Fuqarolik va oilaviy ishlar boʻyicha huquqiy yordam hamda huquqiy munosabatlar toʻgʻrisida
19.02.1998
Oʻzbekiston Respublikasi va Ukraina oʻrtasida
Shartnoma
Oʻzbekiston Respublikasi va Ukraina, bundan keyin — Ahdlashuvchi Tomonlar deb ataluvchilar,
xalqaro huquqning umumiy tan olingan normalariga amal qilib,
Ahdlashuvchi Tomonlar ikkalasi ham fuqarolarining shaxsiy va mulkiy huquqlarini teng huquqiy muhofaza qilishni taʼminlashga intilishdan kelib chiqib,
fuqarolik va oilaviy ishlar boʻyicha huquqiy yordam koʻrsatish borasidagi hamkorlikni rivojlantirishga muhim ahamiyat berib,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
I-boʻlim Umumiy qoidalar
I-qism Huquqiy muhofaza
1-modda Huquqiy muhofazaning taqdim etilishi
1. Ahdlashuvchi Tomonlardan har birining fuqarolari boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida oʻz shaxsiy va mulkiy huquqlari nisbatan ana shu Tomonning oʻz fuqarolaridek huquqiy muhofazadan foydalanadilar.
2. Ahdlashuvchi Tomonlardan har birining fuqarolari boshqa Ahdlashuvchi Tomonning fuqarolik va oilaviy ishlar vakolat doirasiga kiradigan sudlar, prokuraturalar (quyida “adliya muassasalari” deb ataluvchilar) va boshqa muassasalariga erkin va toʻsiqlarsiz murojaat qilish huquqiga ega, ushbu Ahdlashuvchi Tomon fuqarolari kabi ana shunday shartlarda ularda qatnashishlari, iltimos berishlari, daʼvo qilishlari va boshqa protsessual harakatlarni amalga oshirishlari mumkin.
3. Ushbu Shartnomaning qoidalari tegishli tarzda Ahdlashuvchi Tomonlarning hududlarida ularning qonunlariga binoan taʼsis etilgan yuridik shaxslarga qoʻllaniladi.
2-modda Boj toʻlashdan va xarajatlarni qoplashdan ozod qilish
1. Ahdlashuvchi Tomonlardan har birining fuqarolari boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida sud va notarial bojlari va xarajatlarini toʻlashdan va qoplashdan ozod qilinadilar, shuningdek, ushbu Ahdlashuvchi Tomonning oʻz fuqarolari uchun belgilangan shartlarda va hajmlarda bepul yuridik yordamdan foydalanadilar.
2. Ushbu moddaning 1-bandida nazarda tutilgan imtiyozlar aniq ish boʻyicha, shu jumladan, qarorni ijro etish boʻyicha amalga oshirilayotgan barcha protsessual harakatlarga tatbiq qilinadi.
3-modda Shaxsiy, oilaviy va mulkiy ahvol toʻgʻrisida hujjatlarni taqdim etish
1. Ushbu Shartnomaning 2-moddasida nazarda tutilgan imtiyozlar toʻgʻrisida iltimosnoma taqdim etgan shaxsning shaxsiy, oilaviy va mulkiy ahvoli toʻgʻrisidagi hujjatlar asosida beriladi. Ushbu hujjatlar hududida ushbu shaxs yashash va turish joyiga ega boʻlgan Ahdlashuvchi Tomonlarning vakolatli muassasalari tomonidan beriladi.
2. Agar iltimosnoma beruvchi shaxs Ahdlashuvchi Tomonlar hududida yashash yoki turish joyiga ega boʻlmasa, u holda ushbu moddaning 1-bandida nazarda tutilgan hujjatlar unga u fuqarosi boʻlgan Ahdlashuvchi Tomonning tegishli diplomatik vakolatxonasi yoki konsullik muassasasi tomonidan berilishi mumkin.
3. Imtiyozlar berish toʻgʻrisida iltimosnoma boʻyicha qaror chiqarayotgan adliya muassasasi hujjatlarni bergan muassasalardan qoʻshimcha maʼlumotlarni yoki zarur tushuntirishlarni talab qilishi mumkin.
II-qism Huquqiy yordam
4-modda Huquqiy yordam koʻrsatish
1. Ahdlashuvchi Tomonlarning adliya muassasalari fuqarolik va oilaviy ishlar boʻyicha ushbu Shartnoma qoidalariga muvofiq yordam beradilar.
2. Adliya muassasalari ushbu moddaning 1-bandida koʻrsatilgan ishlar boʻyicha boshqa muassasalarga ham huquqiy yordam koʻrsatadilar.
5-modda Munosabatlar tartibi
Huquqiy yordam koʻrsatishda Ahdlashuvchi Tomonlarning adliya muassasalari bir-birlari bilan agar ushbu Shartnoma bilan munosabatlarning boshqa tartibi belgilanmasa, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Ukraina Adliya vazirligi orqali munosabatga kirishadilar.
6-modda Huquqiy yordam hajmi
Ahdlashuvchi Tomonlarning adliya muassasalari soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomonning qonunchiligida nazarda tutilgan protsessual va boshqa harakatlarni bajarish yoʻli bilan, shu jumladan:
1) hujjatlarni tuzish va tegishli hujjatlar va materiallarning aslini yoki tasdiqlangan nusxalarini taqdim etish, shu jumladan joʻnatish;
2) mulkni xatlash, ashyoviy dalillarni joʻnatish va berish;
3) koʻzdan kechirish va tekshirib koʻrish;
4) ekspertiza oʻtkazish;
5) tomonlarni, uchinchi shaxslarni, guvohlarni, ekspertlarni soʻroq qilish;
6) soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomonning amaldagi qonunchiligiga muvofiq shaxslarni qidirish;
7) fuqarolik va oilaviy ishlar boʻyicha sud qarorlarini, jinoiy ishlarning fuqarolik daʼvosi qismi boʻyicha hukmlarni eʼtirof etish va ijro etish;
8) hujjatlarni topshirish bilan bir-birlariga yordam beradilar.
7-modda Huquqiy yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi iltimosnomaning mazmuni
1. Huquqiy yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi iltimosnomada quyidagilar boʻlishi kerak:
1) soʻrayotgan adliya muassasasi va soʻralayotgan adliya muassasasining nomi;
2) huquqiy yordam soʻralayotgan ishning nomi, iltimosnoma maqsadining bayoni va soʻralayotgan yordamning tavsifi;
3) tomonlarning, uchinchi shaxslarning, guvohlarning ismi va familiyalari, ularning yashash yoki turgan joyi, tugʻilgan joyi va vaqti, fuqaroligi, mashgʻuloti, yuridik shaxslar uchun — ularning nomi va joylashgan oʻrni toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
4) 3-kichik bandda koʻrsatilgan shaxslarning vakillari boʻlganda — ularning ismi, familiyasi va manzili;
5) zarur boʻlganda, shu davr mobaynida iltimosnoma bajarilishi kutilayotgan muddatni koʻrsatish.
2. Zarurat boʻlganda iltimosnomaga kerakli tartibda iltimosni bajarishni osonlashtiruvchi hujjatlarning tasdiqlangan nusxalari yoki ulardan koʻchirmalar ilova qilinadi.
3. Hujjatlarni topshirish toʻgʻrisidagi iltimosnomada oluvchining aniq manzili va hujjatlarning nomi ham koʻrsatilgan boʻlishi kerak.
