13-modda. OIVga tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish
Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish toʻgʻrisida (O‘RQ-353-son) · Sana: 23.09.2013 · Amalda
OIVga tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish tekshiruvdan oʻtayotgan shaxsning sogʻligʻi holatini oʻrganish va baholashdir, bunda OIV mavjudligi yoxud mavjud emasligi aniqlanadi.
OIVga tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan normalar va qoidalarga muvofiq barcha davolash-profilaktika muassasalarida ixtiyoriy, majburiy yoki gʻayriixtiyoriy tartibda amalga oshirilishi mumkin.
OIVga tibbiy tekshiruvdan oʻtkazishda tekshiruvdan oʻtayotgan shaxs bilan dastlabki va keyingi maslahatlashuv amalga oshiriladi.
Voyaga yetmaganlarni va muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslarni OIVga tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish ularning qonuniy vakillari roziligi bilan amalga oshiriladi.
Davlat sogʻliqni saqlash tizimining laboratoriyalari tomonidan oʻtkaziladigan tekshiruvlarning OIV mavjudligi yoki mavjud emasligi toʻgʻrisidagi natijasi tekshiruvdan oʻtayotgan shaxsga uning iltimosiga koʻra, voyaga yetmaganlarga va muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslarga esa, ularning qonuniy vakillariga dastlabki maslahatlashuvni amalga oshirgan davolash-profilaktika muassasasida beriladi.
Tekshiruvdan oʻtayotgan shaxsda OIV aniqlangan taqdirda, u bilan keyingi maslahatlashuv oʻtkaziladi hamda u dispanser hisobiga qoʻyiladi, mazkur shaxs oʻzga shaxslarga OIV infeksiyasini yuqtirganlik uchun jinoiy javobgarlik toʻgʻrisida yozma ravishda ogohlantiriladi.
Voyaga yetmaganlarda va muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslarda OIV aniqlangan taqdirda, tibbiy muassasalar xodimlari bu haqda ularning qonuniy vakillarini hamda voyaga yetmaganlar yoxud muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslar turgan muassasa rahbarini xabardor qiladi.
Tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish natijalariga koʻra oʻzida OIV aniqlangan shaxslar qon, biologik suyuqliklar donori boʻlishi mumkin emas.
Tekshiruvdan oʻtayotgan shaxsning iltimosiga koʻra OIV mavjud emasligi toʻgʻrisida sertifikat berilishi mumkin. OIV mavjud emasligi toʻgʻrisida sertifikat berish qonunchilikda belgilangan tartibda, faqat OITSga qarshi kurashish markazlarida haq evaziga amalga oshiriladi.
