Oʻzbekiston Respublikasi bilan Gretsiya Respublikasi oʻrtasida Konsullik konvensiyasi
02.03.1999
Oʻzbekiston Respublikasi va Gretsiya Respublikasi, bundan keyin — Ahdlashuvchi Tomonlar deb ataluvchilar,
ikkala davlat, ularning yuridik shaxslari va fuqarolarining huquq hamda manfaatlarini samaraliroq himoya qilish, Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida doʻstlik va hamkorlikni mustahkamlash maqsadida oʻzlarining konsullik munosabatlarini rivojlantirish istagiga amal qilib,
1963-yil 24-apreldagi Konsullik aloqalari toʻgʻrisidagi Vena konvensiyasi qoidalarini rivojlantirishni istab,
ushbu Konvensiya bilan tartibga solinmagan masalalar boʻyicha yuqorida aytib oʻtilgan Konsullik aloqalari toʻgʻrisidagi Vena konvensiyasining normalari qoʻllanilishini tasdiqlab,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-boʻlim Tushunchalar
1-modda
Ushbu Konvensiyada ishlatiladigan atamalar quyidagi maʼnoga ega:
1) “yuboruvchi davlat” quyida aniqlangan maʼnodagi konsullik mansabdor shaxslarini tayinlaydigan Ahdlashuvchi Tomonni anglatadi;
2) “qabul qiluvchi davlat” hududida konsullik mansabdor shaxslari oʻz vazifalarini bajaradigan Ahdlashuvchi Tomonni anglatadi;
3) “konsullik muassasasi” bosh konsulxona, konsulxona yoki vitse-konsulxonani anglatadi;
4) “konsullik okrugi” qabul qiluvchi davlatning konsullik muassasasiga konsullik vazifalarini bajarish uchun ajratilgan hududini anglatadi;
5) “konsullik muassasasi boshligʻi” shu sifatda harakat qilish vakolati berilgan shaxsni anglatadi;
6) “konsullik mansabdor shaxsi” shu sifatda konsullik vazifalarini bajarish yuklatilgan har qanday shaxsni, jumladan konsullik muassasasi boshligʻini ham anglatadi.
Quyidagilar konsullik mansabdor shaxsi boʻlishi mumkin:
a) yuboruvchi davlatning fuqarosi boʻlgan, qabul qiluvchi davlatda doimiy rezident boʻlmagan va foyda olish maqsadida xususiy tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanmaydigan shtatli konsullik mansabdor shaxsi;
b) fuqaroligidan qatʼi nazar, qabul qiluvchi davlatda bu lavozimga tayinlangan va u yerda, oʻzining konsullik faoliyatidan tashqari, foyda olish maqsadida xususiy tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullana oladigan faxriy konsullik mansabdor shaxsi;
7) “konsullik xizmatchisi” konsullik muassasasida maʼmuriy yoki texnik vazifalarni bajaruvchi har qanday shaxsni anglatadi;
8) “xizmat koʻrsatuvchi xodim” faqatgina konsullik muassasasiga xizmat koʻrsatish boʻyicha vazifalarni bajaruvchi har qanday shaxsni anglatadi;
9) “konsullik muassasasi xodimi” konsullik mansabdor shaxslarini, konsullik xizmatchilari va xizmat koʻrsatuvchi xodimlarni anglatadi;
10) “xususiy uy xizmatchisi” konsullik mansabdor shaxsining faqatgina xususiy xizmatida boʻlgan shaxsni anglatadi;
11) “oila aʼzosi” konsullik xodimining xotini yoki eri, ularning farzandlari va ota-onalarini, ular konsullik xodimi bilan birga yashashlari va uning qaramogʻida boʻlishlari sharti bilan, anglatadi;
12) “konsullik binolari” mulk huquqi kimga tegishliligidan qatʼi nazar, faqatgina konsullik muassasasi maqsadlari uchun foydalaniladigan binolar yoki ularning qismlarini va ushbu bino yoki bino qismlariga xizmat qiluvchi yer maydonini anglatadi;
13) “konsullik arxivlari” saqlash va saqlanishi taʼminlanishi uchun moʻljallangan barcha qogʻozlar, hujjatlar, xat-xabarlar, kitoblar, filmlar, ovoz yozish lentalari hamda shifrlar va kodlar, kartotekalar va har qanday jihozlar bilan birga konsullik muassasasi reyestrlarini oʻz ichiga oladi;
14) “yuboruvchi davlat kemasi” yuboruvchi davlat bayrogʻi ostida suzish huquqiga ega boʻlgan va shu davlatda roʻyxatga olingan har qanday kemani anglatadi, harbiy kemalar bundan istisno;
15) “yuboruvchi davlat havo kemasi” yuboruvchi davlatda uning qonunlariga muvofiq roʻyxatga olingan har qanday havo kemasini, jumladan davlatga tegishli boʻlgan havo kemalarini anglatadi, harbiy havo kemalari bundan istisno.
2-boʻlim Konsullik aloqalarini oʻrnatish va amalga oshirish
2-modda
1. Konsullik muassasasi qabul qiluvchi davlat hududida faqat shu davlatning roziligi bilan ochilishi mumkin.
2. Konsullik muassasasining manzilgohi, uning darajasi, konsullik okrugi va konsullik mansabdor shaxslarining soni yuboruvchi davlat tomonidan aniqlanadi hamda qabul qiluvchi davlat tomonidan maqullanishi lozim boʻladi.
Bu tartib konsullik muassasasining manzilgohi, uning darajasi, konsullik okrugi yoki konsullik muassasasi xodimlari sonining har qanday oʻzgarishi holida saqlanib qoladi.
3-modda
1. Yuboruvchi davlat har qanday konsullik mansabdor shaxsining tayinlanishi toʻgʻrisida qabul qiluvchi davlatni diplomatik kanallar orqali xabardor qiladi va konsullik muassasasi boshligʻini tayinlashda unga konsullik patenti yoki boshqa shunga oʻxshash hujjatni yuboradi. Bu hujjatda konsullik muassasasi boshligʻining toʻliq ismi, darajasi va fuqaroligi, shuningdek konsullik muassasasining manzilgohi va okrugi koʻrsatiladi.
2. Qabul qiluvchi davlat oʻz hududida amal qiluvchi qoidalar va protseduralarga muvofiq mumkin qadar qisqa muddatda konsullik muassasasi boshligʻiga ekzekvatura yoki boshqa turdagi yozma ruxsatnoma beradi. Ekzekvaturada, xususan, konsullik muassasasining manzilgohi va konsullik okrugining chegaralari koʻrsatiladi.