4. Iltimosnoma soʻrayotgan adliya muassasasining tegishli mansabdor shaxsi tomonidan imzolangan va gerbli muhri bilan tasdiqlangan boʻlishi kerak.
8-modda Bajarish tartibi
1. Huquqiy yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi iltimosni bajarishda soʻralayotgan adliya muassasasi oʻz davlatining qonunchiligini qoʻllaydi. Iltimos qilayotgan tomonning adliya muassasasi iltimosiga koʻra u soʻrayotgan protsessual normalarini, agar faqat ular soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomonning qonunchiligiga zid boʻlmasa, qoʻllashi mumkin.
2. Agar soʻralayotgan adliya muassasasi huquqiy yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi iltimosni bajarishga vakolatli boʻlmasa, u iltimosni vakolatli muassasaga joʻnatadi va bu haqda soʻrayotgan adliya muassasasini xabardor qiladi.
3. Soʻrayotgan adliya muassasasining iltimosiga binoan soʻralayotgan adliya muassasasi unga va manfaatdor tomonlarga, agar soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomonning qonunchiligi bilan bunga yoʻl qoʻyiladigan boʻlsa, ularning iltimosni bajarish chogʻida ishtirok etishlari uchun huquqiy yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi iltimosni bajarish vaqti va joyi toʻgʻrisida oʻz vaqtida xabar qiladi.
4. Agar iltimosnomada koʻrsatilgan shaxsning aniq manzilgohi nomaʼlum boʻlsa u Ahdlashuvchi Tomon hududida boʻlgan qonunchiligiga asosan soʻralayotgan muassasa uning manzilgohini aniqlash uchun zarur boʻlgan choralar koʻradilar.
5. Ahdlashuvchi Tomonlarning adliya muassasalari huquqiy yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi iltimosni oʻz vaqtida va toʻliq bajarish uchun zarur chora-tadbirlarni koʻradilar. Iltimos bajarilgandan keyin adliya muassasasi zarurat boʻlganda soʻrayotgan adliya muassasasiga huquqiy yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi iltimosnomaga ilova qilingan hujjatlarni qaytaradi.
6. Ushbu Shartnomaning 19-moddasiga muvofiq huquqiy yordam koʻrsatish mumkin boʻlmagan taqdirda, soʻralayotgan adliya muassasasi soʻrayotgan adliya muassasasiga huquqiy yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi iltimosnomani va ilova qilingan hujjatlarni qaytaradi.
9-modda Guvohlarni va ekspertlarni chaqirish
1. Zarur boʻlganda Ahdlashuvchi Tomonlardan birining hududida ish sudda koʻrilayotganda qatnashish uchun boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududidagi guvohlar va ekspertlar chaqirilishi mumkin.
2. Soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomonning adliya muassasasi tomonidan berilgan chaqiriqnoma boʻyicha soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomonning adliya muassasasiga kelgan guvoh va ekspert, oʻzining fuqaroligidan qatʼi nazar, ushbu Ahdlashuvchi Tomon hududida uning davlat chegarasidan oʻtgungacha sodir etilgan qandaydir xatti-harakat munosabati bilan jinoiy yoki maʼmuriy javobgarlikka tortilishi, qamoqqa olinishi yoki jazolanishi mumkin emas. Ushbu shaxslar oʻzlarining koʻrib chiqilayotgan ish boʻyicha koʻrsatmalari yoki ekspertlar sifatidagi xulosalari munosabati bilan ham jinoiy yoki maʼmuriy javobgarlikka tortilishi, qamoqqa olinishi yoki jazolanishi mumkin emas.
3. Ushbu moddaning 2-bandida koʻrsatilgan shaxslar, agar ular soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomon hududidan, buning uchun imkoniyatga ega boʻlishsa-da, ularni soʻroq qilgan adliya muassasasi ularga bundan buyon ularning bu yerda boʻlishlariga zarurat yoʻqligini xabar qilgan kundan boshlab 15 kun oʻtgungacha ketishmasa, ushbu band bilan nazarda tutilgan kafolatlarni yoʻqotadilar. Ushbu shaxslar soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomon hududidan oʻziga aloqador boʻlmagan ayb bilan ketolmagan vaqt ushbu muddatga qoʻshilmaydi.
4. Guvohga va ekspertga yoʻlkira va soʻralgan davlatda boʻlish bilan bogʻliq xarajatlarni hamda ishda boʻlmagan kunlari uchun olinmagan ish haqini soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomon toʻlaydi. Ekspert ekspertiza oʻtkazganligi uchun ham haq olish huquqiga egadir. Chaqiriqnomada chaqirilgan shaxsning qanday toʻlovlarni olishga haqli ekanligi koʻrsatilgan boʻlishi kerak. Bunday shaxslarning iltimosnomalariga binoan soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomonning adliya muassasalari ularga tegishli xarajatlarni qoplash uchun avans toʻlaydi.
5. Ahdlashuvchi Tomonlardan birining hududida yashovchi guvoh va ekspertni boshqa Ahdlashuvchi Tomonning adliya muassasasiga chaqirish ular kelmagan taqdirda majbur qilish vositalarini qoʻllash tahdidi tusida boʻlmasligi kerak.
10-modda Hujjatlarni topshirish tartibi
1. Soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomonning adliya muassasasi hujjatlarni topshirishni, agar topshirilayotgan hujjatlar ushbu davlat tilida yoki rus tilida tuzilgan yoki zarur tartibda tasdiqlangan tarjima bilan taʼminlangan boʻlsa, ushbu Ahdlashuvchi Tomonning iltimosiga va uning hududida amalda boʻlgan qoidalarga muvofiq amalga oshiradi. Aks holda, u ularni ixtiyoriy ravishda qabul qilishga rozi boʻlsa, hujjatlarni u oluvchiga beradi.
2. Topshirish uchun moʻljallangan hujjatlarning tarjimasi toʻgʻriligini iltimos qilgan tomonning adliya muassasasi yoxud Ahdlashuvchi Tomonlardan birining diplomatik yoki konsullik vakili tasdiqlaydi.
3. Agar hujjatni iltimosnomada koʻrsatilgan manzil boʻyicha topshirish mumkin boʻlmasa, soʻralayotgan adliya muassasasi oʻz davlatining qonunchiligiga muvofiq manzilni aniqlash uchun zarur chora-tadbirlarni koʻradi. Manzilni aniqlashning iloji boʻlmagan taqdirda, soʻralayotgan adliya muassasasi soʻrayotgan adliya muassasasini bu haqda xabardor qiladi va topshirilishi kerak boʻlgan hujjatlarni unga qaytaradi.
11-modda Hujjatlarning topshirilishini tasdiqlash
Hujjatlarning topshirilishini tasdiqlash soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomon hududida amalda boʻlgan qonunchilikka muvofiq rasmiylashtiriladi. Tasdiqnomada hujjatning topshirilish usuli, joyi va vaqti, shuningdek hujjatlarni bergan shaxs koʻrsatilgan boʻlishi lozim. Hujjatlarning topshirilgani toʻgʻrisidagi tasdiqnoma soʻrayotgan adliya muassasasiga joʻnatiladi.
12-modda Diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalarining vakolatlari
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzlarining diplomatik vakolatxonalari yoki konsullik muassasalari orqali boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududidagi hujjatlarni topshirish va oʻz fuqarolarini soʻroq qilish huquqiga egadirlar. Bunda majburiy tusdagi choralarni qoʻllash yoki ularni qoʻllashga tahdid qilinmasligi lozim.
