Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazi hamda Axborot xavfsizligini taʼminlash markazi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (250-son)
16.09.2013
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2013-yil 27-iyundagi PQ-1989-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzurida davlat muassasalari shaklidagi “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazi hamda Axborot xavfsizligini taʼminlash markazi (keyingi oʻrinlarda Markazlar deb ataladi) tashkil etilsin.
2. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazining asosiy vazifalari etib belgilansin:
“Elektron hukumat” tizimini yanada rivojlantirish va takomillashtirishning strategik yoʻnalishlarini, shu jumladan jahon tendensiyalarini hamda xorijiy mamlakatlar tajribasini tahlil va tadqiq qilish asosida ishlab chiqish;
elektron hukumatni rivojlantirish va davlat xizmatlarining sifatini oshirish uchun marketing va innovatsion tadqiqotlarni oʻtkazish;
raqamli iqtisodiyotni tartibga solish sohasidagi vakolatlarni rivojlantirish boʻyicha uslubiy asos, shuningdek, elektron tijorat sohasidagi tadbirkorlikni yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;
davlat boshqaruvida raqamli platformalar va elektron boshqaruv texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy etish, shuningdek, innovatsion raqamli texnologiyalarni sinov tariqasida ishga tushirish va Oʻzbekiston Respublikasi sharoitida ularni keng joriy etish boʻyicha tavsiyalar tayyorlash;
mavjud jarayonlarni oʻrganish va tahlil qilish, shuningdek funksional va operatsion jarayonlarni optimallashtirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish;
“Aqlli shahar” texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish uchun ilgʻor yutuqlar va ijobiy xorijiy tajribalarni doimiy oʻrganish va tahlil qilish, hozirgi holatni tahlil qilish, Oʻzbekiston Respublikasida “Aqlli shahar” texnologiyalarini istiqbollarini prognozlash va joriy etish, salohiyatini baholash;
“Elektron hukumat” tizimini samarali amalga oshirish uchun huquqiy va meʼyoriy bazani takomillashtirish boʻyicha maqsadli tahlil oʻtkazish va takliflar tayyorlash;
maʼlumotlarni doimiy yigʻish va tahlil qilish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasida AKT loyihalarini joriy qilish holatini monitoring qilish;
axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish sohasidagi loyihalarni amalga oshirishning maqsadli indikatorlari va koʻrsatkichlarni belgilash;
Elektron tijorat subyektlari milliy reyestrini shakllantirish, yuritish va yanada takomillashtirish.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazining xodimlarining cheklangan soni 150 nafar, shu jumladan boshqaruv xodimlari soni 23 nafar boʻlgan tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazining amaldagi tuzilmalariga xodimlarning tasdiqlangan soni doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
6. Belgilab qoʻyilsinki, “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazi faoliyatini moliyalashtirish va moddiy-texnika taʼminoti:
tasdiqlangan smeta doirasida Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish fondi;
xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat va hukumatga qarashli boʻlmagan tashkilotlarning begʻaraz texnikaviy koʻmagi (grantlari);
xoʻjalik faoliyatidan, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalardan tushadigan mablagʻlar hisobiga amalga oshiriladi.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazi davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan jalb etiladigan, “Elektron hukumat” tizimini joriy etish va rivojlantirish loyihalarini hamda tadbirlarini amalga oshirishni moliyalashtirishga yoʻnaltiriladigan begʻaraz texnikaviy koʻmak (grantlar)dan, xalqaro moliya institutlarining imtiyozli kreditlaridan foydalanish boʻyicha masʼul muvofiqlashtiruvchi etib belgilansin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, xalqaro moliya institutlaridagi Oʻzbekiston Respublikasidan boshqaruvchilar manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda donor mamlakatlar, xalqaro va xorijiy hukumat va hukumatga qarashli boʻlmagan tashkilotlar bilan “Elektron hukumat” tizimini joriy etish va rivojlantirish hamda uning axborot xavfsizligini taʼminlash loyihalari va tadbirlarini moliyalashtirish uchun begʻaraz texnikaviy koʻmak (grantlar) va imtiyozli kreditlar mablagʻlarini jalb etish masalalari boʻyicha ishlarni faollashtirsinlar.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi:
“Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazi hamda Axborot xavfsizligini taʼminlash markazi ustavlari bir oy muddatda ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini, shuningdek ularning belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin;
Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazini hamda Axborot xavfsizligini taʼminlash markazini zarur yoʻnalishdagi malakali kadrlar bilan taʼminlash, shuningdek Markazlarning moddiy-texnika bazasini shakllantirish chora-tadbirlarini koʻrsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qoʻmitasi, Adliya vazirligi boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda oʻz idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarini ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
13. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2013-yil 16-sentabr,
250-son
Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 16-sentabrdagi 250-son qaroriga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazi
Tuzilmasi
