Dori vositalarining roʻyxatdan oʻtkazilishini oʻzaro tan olish toʻgʻrisida
25.02.1998
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Gruziya Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Gruziya Hukumati, bundan keyin Tomonlar deb ataluvchilar,
aholini Tomonlar davlatlarining hududida ishlab chiqarilgan dori vositalari, vaksinalar, immunobiologik preparatlar, boshqa tibbiyot buyumlari bilan taʼminlash maqsadida,
dori vositalari, vaksinalar, immunobiologik preparatlar, boshqa tibbiyot buyumlarini roʻyxatdan oʻtkazish va qoʻllashga ruxsat berish boʻyicha yagona talablarni qoʻllash masalalarida kelishilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar Tomonlarning davlatlari hududida ishlab chiqarilgan va ishlab chiqarish mamlakatida dori vositalari sifatining davlat nazorati vakolatli organlari tomonidan tegishli tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan dori vositalari, vaksinalar, imunobiologik preparatlar, boshqa tibbiy buyumlarni (bundan keyin "dori vositalari") milliy roʻyxatdan oʻtkazishni oʻzaro tan oladilar.
2-modda
Ushbu Bitim maʼnosida quyidagilar vakolatli organlari boʻlib hisoblanadi:
Oʻzbekiston Tomonida — Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi;
Gruziya Tomonidan — Gruziya Sogʻliqni saqlash vazirligi.
3-modda
Tomonlar dori vositalari sifatining davlat nazorati vakolatli organlari orqali Tomonlarning davlatlarida ishlab chiqarilgan va roʻyxatdan oʻtkazilgan dori vositalarining normativ-texnikaviy hujjatlari bilan almashadilar.
4-modda
Bir Tomon davlatining dori vositalarini roʻyxatdan oʻtkazishni tan olish boshqa Tomon davlatning dori vositalari sifatining davlat nazorati vakolatli organlari tomonidan amalga oshiriladi va bu organ tomonidan quyidagilar qilinadi:
ishlab chiqarish Tomoni davlatining roʻyxatdan oʻtkazish hujjatlarining ekspertizasi;
ishlab chiqarish Tomoni davlatining normativ-texnikaviy hujjatlarining ekspertizasi;
sifatning tanlab qilinadigan laboratoriya nazorati;
oʻz davlatida dori vositalarini roʻyxatdan oʻtkazish;
roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida guvohnoma berish va maʼlumotlar bankiga kiritish.
5-modda
Dori vositalarini roʻyxatdan oʻtkazishni tan olishni rasmiylashtirish uchun zarur boʻlgan hujjatlarning yagona roʻyxati (1-ilova) *, ularning shakli Tomonlarning dori vositalari sifatining davlat nazorati vakolatli organlari kelishuviga binoan aniqlanadi va ushbu Bitimning ajralmas qismi boʻladi.
* 1-ilova berilmaydi.
6-modda
Dori vositalarini roʻyxatdan oʻtkazishni tan olish boʻyicha ekspert ishlarning narxi oʻz ishlab chiqaruvchilari uchun amalda boʻlgan tariflar asosida aniqlanadi va Tomonlarning banklararo hisob-kitoblari uchun qabul qilingan valyutada toʻlanadi.
7-modda
Ushbu Bitimni amalga oshirish davomida Tomonlar oʻrtasida paydo boʻladigan bahsli masalalar oʻzaro maslahatlashish va muzokaralar yoʻli bilan tartibga solinadi.
Ushbu Bitimga oʻzgartirish va qoʻshimchalar Tomonlarning oʻzaro kelishuviga koʻra ushbu Bitimning ajralmas qismi boʻlgan protokollar koʻrinishida kiritiladi.
8-modda
Ushbu Bitim imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi.
Ushbu Bitim besh yil mobaynida amal qiladi va agar Tomonlardan hech biri Bitim amal qilishining tegishli muddati tugashidan kamida uch oy ilgari uning amal qilishini toʻxtatish niyati toʻgʻrisida bayon qilmasa, har bir keyingi davrga oʻz-oʻzidan uzaytiriladi.
Tbilisi shahrida 1998-yil 25-fevralda ikki nusxada, har biri oʻzbek, gruzin va rus tillarida tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilish maqsadida rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)