13-modda Hujjatlarning haqiqiyligi
1. Ahdlashuvchi Tomonlardan birining hududida muassasa yoki bunga maxsus vakolatli shaxs tomonidan oʻz vakolati doirasida belgilangan shaklda tayyorlangan yoki tasdiqlangan va gerbli muhr bilan tasdiqlangan hujjatlar boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida biron-bir maxsus guvohnomasiz qabul qilinadi.
2. Ahdlashuvchi Tomonlardan birining hududida rasmiy hujjatlar sifatida qaraladigan hujjatlar boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida rasmiy hujjatlarning tasdiqlovchi kuchi bilan foydalaniladi.
14-modda Fuqarolik holati toʻgʻrisidagi va boshqa hujjatlarni joʻnatish
Ahdlashuvchi Tomonlarning adliya muassasalari fuqarolik holati hujjatlarini qayd etish toʻgʻrisidagi guvohnomalarni, maʼlumot, mehnat staji toʻgʻrisidagi hamda oʻz davlatlari fuqarolarining va Ahdlashuvchi Tomonlarning hududida doimiy yashovchi boshqa shaxslarning shaxsiy yoki mulkiy manfaatlariga taalluqli boshqa hujjatlarni bevosita bir-biriga iltimos boʻyicha tarjimasiz va bepul joʻnatadilar.
15-modda Manzillarni va boshqa maʼlumotlarni aniqlash
1. Ahdlashuvchi Tomonlarning adliya muassasalari oʻz davlatlarining qonunchiligiga muvofiq, agar bu fuqarolarning huquqlarini amalga oshirish uchun talab qilinsa, Ahdlashuvchi Tomonlar hududlarida yashovchi shaxslar manzillarini aniqlashda iltimosga koʻra, bir-birlariga yordam beradilar. Bunda soʻrayotgan adliya muassasasi iltimosnomada koʻrsatilgan shaxs manzilini aniqlashga yordam berishi mumkin boʻlgan oʻzidagi mavjud maʼlumotlarni xabar qiladi.
2. Ahdlashuvchi Tomonlarning adliya muassasalari Ahdlashuvchi Tomonlar hududida yashaydigan, soʻrayotgan Tomonning adliya muassasalarida fuqarolik va oilaviy ishlar boʻyicha mulkiy talablar qoʻyilgan shaxslarning ish joyini yoki mashgʻuloti turini va daromadlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni aniqlashda bir-birlariga yordam beradilar.
16-modda Huquqiy masalalar boʻyicha axborot
Ahdlashuvchi Tomonlar adliya muassasalarining markaziy organlari iltimos boʻyicha bir-birlariga oʻz davlatlarida amaldagi va amalda boʻlgan qonunchilik toʻgʻrisida hamda uning adliya muassasalari tomonidan qoʻllanish amaliyoti toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etadilar.
17-modda Tillar
1. Ahdlashuvchi Tomonlarning adliya muassasalari ushbu Shartnomani bajarishda bir-biri bilan munosabatlarda oʻzbek, ukrain va rus tillaridan foydalanadilar.
2. Soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomon tilida joʻnatilayotgan hujjatlarga, agar ushbu Shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, ularning soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomon tilidagi yoki rus tilidagi tarjimasi ilova qilinadi.
3. Hujjatlarning yozma tarjimasi toʻgʻriligini tasdiqlash Ahdlashuvchi Tomonlar qonunchiligiga va ushbu Shartnoma qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
18-modda Huquqiy yordam koʻrsatish bilan bogʻliq xarajatlar
Soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomon huquqiy yordam koʻrsatish boʻyicha xarajatlarni qoplashni talab qilmaydi. Oʻz hududlarida huquqiy yordam koʻrsatishda paydo boʻlgan barcha xarajatlarni Ahdlashuvchi Tomonlarning oʻzlari qoplaydilar.
19-modda Huquqiy yordam koʻrsatishni rad etish
1. Huquqiy yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi iltimosnoma, agar uni bajarish davlat suverenitetiga yoki xavfsizligiga zarar keltirsa yoxud soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomon qonunchiligiga zid boʻlsa toʻliq yoki qisman rad etilishi mumkin.
2. Iltimosnomani qondirish rad etilgani toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomon bu haqda, rad etish sababi koʻrsatilgan holda, yozma ravishda xabardor qilinadi.
II-boʻlim Fuqarolik va oilaviy ishlar boʻyicha huquqiy munosabatlar
I-qism Vakolat
20-modda Umumiy qoidalar
1. Ushbu boʻlimning II — V qismlarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, Ahdlashuvchi Tomonlardan birining hududida yashash joyiga ega boʻlgan shaxslarga, ularning fuqaroligidan qatʼi nazar, daʼvolar ushbu Ahdlashuvchi Tomon sudlariga, yuridik shaxslarga esa daʼvolar hududida yuridik shaxsning boshqaruv organi joylashgan Ahdlashuvchi Tomon sudlariga taqdim qilinadi.
2. Har qaysi Ahdlashuvchi Tomon sudlari uning hududida:
1) javobgar korxonaning savdo, sanoat yoki boshqa xoʻjalik faoliyati amalga oshirilganda;
2) nizoga sabab boʻlgan shartnomadagi majburiyat bajarilganda yoki toʻliq yoxud qisman bajarilishi kerak boʻlganda;
3) shaʼni, qadr-qimmati va ishdagi obroʻsini himoya qilish toʻgʻrisidagi daʼvo boʻyicha daʼvogar doimiy yashash yoki turish joyiga ega boʻlganda ham vakolatli boʻladi.
3. Shaxsiy mulk huquqi va koʻchmas mulkka boshqa mulkiy huquqlar toʻgʻrisidagi daʼvolar boʻyicha mulk joylashgan yerdagi sudlar mutlaq vakolatlidir. Yuklar, yoʻlovchilar va bagajlar tashish shartnomalari boʻyicha tashuvchilarga daʼvolar belgilangan tartibda eʼtirozlar bildirilgan transport tashkiloti boshqarmasi joylashgan joyga taqdim qilinadi.
21-modda Shartnoma boʻyicha sudga tegishlilik
1. Agar tomonlarning nizoni ushbu sudlarga oʻtkazish toʻgʻrisidagi yozma kelishuvi mavjud boʻlsa, Ahdlashuvchi Tomonlarning sudlari ishni boshqa hollarda ham koʻrib chiqishlari mumkin. Bunda 20-moddaning 3-bandidan va ushbu boʻlimning II — V qismlari bilan belgilangan boshqa normalardan, shuningdek, tegishli Ahdlashuvchi Tomon qonunchiligidan kelib chiqadigan mutlaq vakolat Tomonlarning kelishuvi bilan oʻzgartirilishi mumkin emas.
2. Nizoni oʻtkazish toʻgʻrisida kelishuvlar mavjud boʻlgan taqdirda sud javobgarning arizasiga binoan ishni koʻrish uchun boshqa sudga oʻtkazadi.
22-modda Sud jarayonlarining oʻzaro bogʻliqligi
1. Ikkala Ahdlashuvchi Tomon sudlarida xuddi oʻsha Tomonlar oʻrtasida, xuddi shu predmet toʻgʻrisida va xuddi shu asoslarda ish boʻyicha sudlov qoʻzgʻatilganda ishni keyinroq qoʻzgʻagan sud sudlovni toʻxtatadi.
