Fermer xoʻjaliklari tasarrufidagi yer uchastkalari oʻlchamlarini maqbullashtirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida takliflarni ishlab chiqish boʻyicha maxsus komissiyani tashkil etish toʻgʻrisida (F-3077-son)
06.10.2008
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoyishi
Fermer xoʻjaliklari tasarrufidagi yer uchastkalari oʻlchamlarini maqbullashtirish asosida ular faoliyatining samaradorligini oshirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish maqsadida:
1. Fermer xoʻjaliklari tasarrufidagi yer uchastkalari oʻlchamlarini maqbullashtirish va fermer xoʻjaliklari faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida ularni birlashtirish toʻgʻrisida takliflar tayyorlash boʻyicha maxsus komissiya ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin.
2. Maxsus komissiya (Sh.M. Mirziyoyev) joyiga chiqqan holda:
haqiqatan fermer xoʻjaliklari tasarrufida boʻlgan yer uchastkalari maydonlarini viloyatlar kesimida rayonlashtirilgan hududlar boʻyicha chuqur va puxtalik bilan xatlovdan oʻtkazsin, ulardan qanchalik oqilona foydalanilayotganligi, yer uchastkasi fermer xoʻjaligining faoliyati samaradorligini qay darajada taʼminlayotganini oʻrganib chiqsin;
fermer xoʻjaliklarining moliyaviy ahvoli va moddiy-texnika bazasining holatini tanqidiy tahlil qilsin;
fermer xoʻjaliklarining zarur texnika bilan taʼminlanganligiga, fermerlarning oʻz xoʻjaligini puxta va samarali yuritish qobiliyatiga alohida ahamiyat bersin;
oʻtkazilgan xatlov va fermer xoʻjaliklari faoliyati samaradorligini chuqur tahlil qilish asosida har bir rayonlashtirilgan hudud boʻyicha fermer xoʻjaliklari uchun yer uchastkasining maqbul namunaviy oʻlchamini belgilab, mazkur xoʻjaliklar faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirishni nazarda tutsin. Bunda rayonlashtirilgan hududlarning oʻziga xos sharoitlari — ushbu hududlardagi qishloq aholisining zichligi, ularning ish bilan bandligi hamda xoʻjaliklarning tarmoq boʻyicha ixtisoslashuviga (paxtachilik, gʻallachilik, meva-sabzavotchilik, uzumchilik, chorvachilik va boshqalar) alohida eʼtibor qaratsin.
3. Maxsus komissiya (Sh.M. Mirziyoyev) 2008-yil 15-noyabrgacha koʻrsatilgan masalalar ustida puxta ishlash va tahlil qilish asosida har bir rayonlashtirilgan hudud boʻyicha fermer xoʻjaliklari tasarrufidagi yer uchastkalari maydonlarini maqbullashtirish, maqbul namunaviy maydonga ega boʻlmagan kichik fermer xoʻjaliklarini birlashtirish mexanizmi va tartibi yuzasidan aniq takliflar tayyorlasin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
4. Mazkur farmoyishning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2008-yil 6-oktabr,
F-3077-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 6-oktabrdagi F-3077-son farmoyishiga ILOVA
Fermer xoʻjaliklari tasarrufidagi yer uchastkalari oʻlchamlarini maqbullashtirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida takliflarni ishlab chiqish boʻyicha maxsus komissiya
TARKIBI
1. Sh.M. Mirziyoyev — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri, komissiya raisi 2. R.S. Azimov — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari, komissiya raisi oʻrinbosari 3. B.A. Xodjayev — iqtisodiyot vaziri 4. S.U. Ismailov — qishloq va suv xoʻjaligi vaziri 5. R.A. Muxitdinov — adliya vaziri 6. E.M. Gʻaniyev — tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri 7. U.Y. Uzoqov — Vazirlar Mahkamasining Qishloq va suv xoʻjaligi, qishloq xoʻjaligi va isteʼmol tovarlarini qayta ishlash masalalari ATD mudiri 8. D.A. Mirzakarimov — Oliy xoʻjalik sudi raisi 9. A.A. Xaitov — mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri v.b. 10. A.X. Salimov — iqtisodiyot vaziri oʻrinbosari 11. E.O. Turdimov — qishloq va suv xoʻjaligi vazirining birinchi oʻrinbosari 12. Y.E. Tursunov — moliya vaziri oʻrinbosari 13. G.S. Kudratov — Davlat statistika qoʻmitasi raisi 14. A.A. Abduazizov — Davyergeodezkadastr qoʻmitasi raisi 15. E.F. Gadoyev — Davlat soliq qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari 16. B.S. Ulashev — Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi v.b. 17. K.T. Rofiyev — Markaziy bank boshqaruvi raisining birinchi oʻrinbosari 18. A.D. Boymuratov — “Paxta-bank” raisi 19. Sh.M. Tashmuradov — “Gʻalla-bank” raisi 20. A.O. Aripov — Oʻzbekiston fermer xoʻjaliklari uyushmasi raisi 21. F.B. Omonov — “Oʻzpaxtasanoat” uyushmasi raisi 22. E.K. Kudratov — “Oʻzdonmahsulot” kompaniyasi raisi 23. S.B. Sayidjalolov — “Oʻzvinosanoatxolding” kompaniyasi raisi 24. B.A. Abduqodirov — “Oʻzagromashservis” uyushmasi raisi 25. G.I. Ibragimov — “Oʻzkimyosanoat” kompaniyasi raisi 26. A.A. Azizov — “Oʻzneftmahsulot” kompaniyasi raisi 27. Y.S. Xidirov — Moliya vazirligi huzuridagi Davlat ehtiyojlari uchun xarid qilinadigan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining hisob-kitob jamgʻarmasi direktori 28. Sh.I. Nurmatov — “Oʻzagrosugʻurta” davlat-aksiyadorlik sugʻurta kompaniyasi raisi 29. S.B. Shermatov — Vazirlar Mahkamasining Qishloq va suv xoʻjaligi, qishloq xoʻjaligi va isteʼmol tovarlarini qayta ishlash masalalari ATD bosh mutaxassisi
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar hokimlari