3. Ekzekvatura yoki boshqa ruxsatnomani olishi bilan konsullik muassasasi boshligʻi oʻz vazifalarini bajarishga kirishgan deb hisoblanadi va unga ushbu Konvensiya qoidalari taalluqli boʻladi. Ekzekvatura yoki boshqa ruxsatnoma olinguniga qadar konsullik muassasasi boshligʻi oʻz vazifalarini vaqtincha bajarishga qoʻyilishi mumkin, bunda ushbu Konvensiya qoidalari vaqtincha tatbiq etiladi.
4. Konsullik muassasasi boshligʻiga ekzekvatura yoki boshqa ruxsatnoma berish rad etilgan yoki toʻxtatib turilgan holda qabul qiluvchi davlat yuboruvchi davlatga bunday rad etishning yoki toʻxtatib turishning sabablarini maʼlum qilishga majbur emas. Bunday holda yuboruvchi davlat bu shaxsni chaqirib olishga yoki uning vazifalarini toʻxtatishga, bunday imkoniyat boʻlgan holda, majbur.
4-modda
Konsullik muassasasi boshligʻiga oʻz vazifalarini bajarishga ruxsat berilishi bilanoq, bu vaqtinchalik boʻlsa ham, qabul qiluvchi davlat bu haqda konsullik okrugining vakolatli organlarini xabardor qiladi. Bundan tashqari u konsullik muassasasi boshligʻi oʻz majburiyatlarini bajara olishi va ushbu Konvensiyada qoidalarining imtiyozlaridan foydalana olishi uchun zarur boʻlgan choralar koʻrilishini taʼminlaydi.
5-modda
1. Qabul qiluvchi davlat konsullik muassasasining har qanday xodimining tayinlanishi va uning qabul qiluvchi davlatdagi xususiy manzilgohi toʻgʻrisida diplomatik kanallar orqali xabardor qilinishi kerak.
2. Qabul qiluvchi davlat xabar qilish vaqtida yoki keyinchalik istalgan shaxsni konsullik mansabdor shaxsi, konsullik xizmatchisi yoki xizmat koʻrsatuvchi xodim sifatida tan olishni rad etishi mumkin. Bunday holda yuboruvchi davlat bu shaxsni chaqirib olishi yoki konsullik muassasasida uning vazifalarini toʻxtatishi, bunday imkoniyat boʻlgan holda, kerak.
6-modda
1. Qabul qiluvchi davlatda akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik vakolatxona boshligʻi diplomatik xodimlardan biri yoki bir nechtasini konsullik vazifalarini bajarish uchun tayinlashi mumkin. Bunday tayinlash toʻgʻrisida qabul qiluvchi davlatning Tashqi ishlar vazirligiga rasmiy ravishda maʼlum qilinadi.
2. Ushbu moddaning 1-bandida koʻrsatilganidek diplomatik xodimlar tomonidan konsullik vazifalarining bajarilishi ular shu vakolatxonaning diplomatik xodimlari sifatida foydalanadigan imtiyoz va immunitetlarga taʼsir qilmaydi.
7-modda
1. Agar konsullik muassasasi boshligʻi oʻz vazifalarini vaqtincha bajara olmasa yoki konsullik muassasasi boshligʻi lavozimi boʻsh boʻlsa, yuboruvchi davlat boshqa shaxsni konsullik muassasasining boshligʻi sifatida vaqtincha harakat qilishga tayinlashi mumkin. Bunday tayinlash toʻgʻrisida qabul qiluvchi davlatning Tashqi ishlar vazirligiga xabar qilinadi. Mazkur shaxs bunday vazifalarni bajarish vaqtida u oʻrnini bosgan konsullik muassasasi boshligʻi foydalanadigan huquq va imtiyozlardan foydalanadi.
2. Biroq shuni hisobga olish kerakki, qabul qiluvchi davlat, ushbu moddaning 1-bandida aytilganidek, vaqtincha konsullik muassasasiga boshliq etib tayinlangan shaxsga amaliyoti yoki ishlatilishi ushbu Konvensiyada koʻzda tutilgan va bu shaxsga tatbiq etilmaydigan huquq, imtiyoz va immunitetlarni taqdim etishga majbur emas.
3. Agar yuboruvchi davlat diplomatik vakolatxonasining diplomatik xodimi qabul qiluvchi davlatda ushbu modda 1-bandining qoidalariga muvofiq konsullik muassasasi boshligʻining vazifalarini vaqtincha ijro etuvchi qilib tayinlansa, u diplomatik imtiyoz va immunitetlardan foydalanadi.
8-modda
1. Agar yuboruvchi davlatning diplomatik vakolatxonasi boʻlmasa, konsullik mansabdor shaxsiga, qabul qiluvchi davlatning roziligi bilan va uning konsullik maqomini oʻzgartirmasdan, diplomatik aktlarni bajarish vakolati berilishi mumkin. Konsullik mansabdor shaxsining bunday aktlarni bajarishi unga diplomatik imtiyoz va immunitetlarga daʼvo qilish huquqini bermaydi.
2. Qabul qiluvchi davlat xabardor qilinganidan keyin konsullik mansabdor shaxsi har qanday hukumatlararo tashkilot huzurida yuboruvchi davlatning vakili sifatida harakat qilishi mumkin. Shu sifatda harakat qilib, u bunday vakilga xalqaro huquq yoki xalqaro shartnomalar beradigan barcha imtiyoz va immunitetlardan foydalanish huquqiga ega; biroq u har qanday konsullik vazifasini bajarishi xususida u ushbu Konvensiyaga muvofiq konsullik mansabdor shaxsi huquqqa ega boʻlganidan ortiq yurisdiksiyadan immunitet huquqiga ega emas.