2. Ahdlashuvchi Tomonlarning roziligiga koʻra ishni ilgari qoʻzgʻatgan sud ham agar ushbu ish boshqa sudda, xususan dalillarning katta qismi joylashgan joy boʻyicha yanada tezroq va har tomonlama koʻrib chiqilishini eʼtirof etsa, ishga oid koʻrib chiqishni toʻxtatishi mumkin.
3. Aynan shu huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan qarshi daʼvo va chegirish toʻgʻrisidagi talab, xuddi asosiy daʼvodek, asosiy daʼvoni koʻrib chiqayotgan sudda koʻrib chiqiladi.
II-Qism Shaxsiy maqom
23-modda Huquqiy layoqat va muomalaga layoqat
1. Jismoniy shaxsning muomalaga layoqati ushbu shaxs fuqarosi boʻlgan Ahdlashuvchi Tomon qonunchiligi bilan belgilanadi.
2. Yuridik shaxsning huquqiy layoqati u hududida taʼsis etilgan Ahdlashuvchi Tomon qonunchiligi bilan belgilanadi.
24-modda Muomalaga cheklangan layoqatli yoki muomalaga layoqatsiz deb eʼtirof etish. Muomalaga layoqatni tiklash
1. Ushbu moddaning 2- va 3-bandlarida nazarda tutilgan hollardan tashqari, shaxsning muomalaga cheklangan layoqatliligi yoki muomalaga layoqatsizligi toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha ushbu shaxs fuqarosi boʻlgan Ahdlashuvchi Tomon sudi vakolatlidir.
2. Agar Ahdlashuvchi Tomonlardan birining sudiga uning hududida doimiy yashovchi, boshqa Ahdlashuvchi Tomonning fuqarosi boʻlgan shaxsning muomalaga cheklangan layoqatliligi yoki muomalaga layoqatsizligini eʼtirof etish asoslari maʼlum boʻladigan holda, u ushbu shaxs fuqarosi boʻlgan Ahdlashuvchi Tomon sudini bu haqda xabardor qiladi.
3. Agar muomalaga cheklangan layoqatli yoki muomalaga layoqatsiz deb eʼtirof etish uchun asoslardan xabardor qilingan Ahdlashuvchi Tomon sudi uch oy mobaynida ishni boshlamasa yoki oʻz fikrini xabar qilmasa, muomalaga cheklangan layoqatlilik yoki muomalaga layoqatsizlikni eʼtirof etish toʻgʻrisidagi ish hududida ushbu fuqaro yashash joyiga ega boʻlgan Ahdlashuvchi Tomon sudida koʻrib chiqiladi. Shaxsni muomalaga cheklangan layoqatli yoki muomalaga layoqatsiz deb eʼtirof etish toʻgʻrisidagi qaror ushbu shaxs fuqarosi boʻlgan Ahdlashuvchi Tomonning vakolatli sudiga joʻnatiladi.
4. Ushbu moddaning 1 — 3-bandlari qoidalari tegishli ravishda muomalaga layoqatlilikni tiklashga ham qoʻllanadi.
5. Ushbu moddaning 2- va 3-bandlarida nazarda tutilgan va kechiktirib boʻlmaydigan hollarda, shaxsni yoxud uning mol-mulkini muhofaza qilish uchun zarur chora-tadbirlarni hududida ushbu shaxs doimiy yashaydigan Ahdlashuvchi Tomon sudi mustaqil ravishda qabul qilishi mumkin. Ushbu chora-tadbirlar munosabati bilan qabul qilingan farmoyishlar ushbu shaxs fuqarosi boʻlgan Ahdlashuvchi Tomon sudiga joʻnatiladi.
25-modda Bedarak yoʻqolganlikni eʼtirof etish, vafot etgan deb eʼlon qilish. Oʻlim faktini belgilash
1. Shaxsni bedarak yoʻqolgan deb eʼtirof etish yoki vafot etgan deb eʼlon qilish toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha hamda oʻlim faktini belgilash toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha soʻnggi maʼlumotlarga koʻra u tirik boʻlgan vaqtda fuqarosi hisoblangan Ahdlashuvchi Tomonning sudlari vakolatlidir.
2. Ahdlashuvchi Tomonlardan har birining sudlari boshqa Ahdlashuvchi Tomon fuqarosini bedarak yoʻqolganligini yoki vafot etganligini eʼtirof etishi, shuningdek, huquq va manfaatlari ushbu Ahdlashuvchi Tomon qonunchiligida asoslangan uning hududida yashovchilarning iltimosnomasiga koʻra uning oʻlganlik faktini belgilashi mumkin.
3. Bedarak yoʻqolganlikni eʼtirof etish yoki vafot etgan deb eʼlon qilish va oʻlim faktini belgilash toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqishda Ahdlashuvchi Tomon sudlari oʻz davlati qonunchiligini qoʻllaydilar.
III-qism Oilaviy ishlar
26-modda Nikohdan oʻtish
1. Nikohga kiruvchi har bir shaxs uchun nikohdan oʻtish shartlari u fuqarosi hisoblanadigan Ahdlashuvchi Tomon qonunchiligi bilan belgilanadi. Bundan tashqari, nikohdan oʻtishga toʻsiqlarga nisbatan hududida nikohdan oʻtilayotgan Ahdlashuvchi Tomon qonunchiligi talablariga rioya etilishi kerak.
2. Nikohdan oʻtish shakli nikoh hududida tuzilayotgan Ahdlashuvchi Tomon qonunchiligi bilan belgilanadi.
27-modda Er-xotinlarning huquqiy munosabatlari
1. Er-xotinlarning shaxsiy va mulkiy huquqiy munosabatlari ular birgalikda yashash joyiga ega boʻlgan Ahdlashuvchi Tomon qonunchiligi boʻyicha belgilanadi.
2. Agar er-xotinlardan biri Ahdlashuvchi Tomonlardan birining hududida, ikkinchisi — boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida yashasa va shu bilan birga er-xotinning ikkalasi ham aynan bir fuqarolikka ega boʻlsa, ularning shaxsiy va mulkiy huquqiy munosabatlari ular fuqarosi hisoblanadigan Ahdlashuvchi Tomon qonunchiligi boʻyicha belgilanadi.
3. Agar er-xotindan biri Ahdlashuvchi Tomonlardan birining, ikkinchisi — Ahdlashuvchi Tomonlardan boshqasining fuqarosi hisoblansa va ulardan biri Ahdlashuvchi Tomonlardan birining hududida, ikkinchisi — Ahdlashuvchi Tomonlardan boshqasining hududida yashasa, u holda ularning shaxsiy va mulkiy-huquqiy munosabatlari hududida ular oxirgi birgalikdagi yashash joyiga ega boʻlgan Ahdlashuvchi Tomon qonunchiligi bilan belgilanadi.
4. Agar ushbu moddaning 3-bandida koʻrsatilgan shaxslar Ahdlashuvchi Tomonlar hududida birgalikdagi yashash joyiga ega boʻlishmagan boʻlsa, adliya muassasasi ishni koʻrib chiqayotgan Ahdlashuvchi Tomonning qonunchiligi qoʻllanadi.
5. Er-xotinlarning ularning koʻchmas mulkka boʻlgan huquqiy munosabatlari, ushbu mulk hududida joylashgan Ahdlashuvchi Tomon qonunchiligi boʻyicha belgilanadi.
