Avtomototransport vositalarini navbatdagi 2013-yilgi majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish haqida (23-son)
16.01.2013
Fargʻona viloyati Margʻilon shahar hokimining
Qarori
Shahardagi barcha yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan mexanik transport vositalarini texnik holatini, ulardan foydalanish qoidalari va meʼyorlariga amal qilishni nazorat qilish, texnik raqam koʻrsatkichlarini muntazam ravishda tekshirib hujjatlarini taqqoslab borish, taʼmirlash, texnik qarov ishlarini reja asosida tashkil etish hamda navbatdagi 2013-yilgi majburiy texnik koʻrikni namunali oʻtkazish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 31-yanvar kunidagi 54-sonli qarori, Respublika Ichki ishlar vazirligining 2003-yil 19-fevraldagi 56-sonli buyrugʻi ijrosini taʼminlash maqsadida qaror qilaman:
1. Texnik koʻrikni amalga oshiruvchi doimiy ishlovchi komissiya tarkibi 1-ilovaga* asosan, texnik koʻrikni 2013-yilda oʻtkazish uchun tuzilgan majburiy texnik koʻrik jadvali 2-ilovaga* asosan tasdiqlansin.
*Ilovalar berilmaydi.
2. Margʻilon shahar “Oʻzagrosugʻurta” DASK Margʻilon SAShK, “Margʻilon Zamin” trans MChJ va Mudofaa ishlari boʻlimi 1-ilovada tasdiqlangan komissiya aʼzolarini texnik koʻrik oʻtkazish davrida, yaʼni 2013-yil 1-fevraldan 31-avgustgacha vazifalari, mansabi va oylik maoshlari saqlangan holda ishdan ozod qilish tavsiya qilinsin.
3. Komissiya aʼzolariga majburiy texnik koʻrikni belgilangan muddatda va sifatli oʻtkazish vazifasi yuklatilsin.
4. Barcha jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan avtomototransport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan 2013-yil 5-yanvardan 31-avgustgacha, yuridik shaxslarga tegishli boʻlgan avtomototransport vositalarini jadval asosida birinchi bosqich — 1-martdan 30-iyungacha, tijorat asosida yoʻlovchilarni va maxsus yuklarni tashuvchi avtomobillarni ikkinchi bosqich — takroriy texnik koʻrikdan 1-sentabrdan 31-oktabrgacha oʻtkazish tashkil qilinsin.
5. Barcha avtoxoʻjalik, korxona, jamoa korxonalari, kichik korxona va xususiy firma rahbarlari oʻz avtotransport vositalarini, toʻla-toʻkis, texnik soz holda, hujjatlari toʻldirilgan va jadvalda koʻrsatilgan muddatda majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazilishini taʼminlasinlar.
6. Shahar Ichki ishlar boʻlimi boshligʻi polkovnik K. Obidov hamda shahar Mudofaa ishlari boʻlimi boshligʻi mayor Z. Xoʻjaniyozovga majburiy texnik koʻrik natijasi boʻyicha shahar hokimligiga 2013-yilning 10-noyabriga qadar yozma ravishda axborot berish topshirilsin.
7. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilishni oʻz zimmamda qoldiraman.
Hokim Sh. ERKABOYEV
Margʻilon sh.,
2013-yil 16-yanvar,
23-son