9-modda
Qabul qiluvchi davlat Tashqi ishlar vazirligi yoki bu vazirlik koʻrsatgan organ quyidagilar toʻgʻrisida xabardor qilinishi zarur:
a) konsullik muassasasi xodimlarining tayinlanishi, ularning tayinlangandan soʻng konsullik muassasasiga kelishi, ularning batamom ketishi yoki vazifalarining toʻxtalishi hamda konsullik muassasasida ishlash mobaynida roʻy berishi mumkin boʻlgan, ularning maqomiga taʼsir qiladigan barcha boshqa oʻzgarishlar;
b) konsullik muassasasi xodimining oila aʼzosi boʻlgan va u bilan doimiy birga yashaydigan shaxsning kelishi va batamom ketishi, shuningdek, tegishli hollarda, u yoki bu shaxs bunday oila aʼzosi boʻlishi yoki oila aʼzoligidan chiqishi;
s) xususiy uy xizmatchilarining kelishi va batamom ketishi va, tegishli hollarda, ularning bu sifatdagi xizmatlarining toʻxtatilishi;
d) imtiyoz va immunitetlarga huquqi boʻlgan konsullik muassasasi xodimlari yoki xususiy uy xizmatchilari sifatida qabul qiluvchi davlatda yashaydigan shaxslarni yollash va boʻshatish.
3-boʻlim Imtiyoz va immunitetlar
10-modda
1. Yuboruvchi davlat qabul qiluvchi davlatning qonunlari taʼminlaydigan shartlarga muvofiq va istalgan shaklda quyidagi huquqlarga ega:
a) konsullik muassasasini tashkil etish uchun, konsullik muassasasi boshligʻining qarorgohi uchun yoki istalgan shtatli konsullik mansabdor shaxsining qarorgohi uchun yer maydonlarini, binolar yoki binolarning qismlarini va zarur qoʻshimcha xonalarni mulk qilib olish, foydalanish yoki boshqa har qanday qonuniy shaklda egalik qilish;
b) yuqorida koʻrsatilgan maqsadlarda u sotib oladigan, foydalanadigan yoki har qanday boshqa qonuniy shaklda egallaydigan yer maydonlarida, agar qabul qiluvchi davlat qonunlari bilan ruxsat etilsa, binolar, binolarning qismlari yoki qoʻshimcha xonalarni qurish;
s) ushbu bandning “a” va “b” kichik bandlarida koʻrsatilgan egalik qilish huquqlarini yoki boshqa huquqlarni begonalashtirish.
2. Qabul qiluvchi davlat yuboruvchi davlatga oʻzining hududida, oʻz qonun-qoidalariga muvofiq, uning konsullik muassasasi uchun zarur boʻlgan binolar sotib olishda koʻmaklashishi yoxud unga binolarni boshqacha yoʻl bilan olishda yordam berishi shart. U shuningdek, zarur holda, konsullik muassasasiga uning xodimlari uchun qulay turar joy olishda yordam berishi kerak.
3. Ushbu modda qoidalari yuboruvchi davlatni koʻchmas mulk joylashgan hududda amal qiluvchi shahar qurilishi toʻgʻrisidagi qonun-qoidalarga amal qilish uchun javobgarlikdan ozod etmaydi.
11-modda
1. Yuboruvchi davlat bayrogʻi konsullik muassasasi egallagan binoga, konsullik muassasasi boshligʻining qarorgohiga va, uning xizmat vazifalarining bajarilishi bilan bogʻliq boʻlganida, uning transportiga oʻrnatilishi mumkin.
2. Konsullik muassasasi joylashgan binolarga va konsullik muassasasi boshligʻining rezidensiyasiga yuboruvchi davlat gerbining tasviri tushirilgan, mos ravishda yuboruvchi davlat va qabul qiluvchi davlat tillarida konsullik muassasasining nomi yozilgan panno oʻrnatilishi mumkin.
3. Ushbu moddada nazarda tutilgan huquqlarni amalga oshirishda qabul qiluvchi davlatning qonun-qoidalari va urf-odatlari eʼtiborga olinishi kerak.
12-modda
1. Yuboruvchi davlat quyidagilar xususida davlat mudofaasi maqsadida yoki ijtimoiy ehtiyojlar uchun rekvizitsiyaning istalgan turlaridan immunitetdan foydalanadi:
a) konsullik binolari, konsullik muassasasi jihozlari va mulki;
b) konsullik muassasasining transport vositalari.
2. Konsullik muassasasining xodimlari, qabul qiluvchi davlat fuqarolari bundan istisno, quyidagilar xususida xuddi shunday immunitetdan foydalanadilar:
a) ularning xususiy qarorgohi, u yerda joylashgan jihozlar va mulk;
b) ular foydalanadigan yoki ega boʻlgan transport vositalari.
3. Ushbu modda 2-bandining qoidalari faxriy konsullik mansabdor shaxslariga ular qabul qiluvchi davlatning fuqarolari ham, doimiy rezidentlari ham boʻlmagan holdagina taalluqli boʻladi.
4. Yuqorida koʻrsatilgan maqsadlarda rekvizitsiya zarurati boʻlgan holda konsullik vazifalari bajarilishi buzilishining oldini olish uchun barcha zarur choralar koʻriladi hamda yuboruvchi davlatga tegishli va samarali kompensatsiya kechiktirilmay toʻlanadi.
13-modda
1. Yuboruvchi davlat quyidagilar xususida qabul qiluvchi davlatda belgilangan va undiriladigan barcha turdagi soliq, yigʻim va bojlardan ozod qilinadi:
a) oʻzarolik asosida konsullik muassasasining ehtiyojlari yoki konsullik muassasasi boshligʻining qarorgohi uchun moʻljallangan mulkni xususiy qilib olish, egalik qilish, ijaraga olish yoki istalgan boshqa shaklda foydalanish;
b) konsullik muassasasi ehtiyojlari uchun qoʻzgʻatish mumkin boʻlgan mulkni, jumladan transport vositalarini qabul qiluvchi davlat qonunlariga muvofiq xususiy qilib olish, egalik qilish va foydalanish.
2. Qabul qiluvchi davlat, shuningdek konsullik muassasasi rasmiy ravishda foydalanishi uchun hamma jihozlarni barcha bojxona yigʻimlari va inspeksiyalaridan ozod qilishi kerak.
3. Ushbu moddaning 1-bandi bilan nazarda tutilgan qoidalar xizmatlarning aniq turlari uchun undiriladigan soliq, yigʻim va bojlarga tatbiq etilmaydi.
4. Ushbu moddaning 1-bandi bilan nazarda tutilgan qoidalar qabul qiluvchi davlat yoki uning nomidan ish yurituvchi shaxs bilan kontrakt tuzgan shaxslardan qabul qiluvchi davlat qonunlariga muvofiq undiriladigan soliq, yigʻim va bojlarga taalluqli boʻlmaydi.