6. Er-xotinlarning shaxsiy va mulkiy huquqiy munosabatlari toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha qonunchiligi ushbu moddaning 1-, 3-, 5-bandlariga muvofiq qoʻllanilishi kerak boʻlgan Ahdlashuvchi Tomon adliya muassasalari vakolatlidir.
28-modda Nikohni bekor qilish
1. Nikohni bekor qilish toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha er-xotinlar ariza berilgan vaqtda fuqarolari boʻlgan Ahdlashuvchi Tomon qonunchiligi qoʻllanadi.
2. Agar er-xotinlardan biri Ahdlashuvchi Tomonlardan birining, ikkinchisi — Ahdlashuvchi Tomonlardan boshqasining fuqarosi boʻlsa, adliya muassasasi nikohni bekor qilish toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqayotgan Ahdlashuvchi Tomon qonunchiligi qoʻllanadi.
29-modda Ahdlashuvchi Tomonlar adliya muassasalarining vakolatliligi
1. 28-moddaning 1-bandida nazarda tutilgan holatda nikohni bekor qilish toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha er-xotinlar ariza berilgan vaqtda fuqarolari boʻlgan Ahdlashuvchi Tomonning adliya muassasalari vakolatlidir. Agar ariza berilgan vaqtda er-xotinning ikkalasi ham boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida yashashsa, u holda ham ushbu Ahdlashuvchi Tomon adliya muassasalari vakolatlidir.
2. 28-moddaning 2-bandida nazarda tutilgan holatda nikohni bekor qilish toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha er-xotinning ikkalasi ham hududida yashaydigan Ahdlashuvchi Tomon adliya muassasalari vakolatlidir. Agar er-xotindan biri Ahdlashuvchi Tomonlardan birining hududida, ikkinchisi — Ahdlashuvchi Tomonlardan boshqasining hududida yashasa, u holda nikohni bekor qilish toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha er-xotinlar hududlarida yashaydigan ikkala Ahdlashuvchi Tomon adliya muassasalari vakolatlidir.
30-modda Nikohni haqiqiy emas deb eʼtirof etish
1. Nikohni haqiqiy emas deb eʼtirof etish toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha 26-moddaga muvofiq nikohdan oʻtishda qoʻllangan Ahdlashuvchi Tomon qonunchiligi qoʻllanadi.
2. Nikohni haqiqiy emas deb eʼtirof etish toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha Ahdlashuvchi Tomonlar adliya muassasalarining vakolatligi ushbu Shartnomaning 29-moddaga muvofiq belgilanadi.
31-modda Otalikni yoki onalikni belgilash va bekor qilish
Otalikni yoki onalikni belgilash va bekor qilish bola tugʻilishi boʻyicha fuqarosi hisoblangan Ahdlashuvchi Tomon qonunchiligi boʻyicha belgilanadi.
32-modda Ota-onalar va bolalar oʻrtasidagi huquqiy munosabatlar
1. Ota-onalar va bolalar oʻrtasidagi huquqiy munosabatlar hududida ular birgalikda yashash joyiga ega boʻlgan Ahdlashuvchi Tomonning qonunchiligi bilan belgilanadi.
2. Agar ota-onalar va bolalardan birontasining yashash joyi boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida joylashgan boʻlsa, ular oʻrtasidagi huquqiy munosabatlar bola fuqarosi boʻlgan Ahdlashuvchi Tomonning qonunchiligi bilan belgilanadi.
3. Nikohsiz tugʻilgan bola va uning onasi hamda otasi oʻrtasidagi huquqiy munosabatlar bola fuqarosi boʻlgan Ahdlashuvchi Tomonning qonunchiligi bilan belgilanadi.
4. Balogʻat yoshiga yetgan bolalardan alimentlar undirish toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha hududida aliment olishga daʼvogar shaxs yashash joyiga ega boʻlgan Ahdlashuvchi Tomonning qonunchiligi qoʻllanadi.
5. Ota-onalar va bolalar oʻrtasidagi huquqiy munosabatlar toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha ushbu moddaning 1-, 2-, 3- va 4-bandlariga muvofiq qonunchiligi qoʻllanadigan Ahdlashuvchi Tomonning sudi vakolatlidir.
33-modda Vasiylik va homiylik
1. Vasiylik va homiylikni belgilash yoki bekor qilish oʻziga nisbatan vasiylik yoki homiylik belgilanayotgan yoki bekor qilinayotgan shaxs fuqarosi boʻlgan Ahdlashuvchi Tomonning qonunchiligi boʻyicha amalga oshiriladi.
2. Vasiy va homiy bilan vasiylikka yoki homiylikka olinayotgan shaxs oʻrtasidagi huquqiy munosabatlar vasiy yoki homiyni adliya muassasasi tayinlagan Ahdlashuvchi Tomon qonunchiligi bilan tartibga solib boriladi.
3. Vasiylikni yoki homiylikni qabul qilish majburiyati vasiy yoki homiy etib tayinlanayotgan shaxs fuqarosi boʻlgan Ahdlashuvchi Tomonning qonunchiligi bilan belgilanadi.
4. Ahdlashuvchi Tomonlardan birining fuqarosi boʻlgan shaxsning vasiysi va homiysi etib boshqa Ahdlashuvchi Tomonning fuqarosi, agar u vasiylik yoki homiylik amalga oshiriladigan Ahdlashuvchi Tomon hududida yashasa, tayinlanishi mumkin.
34-modda Ahdlashuvchi Tomonlar adliya muassasalarining vasiylik va homiylik masalalaridagi vakolatliligi
Agar ushbu Shartnoma bilan boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, oʻziga nisbatan vasiylik yoki homiylik belgilanayotgan shaxs fuqarosi boʻlgan Ahdlashuvchi Tomonning adliya muassasalari vasiylik va homiylikni belgilash yoki bekor qilish toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha vakolatli hisoblanadi.
35-modda Vasiylik va homiylikka olishga oid chora-tadbirlar koʻrish tartibi
1. Bir Ahdlashuvchi Tomon fuqarosining manfaatlari yoʻlida, agar uning yashash joyi, doimiy turar joyi yoxud mulki boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida boʻlsa, vasiylik yoki homiylik boʻyicha choralar koʻrish zarur boʻlib qolgan hollarda ushbu Ahdlashuvchi Tomonning adliya muassasasi ushbu Shartnomaning 34-moddaga muvofiq zudlik bilan vakolatli adliya muassasasini xabardor qilib qoʻyadi.
2. Kechiktirish mumkin boʻlmagan hollarda boshqa Ahdlashuvchi Tomon oʻz qonunchilik hujjatlariga muvofiq zarur boʻlgan vaqtinchalik chora-tadbirlarni oʻzi koʻrishi mumkin. Bunda u 34-moddaga muvofiq vakolatli adliya muassasani xabardor qilib qoʻyishga majburdir. Ushbu chora-tadbirlar ushbu Shartnomani 34-moddada koʻrsatib oʻtilgan adliya muassasa tomonidan boshqa qaror qabul qilingunga qadar oʻz kuchini saqlab qoladi.
