositalari va ularga tirkamalarni majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish haqida (247-son)
28.02.2013
sirdaryo viloyati gULISTON shahar hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasining “Yoʻl harakati xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-y., 9-son) 13-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 31-yanvardagi 54-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomiga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2003-y., 1-2-son, 17-modda) muvofiq transport vositalarining 2013-yilda majburiy texnik koʻrigini tashkil qilish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6-moddasiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 9-son, 320-modda) asosan qaror qilaman:
1. Shahar hududidagi mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli avtomototransport vositalari va ularga tirkamalar tegishli tartibda majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazilsin.
2. Shaharda transport vositalari quyidagi davriylikka muvofiq texnik koʻrikdan oʻtkazilsin:
a) tijorat asosida yoʻlovchilar tashish uchun foydalaniladigan yengil avtomobillar, avtobuslar, trolleybuslar, tramvaylar va oʻtiriladigan joylar soni 8 ta va undan ortiq boʻlgan (haydovchining oʻrnidan tashqari), odamlarni muntazam tashish uchun jihozlangan yuk avtomobillari, yirik gabaritli, ogʻir vaznli va xavfli yuklarni tashish uchun maxsus transport vositalari va ularga tirkamalar — bir yilda ikki marta;
b) ishlab chiqarilganligiga besh yildan koʻp boʻlmagan (ishlab chiqarilgan yili ham shu jumlaga kiradi) transport vositalari (mazkur bandning “a” kichik bandida koʻrsatilgan transport vositalaridan tashqari) — ikki yilda bir marta;
v) ishlab chiqarilgan yilini hisobga olgan holda ishlab chiqarilganligiga besh yildan ortiq boʻlgan transport vositalari, shuningdek ishlab chiqarilgan vaqti aniqlanmagan transport vositalari (mazkur bandning “a” kichik bandida koʻrsatilgan transport vositalaridan tashqari) — bir yilda bir marta;
g) tirkamalar koʻrikka transport vositasi — shatakchi uchun belgilangan muddatlarda.
3. Mazkur qarorning 2-bandi “a” kichik bandida koʻrsatilgan transport vositalarining texnik koʻrigi:
birinchi marta — 1-martdan 30-iyungacha;
ikkinchi marta — 1-sentabrdan 31-oktabrgacha oʻtkazilsin.
Yuridik shaxslarga qarashli boʻlgan transport vositalarining texnik koʻrigi 1-martdan 30-iyungacha oʻtkazilsin.
Jismoniy shaxslarga qarashli boʻlgan transport vositalarining texnik koʻrigi 1-yanvardan 31-avgustgacha oʻtkazilsin.
4. Shaharda texnik koʻrikni oʻtkazish uchun tuzilgan komissiya tarkibi 1-ilovaga* muvofiq, jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli boʻlgan transport vositalarini 2013-yilgi majburiy texnik koʻrigini oʻtkazish jadvali 2-3-ilovalarga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1 — 3-ilovalar berilmaydi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 31-yanvardagi 54-sonli “Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomini tasdiqlash haqida”gi qarori 3-bandi talablaridan kelib chiqib, shahar mudofaa boʻlimi, shahar ichki ishlar boʻlimi va Milliy xavfsizlik xizmati harbiy boʻlinmalari transport vositalari majburiy texnik koʻriklari oʻz yuqori tashkilotlarining qarori va ish rejasi asosida amalga oshirilishi nazarda tutilsin.
6. Majburiy texnik koʻrik davomida komissiya tarkibida ish olib borgan xodimlarning doimiy ish joylaridagi oylik ish haqlari saqlanib qolinsin.
7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish shahar hokimining birinchi oʻrinbosari Sh. Aliqulov zimmasiga yuklatilsin.
8. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Hokim N. SULAYMONOV
Guliston sh,
2013-yil 28-fevral,
247-son