14-modda
Konsullik binolari va konsullik muassasasining boshligʻi boʻlgan shtatli konsullik mansabdor shaxsining qarorgohi daxlsizdir. Qabul qiluvchi davlat maʼmurlari konsullik muassasasi boshligʻi, u tayinlagan shaxs yoki yuboruvchi davlat diplomatik vakolatxonasi boshligʻining roziligi boʻlmasa, ularga kira olmaydilar. Shunga qaramasdan yongʻin yoki kechiktirib boʻlmaydigan himoya choralarini talab qiluvchi boshqa tabiiy ofat holida konsullik muassasasi boshligʻining roziligi bor deb hisoblanishi mumkin.
15-modda
1. Xalqaro huquqning tan olingan prinsiplariga muvofiq konsullik arxivlari va barcha boshqa hujjatlar istalgan vaqtda va qayerda boʻlishidan qatʼi nazar, daxlsizdir hamda qabul qiluvchi davlat maʼmurlari qanday sabab bilan boʻlmasin, ularni tekshirishlari yoki konfiskatsiya qilishlari mumkin emas.
2. Faxriy konsullik xodimi bu hujjatlarni boshqa qogʻoz va hujjatlardan, ayniqsa unga va u bilan ishlovchi har qanday shaxsga tegishli xususiy xat-xabarlardan, shuningdek uning kasbi yoki mashgʻulotiga tegishli material, kitob va hujjatlardan alohida tutishi kerak.
16-modda
1. Qabul qiluvchi davlat konsullik muassasasining ishini taʼminlash uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratishi lozim hamda konsullik muassasasi xodimlari oʻz faoliyatlarini amalga oshirishlari va ushbu Konvensiya taqdim etadigan huquq, imtiyoz va immunitetlardan foydalanishlari uchun barcha zarur choralarni koʻrishi kerak.
2. Qabul qiluvchi davlat konsullik muassasasi xodimlariga tegishlicha hurmat bilan qaraydi va ularning himoyasi uchun barcha zarur choralarni koʻradi.
3. Qabul qiluvchi davlat konsullik muassasalari va konsullik muassasasi boshligʻi qarorgohining himoyasini taʼminlash uchun barcha zarur choralarni koʻrishi shart.
17-modda
Milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan kirish taqiqlanadigan yoki tartibga solinadigan zonalar toʻgʻrisidagi qonun-qoidalar istisno boʻlgan holda qabul qiluvchi davlat konsullik muassasasining barcha xodimlariga uning hududida harakat qilish va sayohat erkinligini taʼminlashi zarur.
18-modda
1. Qabul qiluvchi davlat barcha rasmiy maqsadlar uchun konsullik muassasasining aloqalar erkinligiga ruxsat beradi va uni himoya qiladi. Yuboruvchi davlat hukumati, diplomatik vakolatxonalari va boshqa konsullik muassasalari bilan aloqa qilishda, ular qayerda joylashganidan qatʼi nazar, konsullik muassasasi barcha mos keladigan vositalardan, jumladan diplomatik va konsullik kuryerlaridan, diplomatik va konsullik valizalaridan hamda kodlangan yoki shifrlangan depeshalardan foydalanishi mumkin. Biroq qabul qiluvchi davlatning ruxsati boʻlgan holdagina konsullik muassasasi radioperedatchik oʻrnatishi va undan foydalanishi mumkin.
2. Konsullik muassasasining rasmiy xat-xabarlari daxlsizdir. Rasmiy xat-xabarlar deganda konsullik muassasasiga va uning vazifalariga tegishli boʻlgan barcha xat-xabarlar tushuniladi.
3. Konsullik valizasi ushlanishi ham, ochilishi ham mumkin emas. Biroq qabul qiluvchi davlat maʼmurlarining valizada ushbu moddaning 4-bandida sanab oʻtilgan xat-xabar, hujjat yoki ashyolardan tashqari boshqa biror narsa bor deb faraz qilishga jiddiy asoslari boʻlsa, ular yuboruvchi davlatning vakolatli vakili valizani ularning oldida ochishini talab qilishlari mumkin. Yuboruvchi davlat maʼmurlari bu talabni bajarishdan bosh tortgan holda valiza joʻnatish yeriga qaytarib yuboriladi.
4. Konsullik valizasini tashkil etuvchi barcha joylar ularning xarakterini koʻrsatuvchi koʻzga tashlanadigan tashqi belgilarga ega boʻlishi kerak hamda faqatgina rasmiy xat-xabar va hujjatlardan yoki faqatgina rasmiy foydalanish uchun moʻljallangan ashyolardan iborat boʻlishi mumkin.
5. Konsullik kuryeriga uning maqomi va konsullik valizasini tashkil etuvchi joylar soni koʻrsatilgan rasmiy hujjat berilishi kerak. Qabul qiluvchi davlatning roziligi boʻlgan hollardan tashqari u qabul qiluvchi davlat fuqarosi ham, agar u yuboruvchi davlat fuqarosi boʻlmasa, qabul qiluvchi davlatda doimiy yashovchi shaxs ham boʻlishi mumkin emas. Oʻz vazifalarini bajarishida u qabul qiluvchi davlat himoyasida boʻlishi kerak. U shaxsiy daxlsizlikdan foydalanadi hamda qamoqqa olinishi yoki hech bir shaklda ushlanishi mumkin emas.
6. Yuboruvchi davlat, uning diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari maxsus konsullik kuryerlarini (ad hoc) tayinlashlari mumkin. Bunday hollarda ushbu moddaning 5-bandi qoidalari shuningdek qoʻllaniladi, biroq unda aytib oʻtilgan immunitetlar bunday kuryer unga topshirilgan konsullik valizasini manzilga olib kelib topshirishi bilan tugaydi.
7. Konsullik valizasi kelishga ruxsat berilgan port yoki aeroportga ketayotgan kema yoki fuqaro havo kemasi komandiriga ishonib topshirilishi mumkin. Unga valizani tashkil etgan joylarning soni koʻrsatilgan rasmiy hujjat beriladi, lekin u konsullik kuryeri boʻlib hisoblanmaydi. Tegishli mahalliy maʼmurlar bilan kelishilgan holda konsullik muassasasi oʻz xodimlaridan birini kema yoki havo kemasi komandiridan valizani bevosita va toʻsiqsiz qabul qilib olishga yuborishi mumkin.
19-modda
1. Konsullik muassasasi qabul qiluvchi davlat hududida konsullik harakatlari bajarilgani uchun yuboruvchi davlat qonun-qoidalari bilan nazarda tutilgan yigʻim va bojlarni undirishi mumkin. Bu yigʻim va bojlar konvertatsiya qilinadigan hisoblanadi va, oqilona muddatlarda, yuboruvchi davlatga oʻtkazilishi mumkin.