36-modda Vasiylik va homiylikka berish tartibi
1. Vasiylik va homiylikdagi shaxs ushbu Ahdlashuvchi Tomon hududida yashash joyiga, doimiy turar joyiga yoki mulkka ega boʻlgan hollarda 34-moddaga muvofiq vakolatli adliya muassasa vasiylik yoki homiylikni boshqa Ahdlashuvchi Tomon adliya muassasasiga berishi mumkin. Vasiylik yoki homiylikni berish soʻrayotgan adliya muassasasi vasiylik yoki homiylikni oʻziga qabul qilgan paytdan boshlab kuchga kiradi va bu haqda soʻralgan adliya muassasasi xabardor qilib qoʻyiladi.
2. Ushbu moddaning 1-bandiga muvofiq vasiylik yoki homiylikni qabul qilgan adliya muassasasi uni oʻz davlati qonunchiligiga muvofiq amalga oshiradi.
37-modda Farzandlikka olish
1. Farzandlikka olish yoki uni bekor qilish bola fuqarosi boʻlgan Ahdlashuvchi Tomonning qonunlariga hujjatlariga muvofiq farzandlikka olish yoki uni bekor qilish haqida ariza berilgan vaqtdan boshlab belgilanadi.
2. Agar bola boshqa Ahdlashuvchi Tomonning fuqarosi hisoblansa, farzandlikka olishda yoki uni bekor qilishda qonuniy vakilning va vakolatli davlat organining, shuningdek u fuqarosi hisoblangan Ahdlashuvchi Tomonning qonunchiligi shuni talab etsa, bolaning ham roziligini olish zarur.
3. Agar bolaning biri Ahdlashayotgan Tomonning fuqarosi, ikkinchisi esa boshqa Ahdlashayotgan Tomonning fuqarosi hisoblangan er-xotinlar tomonidan farzandlikka olinayotgan boʻlsa, farzandlikka olish yoki uni bekor qilish ikkala Ahdlashayotgan Tomon qonunchiligida nazarda tutilgan shartlarga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
4. Farzandlikka olish yoki uni bekor qilish toʻgʻrisida ariza berilgan paytda farzandlikka oluvchi fuqarosi hisoblangan Ahdlashuvchi Tomonning adliya muassasasi farzandlikka olish yoki uni bekor qilish ishlari boʻyicha vakolatlidir, Ushbu moddaning 3-bandida nazarda tutilgan hollarda esa er-xotinlar oxirgi birgalikdagi yashash joyiga yoki turar joyiga ega boʻlgan yoki hozir ega boʻlgan Ahdlashuvchi Tomon hududidagi adliya muassasasi vakolatlidir.
IV-qism Mulkiy huquqiy munosabatlar
38-modda Mulkchilik huquqi
1. Koʻchmas mulkka egalik qilish huquqi hududida koʻchmas mulk joylashgan Ahdlashuvchi Tomonning qonunchiligiga muvofiq belgilanadi. Qanday mulk koʻchmas hisoblanishi haqidagi masala hududida ushbu koʻchmas mulk joylashgan davlatning qonunchiligiga muvofiq hal etiladi.
2. Davlat reyestriga kiritilishi zarur boʻlgan transport vositalariga egalik huquqi hududida transport vositasini roʻyxatdan oʻtkazishni amalga oshirgan organ joylashgan Ahdlashuvchi Tomonning qonunchiligiga binoan belgilanadi.
3. Mulkka egalik huquqining paydo boʻlishi va bekor qilinishi yoki boshqa mulkka ashyoviy huquq bunday huquqning paydo boʻlishi yoki bekor qilinishiga asos boʻlib xizmat qiluvchi harakatlar yoki boshqa holatlar yuz bergan vaqtda hududida joylashgan Ahdlashuvchi Tomonning qonunchiligiga binoan belgilanadi.
4. Bitishuv mavzusi hisoblangan shaxsiy mulk huquqining yoki mulkka boshqa mulkiy huquqning paydo boʻlishi va bekor qilinishi tomonlar bitimlarida boshqacha koʻzda tutilgan boʻlmasa hududida kelishuv imzolangan tomonning qonunchiligi bilan belgilanadi.
39-modda Kelishuv shakllari
1. Kelishuv shakli u amalga oshirilgan joyning qonunchiligi bilan belgilanadi.
2. Koʻchmas mulkka oid va unga boʻlgan huquqlar boʻyicha kelishuvlar shakli hududida bunday mulk joylashgan Ahdlashuvchi Tomonning qonunchiligiga binoan belgilanadi.
40-modda Ishonch qogʻozi
Ishonch qogʻozining shakli va amalda boʻlish muddati hududida ishonch qogʻozi berilgan Tomonning qonunchiligiga koʻra belgilanadi.
41-modda Tomonlarning kelishuv boʻyicha huquq va majburiyatlari
Tomonlarning kelishuvlar boʻyicha huquq va majburiyatlari, agar tomonlarning bitimlari bilan boshqa tartib koʻzda tutilmagan boʻlsa, uni amalga oshirish joyidagi qonunchilik boʻyicha belgilanadi.
42-modda Zararni qoplash
1. Shartnomalar va boshqa huquqiy meʼyordagi harakatlardan kelib chiqqanlardan tashqari, zararni qoplash haqidagi majburiyatlar hududida zararni qoplash haqidagi talabga asos boʻlib xizmat qilgan harakat yoki boshqa holatlar yuz bergan Ahdlashuvchi Tomonning qonunchiligiga binoan belgilanadi.
2. Agar zarar keltiruvchi va zarar koʻrgan bir Ahdlashuvchi Tomonning fuqarosi hisoblansa, shu Ahdlashuvchi Tomonning qonunchiligi qoʻllaniladi.
3. Ushbu moddaning 1- va 2-bandlarida eslatilgan ishlar boʻyicha hududida zararni qoplash haqidagi talabga asos boʻlib xizmat qilgan harakat yoki boshqa holatlar yuz bergan Ahdlashuvchi Tomon sudi vakolatlidir. Zarar koʻrgan hududida javobgar yashash joyiga ega boʻlgan Ahdlashuvchi Tomon sudiga ham daʼvo arizasi berishi mumkin.
43-modda Daʼvo qoʻzgʻatish muddati
Daʼvo qoʻzgʻatish muddati masalalari tegishli huquqiy munosabatlar tartibga solinishi uchun qoʻllaniladigan qonun hujjatlariga muvofiq hal etiladi.
V-qism Meros qoldirish
44-modda Tenglik tamoyili
Har bir Ahdlashuvchi Tomonning fuqarolari boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida qonun boʻyicha mulk yoki huquqni qonun yoxud vasiyatnoma boʻyicha ushbu Ahdlashuvchi Tomon fuqarolariday teng shartlarda va hajmda meros qilib qoldirishlari mumkin.
45-modda Meros qilib olish huquqi
1. Mulkni meros qilib qoldirish huquqi, ushbu moddaning 2-bandida nazarda tutilgan hollardan tashqari, meros qilib qoldiruvchi hududida oxirgi turar joyiga ega boʻlgan Ahdlashuvchi Tomonning qonunchiligi boʻyicha belgilanadi.
2. Koʻchmas mulkni meros qilib qoldirish huquqi mulk hududida joylashgan Ahdlashuvchi Tomonning qonunchiligiga koʻra belgilanadi.
46-modda Merosning davlatga oʻtishi
Agar merosga qoldirishda qoʻllanilishi kerak boʻlgan Ahdlashuvchi Tomonning qonunchiligi boʻyicha merosxoʻr davlat boʻlsa, unda meros qilib qoldirilgan koʻchar mulk vafot etgan vaqtda meros qoldiruvchi fuqarosi hisoblangan Ahdlashuvchi Tomonga oʻtadi, meros qilib qoldirilgan koʻchmas mulk esa oʻzi joylashgan hududda Ahdlashuvchi Tomonga oʻtadi.
