Xorazm viloyati isteʼmolchilarini yoqilgʻi-energetika resurslari bilan taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (193-son)
05.07.2013
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Xorazm viloyati tashkilotlari va aholisini yoqilgʻi-energetika resurslari bilan barqaror taʼminlash tizimini takomillashtirish hamda keyinchalik uni respublikaning boshqa hududlarida joriy etish, tabiiy gazdan oqilona va samarali foydalanilishini taʼminlash, isteʼmol qilinayotgan energetika resurslari tarkibini isteʼmolchilarni koʻmirdan (briketlangan koʻmirdan) va maishiy gaz ballonlaridagi suyultirilgan gazdan foydalanishga oʻtkazish hisobiga yanada diversifikatsiyalash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Oʻzbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi, “Oʻzbekkoʻmir” ochiq aksiyadorlik jamiyati, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat raqobat qoʻmitasi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi hamda Xorazm viloyati hokimligining:
Xorazm viloyatining chakana va ulgurji tabiiy gaz isteʼmolchilarining bir qismini 2013-yil oxirigacha, qattiq yoqilgʻi bugʻqozon agregatlarini va tegishli gaz priborlarini oʻrnatgan holda, koʻmirdan (briketlangan koʻmirdan) va maishiy gaz ballonlaridagi suyultirilgan gazdan foydalanishga oʻtkazish;
“Xorazm koʻmir yetkazuvchi” unitar korxonasining koʻmirni (briketlangan koʻmirni) aniq manzilli yetkazib berish boʻyicha 6 ta filiallarini (keyingi oʻrinlarda filiallar deb ataladi), shuningdek Xorazm viloyatidagi “Shimolgaztaʼminot” unitar korxonasining maishiy gaz ballonlariga gaz toʻldirish boʻyicha 1 ta gaz toʻldirish stansiyasini, 3 ta gaz toʻldirish punktlarini va maishiy gaz ballonlarida suyultirilgan gazni realizatsiya qilish boʻyicha 6 ta tuman servis punktlarini (keyingi oʻrinlarda punktlar deb ataladi) 1 va 2-ilovalarga* muvofiq roʻyxatlar boʻyicha qoʻshimcha ravishda tashkil etish;
*1 va 2-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
Xorazm viloyati, Urganch shahri, Sanoatchilar koʻchasi manzilida joylashgan binolar va inshootlarni (Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining “Shovot-Kulovot” irrigatsiya tizimi boshqarmasining boʻsh turgan garaji va omborxonalarini) briketlangan koʻmir ishlab chiqarish korxonasi tashkil etish uchun, mustaqil baholash tashkiloti tomonidan aniqlanadigan qiymati boʻyicha, davlat ulushini koʻpaytirish hisobiga “Oʻzbekkoʻmir” ochiq aksiyadorlik jamiyati ustav fondiga berish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, tabiiy va suyultirilgan gazni, shuningdek koʻmirni (briketlangan koʻmirni) isteʼmolchilarga uzluksiz va kafolatli yetkazib berish tegishli ravishda:
tabiiy gazni (gaz quvurlari orqali) Xorazm viloyatining 3-ilovaga* muvofiq roʻyxat boʻyicha aholi punktlariga yetkazib berish — “Oʻztransgaz” aksiyadorlik kompaniyasining “Shimolgaztaʼminot” unitar korxonasi tomonidan;
*3-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
oxirgi isteʼmolchilargacha yetkazib berish sharti bilan maishiy gaz ballonlaridagi suyultirilgan gazni Xorazm viloyatining 4-ilovaga* muvofiq roʻyxat boʻyicha aholi punktlariga yetkazib berish — “Oʻztransgaz” aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan, koʻmirni (briketlangan koʻmirni) yetkazib berish — “Oʻzbekkoʻmir” ochiq aksiyadorlik jamiyati tomonidan taʼminlanadi.
*4-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
Koʻrsatib oʻtilgan tashkilotlarning rahbarlari Xorazm viloyati isteʼmolchilariga energiya resurslarini yetkazib berishdagi uzilishlar uchun shaxsan javobgar ekanliklari toʻgʻrisida ogohlantirilsin.
3. Belgilansinki:
“Xalq banki” DATBning “Oʻzbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi buyurtmanomalari boʻyicha ajratiladigan, 5-ilovaga* muvofiq prognoz jadvali boʻyicha qaytariladigan, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasi boʻyicha 11,7 mlrd soʻm miqdoridagi kredit mablagʻlari — filiallarni tashkil etish ishlarini, shu jumladan zarur qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish, zamonaviy transport vositalari, yuklash-tushirish mashinalari, texnologik, axborot-kommunikatsiya uskunalari sotib olishni moliyalashtirish;
*5-ilova berilmaydi.
“Oʻztransgaz” aksiyadorlik kompaniyasining 14,1 mlrd soʻm miqdoridagi oʻz va jalb etilgan mablagʻlari — punktlarni tashkil etish ishlarini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi.