2. Ushbu moddaning 1-bandida aytib oʻtilgan yigʻim va bojlar shaklida yigʻiladigan summalar hamda bunday yigʻim va bojlarni olish toʻgʻrisidagi kvitansiyalar qabul qiluvchi davlatda barcha soliq, yigʻim va bojlardan ozod etiladi.
20-modda
1. Konsullik mansabdor shaxslari, konsullik xizmatchilari va ular bilan birga yashovchi ularning oila aʼzolari qabul qiluvchi davlatning chet elliklarni roʻyxatdan oʻtkazish xususidagi qonun-qoidalari bilan koʻzda tutilgan barcha majburiyatlardan hamda istiqomat qilish uchun ruxsat olishdan ozod qilinadilar.
2. Ushbu modda 1-bandining qoidalari, biroq, yuboruvchi davlatning doimiy xizmatchisi boʻlmagan yoki qabul qiluvchi davlatda daromad olish maqsadida xususiy faoliyat bilan shugʻullanuvchi istalgan konsullik xizmatchisiga yoki bunday xizmatchining istalgan oila aʼzosiga tatbiq etilmaydi.
3. Faxriy konsullik mansabdor shaxslari, qabul qiluvchi davlatda shaxsiy daromad olish maqsadida har qanday professional yoki tijorat faoliyati bilan shugʻullanadiganlari bundan mustasno, chet elliklarni roʻyxatdan oʻtkazish hamda istiqomat qilish uchun ruxsat olish borasidagi qabul qiluvchi davlatning qonun-qoidalari yuklaydigan barcha majburiyatlardan ozod qilinadilar.
21-modda
1. Konsullik muassasasi xodimlari yuboruvchi davlat uchun ish bajarish xususida qabul qiluvchi davlatning xorijiy ishchilarni ishga yollash borasidagi qonun-qoidalari bilan oʻrnatilgan, ishga ruxsat olish bilan bogʻliq boʻlgan har qanday majburiyatlardan ozod etiladilar.
2. Konsullik mansabdor shaxslarining va konsullik xizmatchilarining xususiy uy xizmatchilari, agar ular qabul qiluvchi davlatda daromad olish maqsadida hech qanday boshqa xususiy faoliyat bilan shugʻullanmasalar, ushbu moddaning 1-bandida aytilgan majburiyatlardan ozod etiladilar.
22-modda
1. Qabul qiluvchi davlatda amal qiluvchi ijtimoiy taʼminot toʻgʻrisidagi qoidalar konsullik muassasasi xodimlariga, ular bilan birga yashovchi ularning oila aʼzolariga ular yuboruvchi davlat uchun bajaradigan ish borasida taalluqli boʻlmaydi, ushbu moddaning 3-bandida koʻzda tutilgan hollar bundan istisno.
2. Ushbu moddaning 1-bandida koʻzda tutilgan ozod qilishlar, shuningdek faqatgina konsullik muassasasi xodimlarining xizmatida boʻlgan xususiy uy xizmatchilariga taalluqli boʻladi, agar quyidagi shartlar bajarilsa:
a) ular qabul qiluvchi davlat fuqarolari boʻlmasalar va unda doimiy yashamasalar; va
b) yuboruvchi davlatda yoki uchinchi davlatda amal qiluvchi ijtimoiy taʼminot toʻgʻrisidagi qoidalar ularga taalluqli boʻlsa.
3. Ushbu moddaning 2-bandida koʻzda tutilgan qoida taalluqli boʻlmaydigan shaxslarni yollovchi konsullik muassasasi xodimlari qabul qiluvchi davlatda amal qiluvchi ijtimoiy taʼminot toʻgʻrisidagi qoidalar bilan yollovchilarga yuklatiladigan majburiyatlarni bajarishlari kerak.
4. Ushbu moddaning 1- va 2-bandlarida koʻzda tutilgan shartlar qabul qiluvchi davlatda ijtimoiy taʼminot tizimida koʻngilli ishtirok etishga, bunday ishtirok etishga bu davlat ruxsat berishi sharti bilan, toʻsqinlik qilmaydi.
23-modda
1. Konsullik mansabdor shaxslari va konsullik xizmatchilari, shuningdek ular bilan birga yashovchi ularning oila aʼzolari barcha shaxsiy yoki mulkiy, davlat, tuman va munitsipal soliq, yigʻim va bojlardan ozod etiladi, quyidagilar bundan istisno:
a) tovar va xizmat bahosiga odatda kiritiladigan bilvosita soliqlar;
b) qabul qiluvchi davlat hududidagi shaxsiy koʻchmas mulkdan undiriladigan yigʻim yoki soliqlar, 13-modda qoidalari koʻzda tutadigan hollar bundan istisno;
s) qabul qiluvchi davlat tomonidan undiriladigan meros mulkiga soliqlar yoki meros olish bilan bogʻliq bojlar yoki mulkning oʻtishiga soliqlar, 25-modda “b” bandining qoidalari koʻzda tutadigan hollar bundan istisno;
d) qabul qiluvchi davlatda manbaga ega boʻlgan sarmoyadan olinadigan daromadlarni oʻz ichiga olgan xususiy daromadga solinadigan soliq, yigʻim va bojlar hamda qabul qiluvchi davlatdagi tijorat yoki moliyaviy korxonalarga sarflangan mablagʻiga solinadigan soliqlar;
e) aniq xizmat turlari uchun olinadigan yigʻimlar;
f) roʻyxatga olish, sud va reyestr bojlari, ipoteka yigʻimlari, gerbli yigʻimlar, 13-modda qoidalari koʻzda tutadigan hollar bundan istisno.
2. Xizmat koʻrsatuvchi xodimlar ular oʻz ishlari uchun oladigan ish haqidan undiriladigan soliq, yigʻim va bojlardan ozod qilinadilar.
3. Qabul qiluvchi davlatda ish haqi daromad soligʻidan ozod qilinmagan shaxslarni yollagan konsullik muassasasi xodimlari bu davlatning daromad soligʻi solinishi borasidagi qonun-qoidalari yollovchilarga yuklaydigan majburiyatlarni bajaradilar.
