“Buxoro viloyatining Olot va Qorakoʻl tumanlarini ichimlik suvi bilan taʼminlashni yaxshilash” loyihasini Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokida amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PQ-2001-son)
15.07.2013
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Buxoro viloyatining Olot va Qorakoʻl tumanlari aholisini sifatli ichimlik suvi bilan taʼminlashni yanada yaxshilash, shuningdek xalqaro moliya tashkilotlari bilan hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida:
1. Quyidagilar:
2012-yil 13-dekabrda Jahon bankining Direktorlar kengashi “Buxoro viloyatining Olot va Qorakoʻl tumanlarini ichimlik suvi bilan taʼminlashni yaxshilash” loyihasini amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasiga Xalqaro taraqqiyot uyushmasining 5 yillik imtiyozli davrni oʻz ichiga oladigan, qaytarish muddati 25 yil boʻlgan umumiy summasi 53,2 mln maxsus qarz olish huquqlari (82,0 mln AQSH dollariga teng) miqdorida kredit berishini maʼqullaganligi;
Oʻzbekiston Respublikasining mazkur loyihani amalga oshirishdagi ulushi 53,9 mln AQSH dollari ekvivalentini, shu jumladan soliq va bojxona imtiyozlarini berish tarzida — 22,6 mln AQSH dollarini, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan qoʻyiladigan markazlashtirilgan kapital mablagʻlar — 31,3 mln AQSH dollarini tashkil etishi;
loyihani amalga oshirish davri 5 yil deb (2013 — 2017-yillar) belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
Oʻzbekiston Respublikasiga Xalqaro taraqqiyot uyushmasining krediti Oʻzbekiston Respublikasi va Xalqaro taraqqiyot uyushmasi oʻrtasida tuzilgan moliyalashtirish toʻgʻrisidagi bitim asosida beriladi;
Buxoro viloyati “Suvoqava” davlat unitar korxonasi (keyingi oʻrinlarda — Buxoro viloyati “Suvoqava” DUK), “Kommunxizmat” agentligi va Buxoro viloyati hokimligi koʻrsatib oʻtilgan loyiha amalga oshirilishi uchun masʼul boʻlgan ijro etuvchi organlar hisoblanadi;
Xalqaro taraqqiyot uyushmasi kreditini qaytarish bilan bogʻliq xarajatlar hamda kredit boʻyicha foiz va vositachilik toʻlovlari loyihani amalga oshirish davrida 2013-yildan 2017-yilgacha Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobiga, keyingi yillarda — Buxoro viloyati “Suvoqava” DUK mablagʻlari hisobiga, yetishmayotgan qismi — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
3. Quyidagilar:
“Buxoro viloyatining Olot va Qorakoʻl tumanlarini ichimlik suvi bilan taʼminlashni yaxshilash” loyihasining texnik-iqtisodiy asoslanishining asosiy texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq;
“Buxoro viloyatining Olot va Qorakoʻl tumanlarini ichimlik suvi bilan taʼminlashni yaxshilash” loyihasi boʻyicha Xalqaro taraqqiyot uyushmasi kreditini hamda kredit boʻyicha vositachilik toʻlovlarini qaytarish jadvali 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
*2-ilova berilmaydi.
4. Quyidagilarga:
Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziriga Xalqaro taraqqiyot uyushmasi bilan moliyalashtirish toʻgʻrisidagi bitimni, shuningdek Buxoro viloyati “Suvoqava” DUK bilan qayta kreditlash toʻgʻrisidagi bitimni Oʻzbekiston Respublikasi nomidan imzolash;
Buxoro viloyati “Suvoqava” DUK direktoriga loyihani Xalqaro taraqqiyot uyushmasi bilan birga amalga oshirish toʻgʻrisida bitim imzolash;
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga Oʻzbekiston Respublikasi bilan Xalqaro taraqqiyot uyushmasi oʻrtasida moliyalashtirish toʻgʻrisidagi bitim boʻyicha yuridik xulosa berish vakolati berilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vaziri va “Kommunxizmat” agentligi bosh direktori, Buxoro viloyati hokimi, Buxoro viloyati “Suvoqava” DUK direktori zimmasiga:
loyihani amalga oshirishga yoʻnaltirilgan mablagʻlardan maqsadli va samarali foydalanish;
Jahon banki tartib-qoidalari va Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq zarur hisobotlar hamda hujjatlarni belgilangan muddatlarda tayyorlash va taqdim qilinishini tashkil etish;
suv taʼminoti tashkilotlarining investitsiya oldi va investitsiya davrlaridagi ish samaradorligi;
Buxoro viloyati “Suvoqava” DUK va unga tobe boʻlgan shahar va tuman suv taʼminlash tashkilotlarining tashkiliy tuzilmasini maqbullashtirish;
suv taʼminoti tashkilotlarining faoliyat samaradorligini, shu jumladan isteʼmolchilarni yalpi xatlovdan oʻtkazish, hisobga olinmagan suv isteʼmolchilarini aniqlash, suv isrofgarchiligini kamaytirish va mablagʻlar yigʻilishi darajasini koʻtarish, ishlab chiqarish va moliyaviy hisob-kitoblarni yoʻlga qoʻyishni avtomatlashtirilgan billing tizimini joriy qilgan holda, abonentlarni va beriladigan hisob-kitoblarni zarur darajada hisobga olishni taʼminlash hisobiga oshirish ustidan nazoratni tashkil etish yuzasidan shaxsiy masʼuliyat yuklansin.