47-modda Vasiyatnoma
Shaxsning vasiyatnoma tuzish va uni bekor qilish qobiliyati, shuningdek vasiyatnomaning shakli va uni bekor qilish dalolatnoma tuzish vaqtida vasiyat qiluvchi yashash joyiga ega boʻlgan davlat huquqi boʻyicha belgilanadi.
48-modda Meros qilib olish ishlari vakolati
1. Koʻchar mulkni meros qilib olish haqidagi ishlar boʻyicha koʻrib chiqishi meros qoldiruvchi vafot etgan vaqtda hududida turar joyga ega boʻlgan Ahdlashuvchi Tomonning adliya muassasalari olib borishga vakolatlidir.
2. Koʻchmas mulkni meros qilib olish haqidagi ishlar boʻyicha koʻrib chiqishni mulk joylashgan hududdagi Ahdlashuvchi Tomon adliya muassasasi koʻrib chiqishga vakolatlidir.
3. Ushbu moddaning 1- va 2-bandlaridagi qoidalar meros toʻgʻrisidagi ishlar koʻrib chiqiladigan ishlar munosabati bilan paydo boʻladigan nizolarni koʻrib chiqishda ham qoʻllaniladi.
49-modda Meros qilib olish ishlari boʻyicha diplomatik vakolatxona yoki konsullik muassasasining vakolati
Meros ishlari boʻyicha, shu jumladan, meros qilib olish nizolari boʻyicha Ahdlashuvchi Tomonlardan har birining diplomatik vakolatxonasi yoki konsullik muassasasi, merosdan voz kechish huquqini istisno qilganda, oʻz davlatining fuqarolarini, agar ular boʻlmasalar yoki vakil tayinlamagan boʻlsalar, boshqa Ahdlashuvchi Tomonning muassasalarida maxsus ishonchnoma qogʻozisiz ifodalash uchun vakolatlidir.
50-modda Merosni muhofaza qilish choralari
1. Ahdlashuvchi Tomonlar adliya muassasalari oʻz qonunchiliklariga muvofiq boshqa Ahdlashuvchi Tomon fuqarolari tomonidan oʻz hududlarida qoldirilgan merosni muhofaza qilish yoki unga egalik qilish uchun zarur chora-tadbirlar koʻradilar.
2. Ushbu moddaning 1-bandiga muvofiq koʻrilgan choralar toʻgʻrisida meros beruvchi fuqarosi hisoblanadigan Ahdlashuvchi Tomonning diplomatik vakolatxonasi yoki konsullik muassasasi tezda xabardor qilinadi. Koʻrsatilgan vakolatxona yoki muassasa ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirishda ishtirok etishi mumkin.
3. Ushbu moddaning 1-bandiga muvofiq koʻrilgan chora-tadbirlar meros toʻgʻrisidagi ishni amalga oshirishga vakolati boʻlgan adliya muassasasi, shuningdek diplomatik vakolatxona yoki konsullik muassasasining iltimosiga koʻra, bekor qilinishi yoki kechiktirilishi oʻzgartirilishi mumkin.
51-modda Merosni oʻtqazish
1. Agar meros qolgan koʻchar mulk yoki meros qolgan koʻchar yoki koʻchmas mulkni sotishdan tushgan pul summasi meros qilib olishni koʻrib chiqish tugaganidan soʻng yashash joyi yoki turar joyi boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida joylashgan merosxoʻrlarga berilishi zarur boʻlsa, unda merosga qolgan mulk yoki tushgan pul summasi ushbu Ahdlashuvchi Tomon diplomatik vakilligi yoki konsullik muassasasiga beriladi.
2. Meros olish huquqi haqidagi ishlar boʻyicha vakolatli boʻlgan adliya muassasasi merosga qolgan mulkni diplomatik vakillik yoki konsullik muassasasiga oʻtqazish toʻgʻrisida farmoyish beradi.
3. Bu mulk merosxoʻrlarga berilish mumkin, agar:
1) meros qolgan mulk joylashgan Ahdlashuvchi Tomonning qonunchiligida belgilangan muddatda meros qoldiruvchining kreditorlari bildirgan barcha talablar toʻlangan yoki taʼminlangan boʻlsa;
2) meros qilib qoldirish bilan bogʻliq barcha yigʻimlar toʻlangan yoki taʼminlangan boʻlsa;
3) agar bu zarur boʻlsa, vakolatli muassasalar merosga qoldirilgan mulkni olib chiqib ketishga ruxsat bergan boʻlsa;
4. Pul summalarini oʻtkazish Ahdlashuvchi Tomonlar hududida amalda boʻlgan qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
III-boʻlim Qarorlarni eʼtirof etish va bajarish
52-modda Qarorlarni eʼtirof etish va bajarish
Ahdlashuvchi Tomonlardan har biri ushbu Shartnomada nazarda tutilgan shartlarda Ahdlashuvchi Tomon hududida chiqarilgan qonuniy kuchga kirgan quyidagi qarorlarni eʼtirof etadi va bajaradi:
1) adliya muassasalarining fuqarolik va oilaviy ishlar boʻyicha qarorlari, shuningdek shunday ishlar boʻyicha sud tomonidan tasdiqlangan yarashuv bitimlari (quyida — qarorlar);
2) jinoyat sodir etish natijasida koʻrilgan zararni qoplashga oid jinoiy ishlar boʻyicha sudlarning hukmlari.
53-modda Bajarilishi talab etilmaydigan qarorlarni eʼtirof etish
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomonning adliya muassasalari tomonidan chiqarilgan va qonuniy kuchga kirgan, oʻz xususiyatiga koʻra bajarilishi talab etilmaydigan qarorlar boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida maxsus ishlarni bajarmasdan quyidagi shartlarda eʼtirof etiladi, agar:
1) soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomonning adliya muassasalari ilgari bu ishlar boʻyicha qonuniy kuchga kirgan qarorlar chiqarmagan boʻlsalar;
2) ushbu Shartnomaga koʻra ish, qaror hududida eʼtirof etilishi boʻlgan Ahdlashuvchi Tomonning qonunchiligiga koʻra ular tomonidan nazarda tutilmagan hollarda ular Ahdlashuvchi Tomon adliya muassasalarining alohida vakolatlariga taalluqli boʻlmasa.
2. Ushbu moddadagi 1-bandning qoidalari vasiylik va homiylik boʻyicha qarorlarga ham, shuningdek fuqarolik holati hujjatlarini qayd etish organlari tomonidan chiqarilgan qarorlarga ham tegishli boʻladi.
54-modda Qarorlarni majburiy ijro etishga ruxsat berish toʻgʻrisida iltimosnoma
1. Qarorlarni majburiy ijro etishga ruxsat berish toʻgʻrisidagi iltimosnoma ijro etilishi kerak boʻlgan Ahdlashuvchi Tomonning vakolatli sudiga beriladi. Iltimosnoma birinchi pogʻonadagi ish boʻyicha qaror chiqargan sudga ham kiritilishi mumkin. Ushbu sud iltimosnomani iltimosnoma boʻyicha qaror chiqarish vakolatiga ega boʻlgan sudga joʻnatadi.