24-modda
1. Qabul qiluvchi davlat qabul qilingan qonun-qoidalarga muvofiq quyidagilarni olib kirishga ruxsat beradi hamda saqlash, tashish va shunga oʻxshash xizmatlar uchun yigʻimlardan tashqari barcha bojxona bojlari, soliqlari va bu bilan bogʻliq yigʻimlardan ozod qiladi:
a) konsullik muassasasi rasmiy foydalanishi uchun moʻljallangan buyumlar;
b) konsullik mansabdor shaxsi yoki u bilan birga yashovchi uning oila aʼzolari shaxsiy foydalanishi, jumladan uning xoʻjaligi uchun moʻljallangan buyumlar. Isteʼmol tovarlarining miqdori tegishli shaxslarning bevosita foydalanishi uchun zarur miqdordan oshmasligi kerak.
2. Konsullik xizmatchilari dastlabki joylashishlari vaqtida olib kirilgan buyumlar xususida ushbu moddaning 1-band “b” kichik bandida koʻrsatilgan imtiyoz va ozod qilishlardan foydalanadilar.
3. Konsullik mansabdor shaxslarining va ular birga yashovchi ularning oila aʼzolarining bu shaxslar bilan birga keltirilayotgan shaxsiy yuklari tekshirishdan ozod etiladi. Shu moddaning 1-bandi “b” kichik bandida koʻrsatilgan buyumlardan boshqa yoki olib kirish va olib chiqish qabul qiluvchi davlat qonun-qoidalari bilan taqiqlangan yoxud uning karantin qonun-qoidalariga tushadigan buyumlar bor deb hisoblashga jiddiy asoslar boʻlgan holdagina u tekshirilishi mumkin. Bunday tekshirish faqatgina tegishli konsullik mansabdor shaxsi yoki uning oila aʼzosi ishtirokida oʻtkazilishi kerak.
25-modda
Konsullik muassasasi xodimi yoki u bilan birga yashagan uning oila aʼzosi vafot etgan holda qabul qiluvchi davlat:
a) vafot etgan shaxsning qabul qiluvchi davlatda sotib olingan va u vafot etgan vaqtda olib ketilishi man qilingan mulkdan tashqari qoʻzgʻatish mumkin boʻlgan mulkini olib chiqishga ruxsat beradi;
b) vafot etgan shaxsning qabul qiluvchi davlatda konsullik muassasasi xodimi yoki uning oila aʼzosi sifatida boʻlganligi sababligina bu davlatda joylangan qoʻzgʻatish mumkin boʻlgan mulkdan merosga solinadigan davlat, tuman yoki munitsipal yigʻimlarni yoki meros olishga solinadigan bojlarni undirmaydi.
26-modda
1. Ogʻir jinoyatlar sodir etilgan holda vakolatli sud maʼmurlarining qarori asos boʻlmasa, konsullik mansabdor shaxslari hibsga olinishi yoki ushlanishi mumkin emas.
2. Sudning qonuniy kuchga kirgan qarorlarini bajarish hollaridan tashqari konsullik mansabdor shaxslarini qamoqqa olish va hech qanday shaklda shaxsiy erkinligini cheklash mumkin emas, ushbu moddaning 1-bandida koʻrsatilgan hollar bundan mustasno.
3. Agar konsullik mansabdor shaxsiga nisbatan jinoiy ish qoʻzgʻatilsa, bu shaxs vakolatli organlarga kelishi kerak. Biroq ish olib borishda uning rasmiy mavqeyi tufayli unga hurmat koʻrsatilishi lozim va, ushbu moddaning 1-bandida koʻzda tutilgan hollardan tashqari, u konsullik vazifalarini bajarishiga iloji boricha kamroq toʻsqinlik qilinishi kerak. Ushbu moddaning 1-bandiga muvofiq konsullik mansabdor shaxsini ushlash zarurati tugʻilsa, unga nisbatan sud tergovi mumkin qadar qisqa muddatda boshlanishi zarur.
4. Konsullik xodimlaridan birortasi hibsga olingan yoki dastlabki qamoqqa olingan yoxud unga nisbatan jinoiy ish qoʻzgʻatilgan holda qabul qiluvchi davlat bu haqda konsullik muassasasi boshligʻini darhol xabardor qiladi. Agar konsullik muassasasi boshligʻining oʻziga nisbatan bunday choralar qoʻllanilayotgan boʻlsa, qabul qiluvchi davlat bu haqda yuboruvchi davlatni diplomatik kanallar orqali xabardor qiladi.
27-modda
1. Konsullik mansabdor shaxslari va konsullik xizmatchilariga ular konsullik vazifalarini bajarayotganlarida sodir etadigan harakatlariga nisbatan qabul qiluvchi davlatning sud yoki maʼmuriy organlari yurisdiksiyasi qoʻllanilmaydi.
2. Biroq ushbu modda 1-bandining qoidalari quyidagilarga nisbatan qoʻllanilmaydi:
a) konsullik mansabdor shaxsi yoki konsullik xizmatchisi tomonidan yuboruvchi davlat agenti sifatida bevosita yoki bilvosita majburiyatlarni olmasdan tuzilgan shartnomadan kelib chiqadigan fuqarolik daʼvosi, yoxud
b) qabul qiluvchi davlatda yoʻl transporti, kema yoki samolyot sodir etgan baxtsiz hodisa tufayli keltirilgan zarar uchun uchinchi tomonning fuqarolik daʼvosi.
28-modda
1. Konsullik muassasasi xodimlari sud yoki maʼmuriy ishlar yurgizilayotganda guvoh tariqasida chaqirilishi mumkin. Konsullik xizmatchisi yoki xizmat koʻrsatuvchi xodim koʻrsatma berishdan bosh tortishi mumkin emas, ushbu moddaning 3-bandida koʻrsatilgan hollar bundan istisno. Bosh tortish holida unga nisbatan hech qanday majburlash yoki jazolash choralarini qoʻllash mumkin emas.
2. Konsullik mansabdor shaxsining koʻrsatmasi zarur boʻlgan organ bu shaxs oʻz vazifalarini bajarishiga xalaqit bermaslikka harakat qilishi kerak. U bunday koʻrsatmalarni, imkoniyat boʻlganida, bu shaxsning uyida yoki konsullik muassasasida eshitishi yoxud undan yozma koʻrsatmalarni qabul qilishi mumkin.
3. Konsullik muassasasi xodimlari oʻzlarining vazifalarini bajarish bilan bogʻliq masalalar boʻyicha koʻrsatma berishga yoki ularning vazifalariga oid xat-xabarlar va hujjatlarni koʻrsatishga majbur emaslar. Ular, shuningdek yuboruvchi davlatning qonunlarini tushuntiruvchi koʻrsatmalar berishga majbur emaslar.
