2013-yilda tumanda moliyalashning barcha manbalari xisobidan yaratiladigan yangi ish oʻrinlarining parametrlari toʻgʻrisida (IV/13-3-son)
10.08.2012
Qashqadaryo viloyati Xalq deputatlari Nishon tuman Kengashining
Qarori
Tumanda aholini ish bilan taʼminlash va yangi ish oʻrinlari yaratish borasida ishlab chiqilgan aniq va manzilli dasturlar asosida 2012-yilning oʻtgan davrida tegishli korxona va tashkilotlar tomonidan yangi ish joylari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash, tadbirkorlik, kichik biznes, kasanachilik va bandlikning boshqa samarali shakllarini rivojlantirish boʻyicha muayyan ishlar amalga oshirilib, joriy yilning toʻqqiz oyida iqtisodiyot tarmoqlarida turli moliyaviy manbalar hisobidan jami 3342 ta yangi ish oʻrinlari yaratilishi kutilmoqda. (Dasturga nisbatan 101,3 foiz). Tahlillar yangi ish oʻrinlarini yaratish yuzasidan yillik Dastur barcha parametrlari ortigʻi bilan bajarilishini koʻrsatmoqda.
Endigi asosiy vazifalardan biri 2013-yilda aholi bandligini taʼminlash va yangi ish oʻrinlari yaratish boʻyicha barcha imkoniyatlarni inobatga olgan holda aniq va manzilli Dastur ishlab chiqilishini taʼminlashdan iboratdir.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumati tomonidan aholini ish bilan taʼminlashni yaxshilash uning turmush farovonligini oshirish, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng muhim ustuvor yoʻnalishlaridan biri qilib belgilab berilgan.
Aholini ish bilan taʼminlash va yangi ish oʻrinlari yaratish 2013-yilda ham eng ustuvor masalalardan biri boʻlishini chuqur his qilgan holda tuman hokimligi, korxona va tashkilotlar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan hamkorlikda tuman aholisi bandligini taʼminlash va yangi ish oʻrinlari yaratish Dasturining loyihasini tayyorlash boʻyicha muayyan ishlar olib borildi.
Tumanda 2013-yilda ish joylariga boʻlgan ehtiyoj va qoʻshimcha yangi ish oʻrinlarini tashkil etish boʻyicha takliflar oʻrganib chiqilganda yangi ish joylariga boʻlgan ehtiyoj jami 4557 tani, jumladan ishga joylashishga muhtojlar 2100 tani, mehnat resurslarining iqtisodiy faol aholi qismi oʻsishi 2500 tani, shundan kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari 1750 tani, mehnat va resurslarining iqtisodiy faol aholi qismi kamayishi (pensiyaga chiqqanlar, vafot etganlar va boshqalar) hisobiga 400 tani hamda tashqi mehnat migratsiyasidan qaytganlar hisobiga 350 tani tashkil etmoqda.
2013-yilda tashkil qilinadigan yangi ish oʻrinlari 4307 taga yaʼni, yangi ish joylariga boʻlgan ehtiyojni qondirish darajasi 49.5 foizni, mavjud boʻsh va vakant ish joylariga ishga joylashtirish 250 taga toʻgʻri kelmoqda.
Bundan tashqari tuman hokimligi tomonidan har bir fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va aholi punktlaridagi mavjud imkoniyatlar, bundan tashqari ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish Dasturlariga kiritilgan obyektlar hamda tadbirkorlik subyektlarining rejalari inobatga olinib, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari kesimida aniq va manzilli Dasturlar tayyorlanishi bilan birga, moliyaviy mablagʻ miqdori va manbalari aniq hisob-kitob qilinmoqda.
Bundan tashqari ijtimoiy obyektlarni foydalanishga topshirish, “Sanoat korxonalarini kengaytirish, texnik qayta qurollantirish va modernizatsiya qilish chora-tadbirlari” Dasturi va boshqa yangi ish oʻrinlari yaratish koʻzda tutilgan dasturlardagi koʻrsatkichlar ham olib chiqilib, ish oʻrinlari yaratish Dasturiga kiritilmoqda.
Shuningdek, tumandagi tijorat banklari kredit portfelidan kelib chiqib, aholiga va tadbirkorlik subyektlariga beriladigan imtiyozli kreditlar hisobiga yaratiladigan ish oʻrinlari ham inobatga olinmoqda.
Tumanda inqirozga qarshi choralarning 2012-2013-yillarga moʻljallangan Dasturning soʻzsiz bajarilishini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligiga erishish, aholini ish bilan taʼminlash va yangi ish oʻrinlari yaratishni taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonuni 15-moddasi hamda “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonuni 6-moddasiga asosan Xalq deputatlari Nishon tuman Kengashi qaror qiladi:
1. 2013-yil davomida tumanda yaratiladigan ish oʻrinlarining parametrlari 1-ilovaga, tuman ishchi komissiyasi roʻyxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. 2013-yilda yangi ish oʻrinlarini yaratish hududiy Dasturi parametrlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 28.11.2008-yildagi PF-4058-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan moliyaviy inqirozga qarshi kurash choralari doirasida shakllantirilganligi maʼqullansin.