4. Xorazm viloyati isteʼmolchilarini yoqilgʻi-energetika resurslari bilan barqaror taʼminlashga doir birinchi navbatdagi chora-tadbirlar rejasi 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Vazirliklar, idoralar, xoʻjalik boshqaruvi organlari, boshqa tashkilotlar rahbarlari va Xorazm viloyati hokimi zimmasiga birinchi navbatdagi chora-tadbirlar rejasida nazarda tutilgan tadbirlarning toʻliq hajmda va belgilangan muddatlarda bajarilishini taʼminlash yuzasidan shaxsan javobgarlik yuklansin.
5. “Oʻzbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi va “Oʻzbekkoʻmir” ochiq aksiyadorlik jamiyati:
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” kompaniyasi bilan birgalikda — toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomaga binoan, har yili tasdiqlanadigan jadval boʻyicha kamida 100,0 ming tonna hajmida koʻmir yetkazib berilishini;
Xorazm viloyati hokimligi bilan birgalikda — Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi “Shovot-Kulovot” irrigatsiya tizimi boshqarmasining “Oʻzbekkoʻmir” ochiq aksiyadorlik jamiyatiga berilayotgan boʻsh turgan garaji va omborxonalari negizida yiliga kamida 100,0 ming tonna briketlangan koʻmir ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻlgan korxonaning 2013-yil 1-avgustgacha boʻlgan muddatda ishga tushirilishini taʼminlasinlar.
6. “Oʻzbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi:
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi bilan birgalikda — toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar boʻyicha suyultirilgan gazning 2013-yilda 8,0 ming tonna hajmida va keyingi yillarda har yili tasdiqlanadigan jadval boʻyicha kamida 16,0 ming tonna hajmida uzluksiz yetkazib berilishini;
Xorazm viloyati hokimligi bilan birgalikda — 2013-yil 1-noyabrgacha boʻlgan muddatda, Xorazm gaz toʻldirish stansiyasini kengaytirish va yiliga 15,0 mingta maishiy gaz ballonlari ishlab chiqarishni tashkil etish yoʻli bilan uning quvvati koʻpaytirilishini;
Xorazm viloyati isteʼmolchilariga energiya resurslari yetkazib berishga jalb etilgan “Xorazm koʻmir yetkazuvchi” va “Shimolgaztaʼminot” unitar korxonalari ehtiyojlari uchun yonilgʻi-moylash materillari uzluksiz yetkazib berilishini taʼminlasin.
7. “Oʻzavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi “Oʻzbekkoʻmir” ochiq aksiyadorlik jamiyati va “Oʻztransgaz” aksiyadorlik kompaniyasi bilan birgalikda bir oy muddatda “Oʻzavtosanoat-lizing” masʼuliyati cheklangan jamiyati orqali 2013-yil 1-sentabrgacha boʻlgan muddatda lizing asosida:
“Xorazm koʻmir yetkazib beruvchi” unitar korxonasiga — koʻmir (briketlangan koʻmir) tashish uchun “ISUZU” rusumli 22 ta va “MAN” rusumli 6 ta yuk avtomobillari;
“Shimolgaztaʼminot” unitar korxonasiga — maishiy gaz ballonlaridagi gazni tashish uchun “ISUZU” rusumli 33 ta ixtisoslashtirilgan yuk avtomobillari yetkazib berish yuzasidan shartnomalar tuzilishini va ularning yetkazib berilishini taʼminlasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Iqtisodiyot vazirligi va Davlat raqobat qoʻmitasi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda tegishli filiallar va punktlar orqali sotiladigan briketlangan koʻmir va maishiy gaz ballonlaridagi suyultirilgan gazning barcha isteʼmolchilar uchun yagona chakana narxini shakllantirish tartibini ishlab chiqsin hamda belgilangan tartibda tasdiqlasin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat raqobat qoʻmitasi:
mustaqil baholash tashkiloti tomonidan aniqlangan qiymatning 80 foizi miqdoridagi diskont bilan, “Oʻzbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining davlat mulkida boʻlgan aksiyalarini “Xalq banki” DATBning jalb etilayotgan kreditlari boʻyicha garov bilan taʼminoti bersin;
filiallar va punktlar orqali sotiladigan koʻmir (briketlangan koʻmir) va maishiy gaz ballonlaridagi suyultirilgan gaz hajmlari va narxlari yuzasidan nazorat va monitoringni belgilangan tartibda amalga oshirsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Gʻ.I. Ibragimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2013-yil 5-iyul,
193-son
Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 5-iyuldagi 193-son qaroriga 6-ILOVA
Xorazm viloyati isteʼmolchilarini yoqilgʻi-energetika resurslari bilan barqaror taʼminlashga doir birinchi navbatdagi chora-tadbirlar
REJASI
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 28-son, 359-modda)
