Xoʻjalik yurituvchi subyektlarni tekshirishni tashkil qilishni tartibga solish toʻgʻrisida (PF-2114-son)
19.11.1998
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Xoʻjalik yurituvchi subyektlarni tekshirishni tashkil qilishni yanada tartibga solish, tekshirishlar sonini kamaytirish, turli nazorat organlari tomonidan amalga oshiriladigan tekshirishlarda parallelchilik va takrorlash faktlarini bartaraf etish, ularning korxonalar xoʻjalik faoliyatiga iqtisodiy zarar yetkazuvchi asossiz aralashuviga yoʻl qoʻymaslik maqsadida, shuningdek tadbirkorlarning qonuniy huquqlarini himoya qilish manfaatlarini koʻzlab:
1. Quyidagilar belgilab qoʻyilsin:
xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatining har qanday tekshirishlarini oʻtkazish chogʻida nazorat organlarining mansabdor shaxslari tekshirishlarni roʻyxatga olish kitobiga qonunchilikda belgilangan tartibda yozib qoʻyadilar.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va uning joylardagi organlari zimmasiga budjet tashkilotlari va budjet tizimi budjetlarining mablagʻlari hisobidan tegishli ravishda moliyalashtiriladigan budjet mablagʻlarini oluvchilarning moliya-xoʻjalik faoliyatini belgilangan tartibda tekshirish vazifasi yuklansin. Zarur hollarda ana shu tekshirishlarni amalga oshirish uchun soliq va boshqa nazorat organlari jalb qilinishi mumkin.
4. Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini nazorat tariqasida tekshirishni oʻtkazish borasida belgilangan tartibga rioya etilishi uchun shaxsiy javobgarlik soliq va moliya organlarining, Oʻzbekiston Respublikasi Prokuraturasi, Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi organlarining, shuningdek davlat nazoratini amalga oshirishga vakil qilingan boshqa organlarning rahbarlari zimmasiga yuklansin.
7. Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyati ustidan davlat nazoratini amalga oshirishga vakil qilingan vazirliklar va idoralar:
ikki hafta muddatda moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirishga, shu jumladan nazorat tekshirishlari va taftishlar oʻtkazishga qoʻyiladigan mansabdor shaxslarning roʻyxatini tasdiqlasinlar;
moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirishga, shu jumladan nazorat tekshirishlari va taftishlar oʻtkazishga qoʻyiladigan mansabdor shaxslar belgilangan tartibda attestatsiyadan va qayta attestatsiyadan oʻtkazilishi lozim boʻlgan qoidani tatbiq etsinlar. Bir oy muddatda xoʻjalik yurituvchi subyektlarning moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirishga, shu jumladan nazorat tekshirishlari va taftishlar oʻtkazishga qoʻyiladigan mansabdor shaxslar uchun maxsus guvohnomalar joriy qilinsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prokuraturasi xoʻjalik yurituvchi subyektlarning faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirishga vakil qilingan vazirliklar va idoralar tomonidan tekshirishlarni tashkil qilishni tartibga solish va takomillashtirish toʻgʻrisidagi qonunlar, farmonlar hamda boshqa qonun hujjatlari qanday ijro etilayotganligini nazorat qilishni taʼminlasin, nazorat organlari xodimlarining noqonuniy harakatlari xususida Respublika muvofiqlashtiruvchi kengashining taqdimnomalarini, shuningdek xoʻjalik yurituvchi subyektlarning shikoyatlarini oʻz vaqtida koʻrib chiqib, qonunda koʻzda tutilgan choralarni koʻrsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Davlat soliq qoʻmitasi bilan birgalikda bir hafta muddatda tekshirishlarni tashkil qilishni tartibga solish va takomillashtirish toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzishda aybdor boʻlgan mansabdor shaxslarning javobgarligi belgilanishini koʻzda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksiga qoʻshimchalar haqida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Prokuraturasi huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organlar va nohukumat tashkilotlari bilan birga xoʻjalik yurituvchi subyektlar rahbarlarining huquqiy madaniyatini yuqori koʻtarish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni amalga oshirsinlar, nazorat organlarining mansabdor shaxslari tomonidan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning huquqlarini buzish sabablarini muntazam tahlil etib, ularni tugatish choralarini koʻrsinlar.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat matbuot qoʻmitasi, “Oʻzteleradio”, ommaviy axborot vositalari xoʻjalik yurituvchi subyektlarning moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirish ishlarini oʻtkazish qoidalarini, ularning huquq va majburiyatlarini keng tushuntirib bersinlar, shuningdek nazorat organlarining mansabdor shaxslari tomonidan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning huquqlarini buzish faktlarini yoritib borsinlar.
12. Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda mazkur Farmonni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida qaror qabul qilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 19-noyabr,
PF-2114-son
