Soliq toʻgʻrisidagi qonunlarga rioya etish masalalari boʻyicha hamkorlik qilish va oʻzaro yordam toʻgʻrisida
07.08.1997
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Tojikiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Tojikiston Respublikasi Hukumati, quyida Tomonlar deb ataluvchilar, soliq qonunchiligiga rioya etish masalalari boʻyicha xalqaro hamkorlikning muhimligidan va oʻzaro yordamdan kelib chiqib hamda ushbu maqsadda bir-biriga imkoni boricha keng koʻmaklashishni istab, quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda Atamalarni aniqlash
Ushbu Bitim maqsadlari uchun qoʻllaniladigan atamalar quyidagilarni anglatadi:
«soliq qonunchiligi» — soliqlarning turlarini va mazkur Tomonlar hududida ularni undirish tartibini belgilovchi hamda soliq majburiyatlari paydo boʻlishi, oʻzgarishi va toʻxtatilishi bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga soluvchi yuridik normalar majmuasi;
«soliq qonunchiligining buzilishi» — soliq toʻlovchi tomonidan budjet oldidagi majburiyatlar bajarilmasligida yoxud zarur darajada bajarilmasligida ifodalangan, buning uchun yuridik javobgarlik belgilangan huquqqa zid harakat yoki harakatsizlik;
«vakolatli soliq organlari»:
Oʻzbekiston Respublikasiga nisbatan — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi;
Tojikiston Respublikasiga nisbatan — Tojikiston Respublikasi Hukumati huzuridagi Soliq qoʻmitasi;
«soʻrayotgan soliq xizmati» — Tomonning soliq soʻrovlari boʻyicha (quyida «koʻmaklashish toʻgʻrisida soʻrov» deb ataladi) yordam koʻrsatish toʻgʻrisida soʻrov beruvchi vakolatli soliq organi;
«soʻralayotgan soliq xizmati» — Tomonning koʻmaklashish toʻgʻrisidagi soʻrov oluvchi vakolatli soliq organi.
2-modda Bitim qoʻllaniladigan soha
Tomonlar vakolatli soliq organlari orqali soliq qonunchiligiga zarur darajada bajarilishini taʼminlash maqsadida bir-birlariga quyidagi masalalarda oʻzaro koʻmaklashadilar:
soliq qonunchiligining buzilishni oldini olish va uni bartaraf etishda;
koʻmaklashish toʻgʻrisidagi soʻrov boʻyicha yoki tashabbus koʻrsatish tartibida yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan soliq qonunchiligiga rioya etilishi toʻgʻrisidagi axborotlarni taqdim etishda;
milliy soliq tizimlari va soliq qonunchiligining joriy oʻzgarishlari toʻgʻrisidagi axborotlarni taqdim etishda;
soliq organlari ishini taʼminlovchi kompyuter tizimlarini yaratish va ishlashida;
soliq toʻlovchilar va soliq organlari bilan ishlarni tashkil etish, shu jumladan soliq qonunchiligiga rioya etilishi ustidan nazoratni taʼminlash boʻyicha uslubiy tavsiyalarni ishlab chiqishda;
kadrlarni oʻqitish va mutaxassislarni ayirboshlash sohasida;
birgalikdagi harakatlarni talab etuvchi boshqa masalalar boʻyicha.
Ushbu Bitim qoidalari Tomonlar oʻrtasida tuzilgan boshqa bitimlarga muvofiq vakolatli soliq organlarining hamkorligiga toʻsqinlik qilmaydi.
3-modda Koʻmaklashish toʻgʻrisidagi soʻrovning shakli va mazmuni
Koʻmaklashish toʻgʻrisidagi soʻrov yozma koʻrinishda uning koʻrib chiqilishi uchun zarur boʻlgan hujjatlar ilova qilingan holda yuboriladi. Favqulodda vaziyatda koʻmaklashish toʻgʻrisidagi soʻrov imkoni boricha qisqa muddatlarda keyinchalik yozma shaklda tasdiqlangan holda ogʻzaki shaklda ham berilishi mumkin.
Koʻmaklashish toʻgʻrisidagi soʻrov oʻz ichiga quyidagilarni olishi kerak:
soʻrayotgan soliq xizmatining nomi;
soʻralayotgan soliq xizmatining nomi;
soʻrovning maqsadi va sababi;
unga nisbatan soʻrov berilayotgan soliq toʻlovchining nomi va manzili;
soʻrovning mohiyati va u bilan bogʻliq yuridik holatlarning qisqacha bayon etilishi, koʻrib chiqilayotgan davr va soliqlarning aniq turlari koʻrsatilgan holda.
Soʻrov oʻzbek, tojik yoki rus tilida berilishi kerak. Tomonlarning iltimosiga koʻra taqdim etiladigan material oʻzbek, tojik yoki rus tiliga tarjima qilinishi mumkin.
Soʻralayotgan soliq xizmati olingan koʻmaklashish toʻgʻrisidagi soʻrov boʻyicha qoʻshimcha axborotni talab qilishga haqlidir.
4-modda Koʻmaklashish toʻgʻrisidagi soʻrovni ijro etish tartibi
Vakolatli soliq organlari milliy qonunchilikka va oʻz vakolatlari doirasida bir-birlariga yordam koʻrsatadilar.
