Huquqiy axborotlarni almashish toʻgʻrisida
18.06.1997
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Ozarbayjon Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Ozarbayjon Respublikasi Hukumati, bundan keyin Tomonlar deb ataluvchilar,
doʻstlik va hamjihatlik munosabatlarini mustahkamlashni istab,
huquq sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga intilib,
ikkala davlatni qonun hujjatlari toʻgʻrisida oʻzaro xabardor qilishni yaxshilashga oid munosabatlarni rivojlantirish zarurligini anglab,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar ochiq eʼlon qilinadigan davlatlararo almashinishi kerak boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlar roʻyxati (ilova qilinadi)da belgilab qoʻyilgan masalalar boʻyicha huquqiy hujjatlar bilan ikki tomonlama axborot almashish zarurligini eʼtirof etadilar.
Yuqorida koʻrsatib oʻtilgan roʻyxat Tomonlarning oʻzaro shartlashuviga koʻra oʻzgartirilishi yoki toʻldirilishi mumkin.
2-modda
Tomonlardan har biri soʻralayotgan normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisidagi axborotni ikkinchi Tomonga taqdim etish majburiyatini oladilar.
Hamkorlik qilish yoʻlidagi Tomonlardan biridan olinadigan axborot uni bergan Tomonning roziligiga koʻra uchinchi Tomonga berilishi mumkin.
Hamkorlik yoʻlida olingan axborot Tomonlarning manfaatlariga zarar yetkazishda foydalanilishi mumkin emas.
3-modda
Tomonlar, milliy axborot vositalaridan foydalangan holda, huquqiy axborot bilan almashish uchun maʼlumotlarning oʻz etalonlari boʻladigan negizlarini tashkil etadilar.
4-modda
Tomonlar, huquqiy axborotni almashish tizimini tashkil etishga oid kelishib olingan chora-tadbirlarni amalga oshira borib, tegishincha:
subyektlar roʻyxati — axborotdan foydalanuvchilarni;
axborotning huquqiy rejimi: ommaviylik darajasini belgilovchi normativ jihatdan belgilangan qoidalarni, axborotni faktlar bilan asoslash, ulardan foydalanishga ruxsat berish, saqlash, tarqatish va muhofaza qilish tartibini belgilaydilar.
5-modda
Tomonlar adliya vazirliklarini huquqiy axborotlar tizimini tashkil etish va ularni almashish ishlarini muvofiqlashtiruvchilar etib belgilaydilar.
6-modda
Tomonlar (maʼlumotlarning etalon negizlaridan) birgalikda foydalanish uchun belgilangan huquqiy axborotning milliy vositalariga kirish uchun ruxsat berishni taʼminlaydilar, ularni nazorat qilinadigan ahvolda saqlaydilar, axborot maʼlumotlarining toʻliqligini, ishonchliligini va oʻz vaqtida berilishini kafolatlaydilar.
7-modda
Huquqiy axborot, odatdagidek, rus tilida va bepul beriladi. Axborotlar va materiallarni shoshilinch ravishda berish uchun elektron, faksimil va boshqa xil aloqa vositalaridan foydalanish mumkin.
8-modda
Tomonlar maʼlumotlar negizlarini almashtirishda bir-birlariga normativ-huquqiy hujjatlar klassifikatorlarini berishni zarur deb hisoblaydilar.
Huquqiy axborotlar Tomonlarning qonunchiligiga muvofiq almashtiriladi.
9-modda
Ushbu Bitim Tomonlarning boshqa xalqaro shartnomalariga oid huquqlari va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
10-modda
Ushbu Bitim Tomonlarning kelishuviga koʻra oʻzgartirilishi va toʻldirilishi mumkin.
Barcha oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar ushbu Bitimning ajralmas qismi boʻlib hisoblanadigan protokollar bilan rasmiylashtiriladi.
11-modda
Tomonlar oʻrtasidagi bahslar va anglashilmovchiliklar ikki tomonlama muzokaralar olib borish va maslahatlashuvlar yoʻli bilan hal etiladi.
12-modda
Ushbu Bitim uni kuchga kiritish uchun zarur boʻlgan davlat ichki tartibotlar Tomonlar tomonidan bajarilganligi toʻgʻrisida yozma holdagi xabar olingan sanadan boshlab kuchga kiradi va Tomonlardan biridan ushbu Bitimning amalda boʻlishini toʻxtatish niyati toʻgʻrisida ikkinchi Tomonning yozma holdagi xabari olingan kundan boshlab olti oy oʻtgunga qadar amalda boʻladi.
Toshkent shahrida 1997-yil 18-iyunda ikki nusxada, har biri oʻzbek, ozarbayjon va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega. Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilish maqsadida rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Ozarbayjon Respublikasi Hukumati oʻrtasidagi huquqiy axborotlarni almashish toʻgʻrisida Bitimga Ilova
Davlatlararo almashilinadigan normativ - huquqiy hujjatlar
ROʻYXATI
