“Toshkent teleminorasining uzatuvchi radiotelevizion kompleksini zamonaviylashtirish va rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (440-son)
06.11.2001
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi telekommunikatsiya tarmoqlarini rekonstruksiya qilish va rivojlantirish milliy dasturini amalga oshirish, televizion koʻrsatuv va radioeshittirish dasturlarini tarqatish sifatini yaxshilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligining “Itochu Korporeyshn” (Yaponiya) korporatsiyasi bilan birgalikda “Toshkent teleminorasining uzatuvchi radiotelevizion kompleksini zamonaviylashtirish va rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
koʻrsatib oʻtilgan loyihani amalga oshirish maqsadida “Oʻzimpeksaloqa” aksiyadorlik jamiyati tomonidan “Itochu Korporeyshn” korporatsiyasi bilan 376355,0 ming Yaponiya yeni miqdorida asbob-anjomlarni yetkazib berish, oʻrnatish, sozlash va uzatuvchi radiotelevizion kompleksni ishga tushirish yuzasidan kontrakt tuzilganligi;
kontraktni mablagʻ bilan taʼminlash yetkazib beruvchi — “Itochu Korporeyshn” korporatsiyasining qaytarish muddati 5 yil boʻlgan bevosita krediti hisobiga amalga oshirilishi;
“Oʻzimpeksaloqa” aksiyadorlik jamiyati “Itochu Korporeyshn” korporatsiyasi krediti boʻyicha qarz oluvchi etib, Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligining Radio aloqasi, radioeshittirish va televideniye markazi kredit boʻyicha subqarz oluvchi va loyiha buyurtmachisi etib belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Belgilansinki, asosiy qarzni, foizlarni, vositachilik haqini va jalb etilayotgan kreditga xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq boshqa xarajatlarni qaytarish ilovaga* muvofiq Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye markazi tomonidan uning oʻz mablagʻlari hisobiga, shu jumladan “Oʻzteleradio” kompaniyasiga ajratiladigan maqsadli budjet mablagʻlari hisobiga, koʻrsatib oʻtilgan xarajatlar “Oʻzteleradio” kompaniyasi uchun aloqa xizmatlari tariflariga kiritilmasdan, amalga oshiriladi.
*Ilova rus tilidagi matnda berilgan.
4. Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi koʻrsatib oʻtilgan kontraktning “Itochu Korporeyshn” korporatsiyasi tomonidan mablagʻ bilan taʼminlanishi yuzasidan belgilangan tartibda kredit bitimi tuzilishini taʼminlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vaziri “Oʻzimpeksaloqa” aksiyadorlik jamiyatining “Itochu Korporeyshn” korporatsiyasi oldidagi toʻlov majburiyatlari boʻyicha kafolatnomani Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan belgilangan tartibda imzolashga vakil qilinsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati kafolatnomasi yuzasidan “Itochu Korporeyshn” korporatsiyasi talablariga javob beradigan shakl boʻyicha yuridik xulosa bersin.
7. “Toshkent teleminorasining uzatuvchi radiotelevizion kompleksini zamonaviylashtirish va rivojlantirish” loyihasi 2001-yilda va keyingi yillarda xorijiy investitsiyalar hisobiga amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining aniq dasturiga kiritilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi bilan birgalikda Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligining Radio aloqasi, radioeshittirish va televideniye markazi tomonidan asosiy foydalanuvchilarga koʻrsatiladigan xizmatlarga narxlarning mazkur kontrakt doirasida jalb etiladigan kreditni qaytarish soʻzsiz taʼminlanishidan kelib chiqqan holda shakllantirilishini nazarda tutsinlar.
9. “Oʻzimpeksaloqa” aksiyadorlik jamiyati koʻrsatib oʻtilgan kontrakt doirasida import qilinadigan texnologik asbob-anjomlar, moddiy resurslar, ishlar va xizmatlar uchun bojxona toʻlovlari (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻimlardan tashqari) toʻlashdan istisno tariqasida ozod qilinsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari K.N. Toʻlaganov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2001-yil 6-noyabr,
440-son
