12-modda. Oʻzbekiston Respublikasining Qurolli Kuchlari
Mudofaa toʻgʻrisida (641-XII-son) · Sana: 03.07.1992 · Kuchini yo'qotgan
1. Oʻzbekiston Respublikasining Qurolli Kuchlari respublika manfaatlarini, aholining tinch turmushini, Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligini va hududiy yaxlitligini himoya qilish uchun barpo etiladi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari:
qonunning ustunligi;
markazlashgan rahbarlik va yakkaboshchilik;
doimiy jangovar tayyorgarlik va safarbarlikka shaylik;
fuqarolarning umumiy harbiy majburiyati;
umumiy xavfsizlik tizimini yaratish;
harbiy intizomga rioya etish;
partiyadan holilik;
harbiy xizmatchilar va ular oila aʼzolarining ijtimoiy va huquqiy himoyalanishini taʼmin etish asosida quriladi va oʻz faoliyatini amalga oshiradi.
Z. Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Quruqlikdagi qoʻshinlar, harbiy-havo kuchlari, havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va maxsus qoʻshinlardan iborat boʻladi.
Urush boʻlgan taqdirda Qurolli Kuchlar oʻz vazifalarini Milliy xavfsizlik xizmatining chegara qoʻshinlari bilan, Ichki ishlar vazirligining ichki qoʻshinlari bilan hamkorlikda bajaradilar.
4. Qurolli Kuchlarni joylashtirish Oʻzbekiston Respublikasi hududini, chegaralarini va havo tegralarini ishonchli himoya qilinishini taʼminlashdek strategik rejalar asosida belgilanadi va harbiy doktrina talablariga, strategik va operativ rejalar asosida, shuningdek qoʻshinlarni safarbar etib joylashtirish rejasiga muvofiq amalga oshiriladi.
5. Qurolli Kuchlarni tuzish “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga muvofiq amalga oshiriladi.
Qurolli Kuchlarni tuzish — harbiy xizmatga shu hududdan va hudud tashqarisidan chaqirishni uygʻun holda bajarish orqali amalga oshiriladi.
6. Qurolli Kuchlarni moddiy-texnikaviy jihatdan taʼminlash davlat tomonidan amalga oshiriladi.
Harbiy obyektlar va inshootlar, qurol-yarogʻlarning, harbiy texnikaning va boshqa harbiy mol-mulkning barcha turlari davlat mulki hisoblanadi, Qurolli Kuchlar tasarrufida boʻladi, ular qonunlarda belgilangan asoslarga binoan va vakolatlari doirasida bu narsalarga egalik qiladilar, ulardan foydalanadilar va ularni tasarruf etadilar.
Qurol-yarogʻni, harbiy texnikani, butlovchi buyumlarni va boshqa mol-mulkni ishlab chiqarish, yetkazib berish va taʼmirlash, mudofaa ehtiyojlari uchun oziq-ovqatni yetkazib berish, shuningdek mudofaa manfaatlari yoʻlida ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va qurilish ishlarini bajarish, davlat safarbarlik zaxiralarida safarbarlik boyliklarini yaratish, rivojlantirish va saqlab qolish toʻla hajmda davlat buyurtmasiga kiritiladi.