29-modda
1. Yuboruvchi davlat konsullik muassasasi xodimining ushbu Konvensiyada koʻrsatilgan imtiyoz va immunitetlaridan voz kechishi mumkin.
2. Bunday voz kechish har doim aniq ifodalangan boʻlishi va bu haqda qabul qiluvchi davlatga yozma ravishda xabar qilinishi kerak.
3. Konsullik mansabdor shaxsi yoki konsullik xizmatchisi tomonidan 26-moddaga muvofiq yurisdiksiyadan immunitetdan foydalanishi mumkin boʻlgan holda ish qoʻzgʻatilishi uni asosiy daʼvo bilan bevosita bogʻliq boʻlgan har qanday qarshi daʼvo borasida yurisdiksiyadan immunitetga tayanish huquqidan mahrum qiladi.
4. Fuqarolik yoki maʼmuriy fuqarolik ishlari borasida yurisdiksiyadan immunitetdan voz kechish sud qarorining natijasi boʻlgan ijro harakatlaridan immunitetdan voz kechishni anglatmaydi; bunday harakatlarga nisbatan alohida voz kechish zarur.
30-modda
1. Imtiyoz va immunitetlardan foydalanuvchi barcha shaxslar, ularning imtiyoz va immunitetlariga zarar yetkazmagan holda, qabul qiluvchi davlatning qonun-qoidalarini, ayniqsa kontrakt majburiyatlariga va yoʻl harakatini tartibga soluvchi qoidalarga tegishlilarini, hurmat qilishlari shart. Ular, shuningdek qabul qiluvchi davlatning ichki ishlariga aralashmasliklari shart.
2. Konsullik binolaridan konsullik vazifalarini bajarishga zid maqsadlarda foydalanish mumkin emas.
3. Konsullik muassasasi xodimlari, shuningdek har qanday transport vositasi, kema yoki samolyotdan foydalanishda uchinchi tomondan xavf-xatarga qarshi sugʻurta qilish borasidagi qabul qiluvchi davlat qonun-qoidalari koʻzda tutadigan har qanday talablarga rioya qilishlari kerak.
31-modda
1. Faxriy konsullik mansabdor shaxsi faqat u oʻzining majburiyatlarini bajarayotganida sodir qiladigan rasmiy harakatlariga nisbatan yurisdiksiyadan immunitetdan va shaxsiy daxlsizlikdan hamda 28-moddaning 3-bandida koʻrsatilgan imtiyozlardan foydalanadi. Qabul qiluvchi davlat ham 26-moddaning 4-bandida bayon etilgan faxriy konsullik mansabdor shaxsiga taalluqli shartlarga rioya qilishi shart. Agar bunday konsullik mansabdor shaxsiga nisbatan jinoiy ish qoʻzgʻatilsa, ish yurgizishda, bu shaxs hibsga olingan yoki ushlangan hollar bundan istisno, uning rasmiy mavqeyi sababli unga hurmat koʻrsatilishi lozim hamda konsullik vazifalarini bajarishga mumkin qadar kamroq toʻsqinlik qilinishi kerak.
2. Qabul qiluvchi davlatning yoki uchinchi davlatning fuqarolari boʻlgan konsullik muassasasi xodimlari yoxud daromad olish maqsadida tijorat faoliyatini amalga oshiruvchi qabul qiluvchi davlat rezidentlari, shuningdek ushbu moddaning 1-bandida soʻz yuritilgan konsullik mansabdor shaxslarining oila aʼzolari ushbu boʻlimda koʻzda tutilgan imtiyoz va immunitetlardan foydalanmaydilar.
3. Konsullik muassasasi xodimlarining qabul qiluvchi davlat fuqarolari boʻlgan oila aʼzolari ushbu boʻlimda koʻzda tutilgan imtiyoz va immunitetlardan foydalanmaydilar.
4. Qabul qiluvchi davlat oʻz yurisdiksiyasini ushbu moddaning 1- va 3-bandlarida soʻz yuritilgan shaxslarga nisbatan ular konsullik vazifalarini bajarishlariga toʻsqinlik qilmaydigan ravishda amalga oshiradi.
32-modda
Konsullik muassasasi xodimi vafot etgan holda u bilan birga yashagan uning oila aʼzolari ularga berilgan imtiyoz va immunitetlardan qabul qiluvchi davlatdan chiqib ketgunga qadar yoki chiqib ketish uchun oqilona muddat oʻtgunga qadar, bu fursatlardan qay biri avval kelishiga bogʻliq ravishda, foydalanishda davom etadilar.
4-boʻlim Konsullik vazifalari
33-modda
Konsullik vazifalari quyidagilardir:
a) qabul qiluvchi davlatda xalqaro huquq doirasida yuboruvchi davlat va uning fuqarolarining, ham jismoniy, ham yuridik shaxslarining manfaatlarini himoya qilish;
b) Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida savdo, iqtisodiy, madaniy va ilmiy aloqalarni rivojlantirishga koʻmaklashish;
s) yuboruvchi davlatning fuqarolariga, ham jismoniy, ham yuridik shaxslariga yordam berish va koʻmaklashish;
d) agar hozir boʻlmaganligi uchun yoki boshqa sabablarga koʻra yuboruvchi davlatning fuqarolari oʻzlarining huquq va manfaatlarini oʻz vaqtida himoya qila olmasalar, qabul qiluvchi davlatda oʻrnatilgan amaliyot va tartibga rioya qilgan holda bu fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qiladigan dastlabki choralar, qabul qiluvchi davlat qonun-qoidalariga muvofiq, koʻrilishi maqsadida qabul qiluvchi davlatning sud va boshqa muassasalarida mazkur fuqarolar nomidan vakillik qilish yoki tegishli vakillikni taʼminlash;
e) qabul qiluvchi davlatning savdo, iqtisodiy, madaniy va ilmiy hayotidagi sharoit va hodisalarni barcha qonuniy yoʻllar bilan aniqlash, ular toʻgʻrisida yuboruvchi davlat hukumatiga xabar berish hamda manfaatdor shaxslarga maʼlumot taqdim etish.