6. Loyihani boshqarish vazifasi “Kommunxizmat” agentligi huzurida faoliyat yuritayotgan Jahon bankining Loyihalarni muvofiqlashtirish guruhi zimmasiga yuklansin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi 2014-yildan boshlab, Oʻzbekiston Respublikasining har yilgi investitsiya dasturlarini shakllantirishda “Buxoro viloyatining Olot va Qorakoʻl tumanlarini ichimlik suvi bilan taʼminlashni yaxshilash” loyihasini amalga oshirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining ulushini moliyalashtirishni nazarda tutsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2014-yildan boshlab, kelasi yildagi Davlat budjeti loyihasini shakllantirishda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti parametrlarida Buxoro viloyati “Suvoqava” DUKning shu maqsadlarga yoʻnaltiriladigan shaxsiy mablagʻlariga qoʻshimcha ravishda Xalqaro taraqqiyot uyushmasi krediti boʻyicha komissiyalarni toʻlash, asosiy qarzni qoplashga mablagʻlar ajratilishini nazarda tutsin.
9. “Buxoro viloyatining Olot va Qorakoʻl tumanlarini ichimlik suvi bilan taʼminlashni yaxshilash” loyihasini amalga oshirish doirasida:
Xalqaro taraqqiyot uyushmasi krediti mablagʻlari va Oʻzbekiston Respublikasining mablagʻlari hisobiga xarid qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) va transport vositalari qoʻshilgan qiymat soligʻidan, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yoʻl jamgʻarmasiga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Taʼlim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamgʻarmasiga majburiy ajratmalar va yigʻimlar toʻlashdan;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxatlar boʻyicha Xalqaro taraqqiyot uyushmasi krediti mablagʻlari va Oʻzbekiston Respublikasining mablagʻlari hisobiga olib kelinadigan tovarlar va transport vositalari bojxona toʻlovlaridan ozod qilinsin (bojxona yigʻimlari bundan mustasno).
Belgilansinki, mazkur imtiyozlarni berish natijasida boʻshaydigan mablagʻlar ushbu loyihani amalga oshirishga Oʻzbekiston Respublikasining qoʻshgan hissasi hisoblanadi.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi “Kommunxizmat” agentligi talabnomalariga koʻra, loyihani amalga oshirishda ishtirok etayotgan xorijiy mutaxassislarning kirish vizalari konsullik yigʻimi va boshqa yigʻimlar undirib olinmasdan rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “Kommunxizmat” agentligi talabnomalariga koʻra, loyihani amalga oshirishda ishtirok etayotgan xorijiy mutaxassislarga koʻp martalik vizalar berish va ularning muddatini uzaytirish, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasida vaqtincha roʻyxatda turish va uning muddatini uzaytirishni taʼminlasin hamda ular davlat boji toʻlashdan ozod qilinsin.
12. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari I.B. Zakirov zimmalariga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2013-yil 15-iyul,
PQ-2001-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 15-iyuldagi PQ-2001-sonli qaroriga ILOVA
“Buxoro viloyatining Olot va Qorakoʻl tumanlarini ichimlik suvi bilan taʼminlashni yaxshilash” loyihasining texnik-iqtisodiy asoslanishining asosiy texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlari
T/r Koʻrsatkich nomi Oʻlchov birligi Jami * shu jumladan, quyidagilar hisobidan: Buxoro viloyati “Suvoqova” ICHB Oʻzbekiston Respublikasi davlat budjeti XTU krediti 1. Loyihaning umumiy qiymati ming AQSH dollari 139 021,51 51,71 56 969,8 82 000,00 2. Jami kapital qoʻyilmalar ming AQSH dollari 113 219,69 - 31 219,69 82 000,00 shu jumladan: 2.1. mashina va uskunalar ming AQSH dollari 7 150,05 - 2 203,11 4 946,94 erkin almashtiriladigan valyutada ming AQSH dollari 4 946,94 - - 4 946,94 milliy valyutada ming AQSH dollari ekv 2 203,11 - 2 203,11 - 2.2. qurilish-montaj ishlari ming AQSH dollari ekv 94 171,46 - 29 016,58 65 154,88 2.3. boshqa xarajatlar ming AQSH dollari 11 898,18 - - 11 898,18 3. Investitsiya davridagi moliyaviy xarajatlar ** ming AQSH dollari ekv 3 108,21 - 3 108,21 - 4. Taqdim etilgan soliq va bojxona imtiyozlari ming AQSH dollari ekv 22 641,90 - 22 641,90 - 5. Mavjud asosiy jamgʻarmalarning qiymati ming AQSH dollari ekv 51,71 51,71 - - 6. Korxonaning quvvati, shu jumladan: ming kub m/sut 50 6.1. 2017-yilda ishlab chiqariladigan mahsulotlarning yillik hajmi kub. m/yil 13 858 310 6.2. yillik eksportning taxminiy hajmi 7. Ish bilan band qilingan ishchilarning taxminiy soni nafar 163 8. Qurilish oʻzini oʻzi qoplashining taxminiy muddati yil 25 9. Investitsiya davri oy 60
* Yakuniy qiymat koʻrsatkichlari tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni yetkazib berish va qurilish ishlarini bajarish uchun tenderlarning batafsil loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash natijalariga koʻra aniqlanadi.
** Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi va yagona ijtimoiy soliq toʻlovi XTU krediti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