Soʻrayotgan soliq xizmati uning iltimosiga koʻra koʻmaklashish toʻgʻrisidagi soʻrov ijro etilayotgan harakat vaqti va joyi toʻgʻrisida xabardor qilinishi, uning vakillari bu toʻgʻrisida qoʻshimcha ravishda kelishilgan taqdirda uni oʻtkazishda hozir boʻlishlari mumkin.
Agar koʻmaklashish toʻgʻrisidagi soʻrov soʻralayotgan soliq xizmati tomonidan bajarilishi mumkin boʻlmasa, u soʻrov tushgan kundan boshlab 1 oy davomida bu haqda koʻmaklashish toʻgʻrisida rad etishning sabablari koʻrsatilgan holda soʻrayotgan soliq xizmatini yozma ravishda xabardor qiladi.
Agar koʻmaklashish toʻgʻrisidagi soʻrovning bajarilishi soʻralayotgan Tomonning milliy qonunchiligiga yoki maʼmuriy amaliyotiga zid boʻlsa koʻmaklashish toʻgʻrisidagi soʻrovning bajarilishi rad etilishi mumkin.
Soʻralayotgan Tomon uning hududida koʻmaklashish toʻgʻrisidagi soʻrovning bajarilishi bilan bogʻliq barcha xarajatlarni koʻtaradi.
5-modda Taqdim etiladigan axborotning mazmuni
Vakolatli soliq organlari oʻz tashabbusiga koʻra yoki koʻmaklashish toʻgʻrisidagi soʻrov boʻyicha quyidagilarga nisbatan bir-birlariga quyidagilarga taalluqli axborotni taqdim etadilar:
korxonalar, ularning filiallari va vakolatxonalarining roʻyxatdan oʻtkazilishi, jumladan ular joylashgan joy va ularning boʻysunishi, mulkchilik shakli va yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan davlat va tijorat banklarida hisoblar ochilishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shuningdek ularda pul mablagʻlari harakati mavjudligi;
mazkur Tomon hududida olingan yuridik va jismoniy shaxslar daromadlari va soliq solish obʼektlarining barcha turlari, soliqlarning toʻlangan summasi, yoxud soliq solish bilan bogʻliq boshqa axborot.
6-modda Hujjatlar va boshqa materiallarning taqdim etilishi
Soʻralayotgan soliq xizmati koʻmaklashish toʻgʻrisidagi soʻrov boʻyicha meʼyoriy hujjatlarni, hujjatlarning tasdiqlangan nusxalarini va soliq tekshiruvini bajarish uchun zarur boʻlgan boshqa materiallarni taqdim etadi.
Hujjatlarning asl nusxalari va boshqa materiallar tasdiqlangan nusxalar tekshirish uchun etarli boʻlmagan taqdirda talab qilinishi mumkin. Berilayotgan hujjatlarning asl nusxalari va boshqa materiallar kelishilgan muddatlarda qaytarilishi kerak.
Materiallar ushbu materiallarni talqin qilish uchun zarur boʻlgan qoʻshimcha axborot qoʻshimcha ravishda berilgan holda kompyuterlashtirilgan axborot koʻrinishida taqdim etilishi mumkin.
7-modda Axborotni berish tartibi
Koʻmaklashish toʻgʻrisidagi soʻrovlar, hujjatlar, materiallar va boshqa axborot Tomonlarning kelishuvi boʻyicha belgilanadigan tartibda beriladi.
Koʻmaklashish vakolatli soliq organlarining rahbarlari tomonidan belgilanadigan rasmiy mansabdor shaxslarning toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalari doirasida amalga oshiriladi.
8-modda Maxfiylikka rioya qilish
Muayyan soliq toʻlovchilarga tegishli axborotlar maxfiy hisoblanadi va soʻralayotgan soliq xizmatining talablariga muvofiq himoya rejimi bilan taʼminlanadi.
Olingan axborot Tomonlar tarafidan ushbu Bitimda nazarda tutilgan maqsadlarda, shu jumladan maʼmuriy yoki sud muhokamasi uchun foydalanilishi mumkin. Axborotdan boshqa maqsadlar uchun faqat soʻralayotgan Tomonning roziligi bilan foydalanish mumkin.
9-modda Bitimning ijro etilishi
Tomonlar ushbu Bitimni talqin qilish yoki qoʻllashda paydo boʻlishi mumkin boʻlgan nizoli masalalarni tartibga solishda oʻzaro kelishuvga erishishga intiladilar.
Tomonlar zaruriyat boʻlganda ushbu Bitimning qanday bajarilayotganligini baholash va unga oʻzgartishlar kiritish maqsadga muvofiqligi masalasida maslahatlashuvlar oʻtkazadilar. Bunday maslahatlashishlarning muddati Tomonlar tarafidan qoʻshimcha ravishda belgilanadi.
Ushbu Bitim qoidalarini amalga oshirish maqsadida Tomonlarning soliq organlari ayrim masalalar boʻyicha qoʻshimcha bitimlar tuzishi mumkin.
10-modda Bitimning kuchga kirishi va amal qilishining toʻxtatilishi
Ushbu Bitim imzolangan paytdan boshlab kuchga kiradi va Tomonlardan biri boshqa Tomonga uning amal qilishini toʻxtatish haqidagi oʻz niyati toʻgʻrisida yozma shaklda maʼlum qilgan kunga olti oy toʻlgandan keyin amal qilishni toʻxtatadi.
1997-yil 7-avgust Toshkent shahrida ikki nusxada, har biri oʻzbek, tojik va rus tillarida tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga egadir. Ushbu Bitimning ayrim qoidalarini talqin qilish maqsadlari uchun rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)