2. Iltimosnomaga quyidagilar ilova qilinadi:
1) qaror yoki uning tasdiqlangan nusxasi, shuningdek qaror qonuniy kuchga kirganligi va ijro etilishi kerakligi haqidagi rasmiy hujjat yoki u qonuniy kuchga kirgunga qadar ijro etilishi kerak boʻlgan, agar bu qarorning oʻzidan kelib chiqmasa, hujjat;
2) jarayonda ishtirok etmagan tomonga qarshi qaror chiqarilganligini, belgilangan tartibda va oʻz vaqtida sudga chaqirtirilganligini va kelmaganligi natijalari toʻgʻrisida xabardor boʻlganligi, uning protsessual muomalaga layoqatli emasligi hollari esa belgilangan ravishda aytilganligini bildiruvchi hujjat;
3) hujjat joʻnatilish vaqtida qarorlar qisman bajarilganligini tasdiqlovchi hujjat;
4) shartnomada kelishilgan sudli ishlar boʻyicha tomonlarning bitimini tasdiqlovchi hujjat.
3. Qarorlarni majburiy ijro etishga ruxsat berish toʻgʻrisidagi iltimosnoma va unga ilova qilingan hujjatlar soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomon tiliga yoki rus tiliga tarjima qilinib tasdiqlangan tarjimasi bilan taʼminlanadi.
55-modda Qarorlarni eʼtirof etish va majburiy bajarish tartibi
1. 52-, 54-moddada nazarda tutilgan qarorlarni eʼtirof etish va majburiy bajarishga ruxsat berish toʻgʻrisidagi iltimosnoma, hududida majburiy bajarish amalga oshiriladigan Ahdlashuvchi Tomonning sudlari tomonidan koʻrib chiqiladi.
2. Qarorlarni eʼtirof etish va majburiy bajarishga ruxsat berish haqidagi iltimosnomani koʻrib chiquvchi sud ushbu Shartnomada nazarda tutilgan shartlarga rioya qilinganligini belgilash bilan chegaralanadi. Shartlarga rioya qilingan hollarda, sud majburiy bajarish toʻgʻrisida qaror chiqaradi.
3. Majburiy bajarish tartibi hududida majburiy bajarilishi kerak boʻlgan Ahdlashuvchi Tomon qonunchiligi boʻyicha belgilanadi.
56-modda Qarorlarni eʼtirof etishni va ijro etishni rad etish
Quyidagi hollarda 52-, 54-moddada nazarda tutilgan majburiy ijro etish toʻgʻrisidagi qarorlarni eʼtirof etish uchun ruxsatnoma berishni rad etish mumkin:
1) hududida qaror chiqarilgan Ahdlashuvchi Tomonning qonunchiligiga muvofiq u qonuniy kuchga kirmaganda yoki ijro etilishi kerak boʻlmaganda, qaror qonuniy kuchga kirgunga qadar ijro etilishi kerak boʻlgan hollar bundan mustasnodir;
2) javobgar oʻziga yoki uning vakiliga oʻz vaqtida va tegishli ravishda sudga kelish uchun chaqiriq qogʻozi berilmaganligi sababli jarayonda qatnashmaganda;
3) ushbu Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi ushbu bahs boʻyicha shu qaror eʼtirof etilishi va ijro etilishi lozim boʻlgan va shu asosda Ahdlashuvchi Tomon hududida oldin ham qonuniy kuchga kirgan qaror chiqarilgan yoki uchinchi davlat sudining eʼtirof etilgan qarori boʻlgan yoxud ushbu Ahdlashuvchi Tomon muassasasi tomonidan ushbu ish boʻyicha koʻrib chiqish qoʻzgʻatilganda;
4) ushbu Shartnoma qoidalariga asosan, ushbu Shartnomada koʻzda tutilmagan vaziyatlarda esa hududida qaror tan olinishi va ijro etilishi zarur boʻlgan Ahdlashuvchi Tomonning qonunchiligiga asosan ish uning muassasalarining istisnoli vakolatiga taalluqli boʻlganda;
5) Shartnomada kelishilgan sudga tegishli ish boʻyicha tomonlarning bitimini tasdiqlovchi hujjat boʻlmaganda;
6) sud koʻrib chiqayotgan qarorlarni eʼtirof etish va ijro etish toʻgʻrisidagi iltimosnoma Ahdlashuvchi Tomonlarning qonunchiligida nazarda tutilgan majburiy ijro etish muddati oʻtib ketganda.
IV-boʻlim Yakunlovchi qoidalar
57-modda Ushbu Shartnomani qoʻllash masalalari
1. Ushbu Shartnomani qoʻllashda paydo boʻladigan masalalar oʻzaro kelishuvga koʻra vakolatli adliya muassasalari tomonidan hal etiladi. Zaruriyat boʻlganda kelib chiqqan anglashilmovchiliklarni tartibga solish maqsadida Ahdlashuvchi Tomonlarning tegishli davlat organlari vakillaridan iborat qoʻshma Komissiya tuzilishi mumkin.
2. Ahdlashuvchi Tomonlar adliya muassasalarining markaziy organlari tomonidan ushbu Shartnoma qoidalarini amalda oshirish masalalari boʻyicha idoralararo xalqaro shartnomalar tuzilishi mumkin.
58-modda Boshqa xalqaro Shartnomalarga munosabat
1. Ushbu Shartnoma Ahdlashuvchi Tomonlar ishtirokchilar boʻlgan boshqa xalqaro shartnomalarining qoidalariga daxl qilmaydi.
2. Ushbu Shartnoma kuchga kirgandan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi va Ukraina ishtirokchilar boʻlgan 1993-yildagi Fuqaro, oilaviy va jinoiy ishlar boʻyicha huquqiy yordam hamda huquqiy munosabatlar toʻgʻrisidagi Konvensiya qoidalari ushbu Shartnoma qoidalariga qarshi qilmagan darajada Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida qoʻllaniladi.
59-modda Qoʻshimchalar va oʻzgartirishlarni kiritish
Ushbu Shartnomaga Ahdlashuvchi Tomonlarning oʻzaro kelishuvi boʻyicha ushbu Shartnomaning 60-moddasida nazarda tutilgan shartlarga binoan kuchga kiradigan qoʻshimchalar va oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
60-modda Shartnomani kuchga kiritish
Ushbu Shartnoma ratifikatsiya qilinishi kerak va ratifikatsiya yorliqlari bilan almashishilgan sanadan boshlab oʻttizinchi kuni kuchga kiradi.
61-modda Amal qilish muddati
Ushbu Shartnoma kuchga kirgan sanasidan boshlab besh yil davomida amal qiladi hamda uning amal qilish muddati, agar Ahdlashuvchi Tomonlardan biri boshqa Ahdlashuvchi Tomonga uning amal qilishini toʻxtatish oʻz istagi toʻgʻrisida yozma xabarnomani yubormasa, keyingi besh yillik davrga oʻz-oʻzidan uzaytiriladi. Shartnoma boshqa Ahdlashuvchi Tomon bunday xabarnoma olgan sanadan boshlab olti oy oʻtishi bilan oʻz kuchini yoʻqotadi.
62-modda Vaqtga koʻra amal qilish
Ushbu Shartnomaning amal qilishi u kuchga kirgunga qadar paydo boʻlgan huquqiy munosabatlarga ham joriy etiladi.
Kiyev shahrida 1998-yil 19-fevralda ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, ukrain va rus tillarida tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga ega. Ushbu Shartnomani talqin qilish maqsadida rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)