3. Tuman hokimligining masʼul xodimlariga har oyda:
tuman boʻyicha hududlarga chiqqan holda 2013-yilda yangi ish oʻrinlari yaratish va aholi bandligini taʼminlash Dasturi ijrosini tanqidiy oʻrganib, mutasaddi tashkilotlar ishtirokida muhokama etib borish;
dasturlarni amalga oshirishda yoʻl qoʻyilayotgan qoloqlik va muammolarni aniqlab, ularni bartaraf qilish yuzasidan tegishli choralar koʻrish;
belgilangan vazifalarni talab darajasida bajarmagan tarmoqlar, tijorat banklari va korxonalar rahbarlarining — masʼuliyatini oshirish choralarini koʻrib chiqish yuzasidan tuman hokimligiga takliflar kiritib borish;
dasturlarga kiritilgan obyektlarning oʻz vaqtida ishga tushirilishini, Dastur parametrlarining toʻliq va sifatli bajarilishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatish vazifalari yuklatilsin.
4. Tuman iqtisodiyot boʻlimi (O. Nigmatov):
ushbu parametrlar boʻyicha ikki kun muddatda mutasaddi tashkilotlar bilan kelishilgan holda 2013-yilda har bir hududda yaratiladigan yangi ish oʻrinlari parametrlarini yana bir marotaba tahlil qilib tuman hokimligiga axborot kiritib, 2013-yilda yangi ish joylari yaratish va aholi bandligini taʼminlash Dasturining ijrosi monitoringini yuritish, investitsiya, lokalizatsiya, tarmoqlar, ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish va boshqa maqsadli dasturlar ijrosiga alohida eʼtibor qaratsin.
5. Tuman hokimining iqtisodiyot va ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari Z. Baratovga:
tegishli tashkilotlar bilan birgalikda moliyaviy sogʻlomlashtirish choralari qoʻllanilgan sharoitda ish joylarini tiklash, ulardagi boʻsh ish oʻrinlari va ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasini oshirish imkoniyati boʻlgan iqtisodiy nochor korxonalar hisobiga yaratiladigan yangi ish oʻrinlariga aniqlik kiritish hamda 2013-yilda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari tomonidan yangi ish oʻrinlarini tashkil etilishi va aholini ish bilan taʼminlashga keng jalb etish boʻyicha ishlarni faollashtirish vazifasi yuklatilsin.
6. Tumandagi barcha tijorat banklari boshqaruvchilariga fuqarolar yigʻinlari kesimida yangi kichik biznes subyektlarini tashkil etish, xizmat koʻrsatish va servis sohasini rivojlantirish, qishloqlarda birinchi navbatda mehnat bozorida tanglik kuzatilayotgan hududlarda, kichik hajmdagi korxonalar tashkil etishda kreditlar, shu jumladan imtiyozli kreditlar ajratishni 1-ilovaga muvofiq tasdiqlangan parametrlardan kelib chiqqan holda ishlab chiqish taʼsis etilsin.
7. Tuman hokimligining tegishli boʻlimlari iqtisodiyotning real sektori korxonalarini, ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmasini qoʻllab-quvvatlash, kichik biznes, xizmat koʻrsatish va servis sohasini, kasanachilikni rivojlantirish hisobiga yangi ish oʻrinlarini koʻpaytirish 1-ilovaga muvofiq tasdiqlangan parametrlarga moslashtirish vazifalari yuklatilsin.
8. Tuman hokimining oʻrinbosarlari I. Pinnayev, Sh .Norqobilov, Z. Baratov va O. Joʻrayeva hamda tumandagi tegishli korxona, tashkilot, muassasalar rahbarlari:
belgilangan ishlab chiqarish xizmat koʻrsatish, ijtimoiy va bozor infratuzilma obyektlarini belgilangan muddatlarda ishga tushirilishini taʼminlash;
korxonalarning mavjud ishlab chiqarish uskunalaridan toʻliq foydalanish imkoniyati va resurslarini aniqlab, raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish, boʻyicha texnologik jarayonlarni qayta tashkil etish yuzasidan aniq tadbirlarni amalga oshirish;
boʻsh turgan ishlab chiqarish binolari va ishlamayotgan uskunalarni belgilangan tartibda xususiylashtirish va tadbirkorlarga imtiyozli ravishda ijaraga berishni tashkil qilish;
bozor muhitiga tez moslashuvchi, oʻzgaruvchan texnologiyadan foydalanadigan, bozor konyunkturasini hisobga oladigan oʻlchamlari katta boʻlmagan yangi kichik biznes korxonalarining tashkil etilishini taʼminlash;
aholiga ijtimoiy va maishiy xizmat koʻrsatish tizimida yangi, shu jumladan kompleks xizmat koʻrsatish subyektlarini barpo qilish choralarini koʻrish;
fuqarolarga yer resurslari imkoniyatidan kelib chiqib, dehqon xoʻjaligi tashkil etish uchun qoʻshimcha yer maydonlarini ajratish;
norasmiy tarzda tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanayotgan fuqarolarni aniqlab, ularni amaldagi qonun talablariga mos ravishda faoliyatini tegishli tartibda rasmiylashtirish va yangidan tashkil etish maqsadida boʻlgan fuqarolarni har tomonlama koʻllab-quvvatlash;
hududlarning oʻziga xos muhitlari, kasbiy moyilligini va mavjud imkoniyatlarini hisobga olgan holda hunarmandchilik va badiiy kosibchilikni rivojlantirish hamda yoshlarni “Usta shogird” usulida kosibchilikka oʻqitish hisobiga parametrda belgilangan barcha koʻrsatkichlar ijrosini taʼminlasinlar.
