Sudyalarni ijtimoiy muhofaza qilishni va ushbu lavozimga nomzodlarni oʻqitishning tashkiliy asoslarini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida (216-son)
02.08.2013
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2012-yil 30-noyabrdagi PF-4486-son Farmoniga muvofiq, shuningdek sudyalarni ijtimoiy muhofaza qilish tizimini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilab qoʻyilsinki:
vakolatlari muddati tamom boʻlgan sudyalar uchun vakolatlarning yangi muddatiga qayta tayinlash (qayta saylash) uchun ularning hujjatlarini koʻrib chiqish davrida yoxud yangi ish joyida ishga joylashgunigacha oʻrtacha oylik ish haqi uch oydan ortiq boʻlmagan muddatga saqlab qolinadi;
Oliy sud sudyalariga va ularning oila aʼzolariga tibbiy xizmat koʻrsatish Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining Tibbiyot-sanitariya birlashmasi muassasalarida taʼminlanadi.
2. Belgilansinki:
sudyalar lavozimida zaxirada turgan hamda maxsus kurslarda oʻqish va tegishli sudlarda stajirovkadan oʻtish uchun yuborilgan boshqa shaharlik shaxslarga oʻqish va stajirovka davrida qonunchilikda Oʻzbekiston Respublikasi doirasida xizmat safarlarida belgilangan tartibda va miqdorlarda sutkalik pul toʻlanadi, uy-joy ijarasi hamda oʻqish (stajirovka) joyigacha bir martalik kelish va asosiy ish joyiga qaytib borish xarajatlari qoplanadi;
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2013-yil 2-avgust,
216-son
