4-modda. OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari
Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish toʻgʻrisida (O‘RQ-353-son) · Sana: 23.09.2013 · Amalda
OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish boʻyicha yagona tizimning faoliyat koʻrsatishini taʼminlash;
OIV infeksiyasi profilaktikasi, OIV infeksiyasiga tashxis qoʻyish, OIVni yuqtirib olganlarni bepul maxsus davolash va ijtimoiy muhofaza qilish;
OIV infeksiyasiga tashxis qoʻyish va uni davolash vositalari bilan taʼminlash, shuningdek tashxis qoʻyish, davolash va ilmiy maqsadlarda foydalaniladigan tibbiy preparatlarning, biologik suyuqliklarning xavfsiz boʻlishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
OIV infeksiyasi tarqalishi ustidan epidemiologik nazoratni amalga oshirish;
OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish chora-tadbirlari toʻgʻrisida aholini muntazam ravishda xabardor qilib borish;
OIV mavjudligi yoxud mavjud emasligini aniqlash maqsadida aholini bepul, xavfsiz va maxfiy tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish uchun sharoitlar yaratish;
OIVni yuqtirib olganlarning umrini uzaytirish va turmushi sifatini oshirishga, ularning oʻlimini kamaytirishga doir tadbirlarni amalga oshirish;
OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshirish.