9. Tuman hokimining iqtisodiyot va ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari Z. Baratovga:
qabul qilingan yangi ish oʻrinlari tashkil etish dasturini tumanning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha istiqbolli Dasturi bilan mutanosibligini taʼminlash;
har chorakda tahlil qilib, tegishli oʻzgartirishlarni kiritish hamda muhokama qilib borish vazifasi yuklatilsin.
10. Tuman statistika boʻlimi (O. Bozorov) va tuman bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi (M. Azizov) bilan birgalikda barcha tadbirlar hisobiga yaratilayotgan yangi ish joylari hisobining yuritilishini taʼminlasinlar.
11. Tuman bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi (M. Azizov), tuman iqtisodiyot boʻlimi (O. Nigmatov) bilan hamkorlikda:
tumanda yangi ish oʻrinlarining yaratilishi boʻyicha hududlar, tarmoqlar va korxonalar kesimida, yangi ish oʻrinlari tashkil etish va aholini ish bilan taʼminlash dasturining bajarilishi boʻyicha maʼlumotlarni jamlasin hamda maʼlumot va hisobotlarni viloyat mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish bosh boshqarmasiga taqdim etib borish;
2013-yilda yangi ish oʻrinlari yaratish va aholi bandligini taʼminlash dasturining tasdiqlangan asosiy parametrlarini 2013-yilda yangi tashkil etiladigan va kengaytiriladigan obyektlar (korxonalar, tashkilotlar, muassasalar, tadbirkorlik subyektlari, fermer va dehqon xoʻjaliklari hamda shu kabilar) kesimida muddatlar, moliyaviy manbalar, masʼullar boʻyicha aniqlashtirilgan holda tasdiqlash;
2013-yildan boshlab har oyda Xalq deputatlari Nishon tuman Kengashi deputatlari bilan birgalikda 2013-yilda yangi ish oʻrinlari yaratish va aholi bandligini taʼminlash Dasturining tasdiqlangan parametrlari bajarilishi, manzilli roʻyxatlarga kiritilgan obyektlarining ishga tushirilishini va belgilangan ish joylarining yaratilishini muhokama etib borish;
tumanda manfaatdor tashkilotlar rahbarlari jalb etilgan ishchi guruhlari tashkil etish, ular zimmasiga yangi ish joylari yaratish va aholi bandligini taʼminlash choralarini koʻrish, manziliy Dasturga kiritilgan korxonalarning tashkil etilishi va faoliyat yuritilishini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, jumladan roʻyxatdan oʻtkazish, moddiy texnika resurslaridan va muhandislik kommunikatsiyalaridan foydalanish, dastlabki sarmoyani shakllantirish va kreditlar olish, soliqqa tortish, mahsulotni sotish kabi muammolarni aniqlash va joyida hal etish choralarini koʻrish vazifasi topshirilsin.
12. Ushbu qaror Xalq deputatlari viloyat Kengashiga axborot uchun taqdim etilsin.
13. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Xalq deputatlari tuman Kengashining doimiy komissiyalari raislari zimmasiga yuklansin.
Xalq deputatlari tuman Kengashining raisi M. HAYITMURODOV
Yangi Nishon sh,
2012-yil 1-avgust,
IV/13-3-son
Xalq deputatlari Nishon tuman Kengashining 2012-yil 10-avgustdagi IV/13-3-sonli qaroriga 1-ILOVA
2013-yil davomida tumanda yaratiladigan ish oʻrinlarining parametrlari
Xalq deputatlari Nishon tuman Kengashining 2012-yil 10-avgustdagi IV/13-3-sonli qaroriga 2-ILOVA
2013-yilda tumanda moliyalashning barcha manbalari hisobidan yaratiladigan yangi ish oʻrinlarining parametrlari bajarilishi boʻyicha tuman ishchi komissiyasi
TARkibi