34-modda
Konsullik mansabdor shaxslari oʻz konsullik okrugida quyidagi huquqlarga ega:
a) qabul qiluvchi davlatda boʻlib turgan yuboruvchi davlat fuqarolarini qabul qiluvchi davlat qonunlari ruxsat beradigan darajada hisobga olish, bu fuqarolarni qabul qiluvchi davlat qonunlariga muvofiq qayta roʻyxatga olish. Bu vazifani amalga oshirish uchun ular qabul qiluvchi davlat maʼmurlarining koʻmaklashishini soʻrashlari mumkin;
b) oʻz fuqarolari uchun matbuotda bayonotlar eʼlon qilish hamda ularga yuboruvchi davlat rasmiy organlaridan keladigan davlat xizmatiga tegishli turli talab va hujjatlarni yuborish;
s) yuboruvchi davlat fuqarolariga referendum va milliy saylovlarni oʻtkazish toʻgʻrisida shaxsiy xabarnomalar yuborish, shuningdek yuboruvchi davlat fuqarolaridan byulletenlar olish;
d) quyidagilarni berish, yangilash va modifikatsiyalash:
1) yuboruvchi davlat fuqarolariga pasport yoki boshqa yoʻl hujjatlari;
2) yuboruvchi davlatga borishni istagan shaxslarga vizalar va tegishli hujjatlar;
e) amal qiluvchi xalqaro shartnomalarga muvofiq yoki, bunday xalqaro shartnomalar boʻlmagan holda, qabul qiluvchi davlat qonun-qoidalariga zid boʻlmagan istalgan boshqa tartibda qabul qiluvchi davlat sudlari uchun sud hujjatlari va sudga tegishli boʻlmagan hujjatlarni yoki sud topshiriqlarini yoxud koʻrsatmalar olish boʻyicha topshiriqlarni bajarishni topshirish;
f) 1) qabul qiluvchi davlat qonunlari ruxsat berishi sharti bilan yuboruvchi davlat yoki qabul qiluvchi davlat rasmiy organlaridan keladigan har qanday hujjatni oʻzining yoki uchinchi shaxslarning kuchi bilan tarjima va legalizatsiya qilish. Bu tarjimalar ikki davlatdan birining qasamyod etgan tarjimonlari qilgan tarjimalar bilan bir xil kuchga ega boʻladi;
2) bu harakat yoki rasmiyatchiliklar yuboruvchi davlat qonunlariga muvofiq zarur boʻlganida har qanday arizalarni qabul qilish, har qanday aktlarni tuzish, imzolarni tasdiqlash va hujjatlarni tarjima qilish;
g) quyidagilarni notarial shaklda olish:
1) ularning fuqarolari tuzishni istagan akt va shartnomalar, qabul qiluvchi davlatda joylashgan koʻchmas mulkni olish yoki real huquqlarni topshirish xususidagi shartnoma va hujjatlar bundan mustasno;
2) tomonlarning millatidan qatʼi nazar, yuboruvchi davlat hududida joylashgan mulk yoki olib borilayotgan ishlarga, yoki ular bu hududda olib borishga moʻljallanganida, tegishli akt va shartnomalar.
Avvalgi abzatsda koʻzda tutilgan akt va shartnomalar boʻyicha qabul qiluvchi davlatda, bu davlatning qonunlari va huquqiy normalari bunga zid boʻlmasa, yuridik ishni olib borish boshlanishi mumkin.
h) ularga yuboruvchi davlat fuqarolari tomonidan yoki ularning nomidan yuborilgan depozit koʻrinishida pul summalari, istalgan shakldagi hujjatlar va buyumlarni olish. Bu pul summalariga, hujjat va buyumlarga ushbu Konvensiyaning 15-moddasi bilan koʻzda tutilgan immmunitetlar tatbiq etilmaydi, va ular bu immunitetlar tatbiq etiladigan arxivlar, hujjat va reyestrlardan ajratilgan boʻlishi kerak. Bu pul summalari, hujjat va buyumlar qabul qiluvchi davlatdan faqatgina shu davlatning qonun-qoidalariga muvofiq olib chiqilishi mumkin.
i) 1) yuboruvchi davlat fuqarolarning fuqaro aktlarini roʻyxatga olish, tuzish, koʻchirish va berish;
2) er-xotin yuboruvchi davlat fuqarolari boʻlsa, nikohdan oʻtkazish va, agar buni qabul qiluvchi davlat qonunlari talab etsa, shu davlatning vakolatli organlarini bu toʻgʻrida xabardor qilish;
3) yuboruvchi davlat qonunlariga muvofiq mumkin boʻlgan yuridik qarorlar asosida ajralish toʻgʻrisidagi barcha guvohnomalarni roʻyxatga olish.
j) yuridik muomalaga layoqatlilikni taqdim etish toʻgʻrisida yoki farzandlikka olish borasida va, ikkala davlat qonunlariga rioya qilgan holda, oʻz noqobil fuqarolarining vasiyligi va homiyligini tashkil etish.
Ushbu modda 2- va 4-bandlarining qoidalari yuboruvchi davlat fuqarolarini qabul qiluvchi davlat qonunlariga muvofiq ariza berish majburiyatidan ozod qilmaydi.
35-modda
1. Yuboruvchi davlatning konsullik muassasasi qabul qiluvchi davlat maʼmurlari tomonidan uning fuqarolaridan birortasiga nisbatan qoʻllanilgan erkinlikni cheklash boʻyicha barcha choralar haqida, shuningdek qaysi qonun chiqarish aktlari asosida bu choralar koʻrilgani toʻgʻrisida yuboruvchi davlat fuqarosi hibsga olingan yoki ushlangan kundan boshlab 1 kundan 6 kungacha muddat ichida xabardor qilinadi.
Yuboruvchi davlatning hibsga olingan fuqarosining mazkur konsullik muassasasi nomiga yoʻllangan har qanday xabari qabul qiluvchi davlatning organlari tomonidan kechiktirmasdan konsullik muassasasiga yetkaziladi.
2. Konsullik mansabdor shaxsi qamoqda yoki vaqtincha hibsda boʻlgan yoxud har qanday boshqa shaklda ushlab turilgan yuboruvchi davlat fuqarosini borib koʻrishi, u bilan suhbatlashishi va bogʻlanishi hamda uning yuridik vakilligini taʼminlash choralarini koʻrish huquqiga ega. Hibsga olingan fuqaroni borib koʻrish va u bilan gaplashish huquqi konsullik mansabdor shaxsiga kechiktirilmasdan beriladi. Qamoqda, hibsda boʻlgan yoki ushlangan fuqaro bunga aniq eʼtiroz bildirsa, konsullik mansabdor shaxslari uning nomidan bunday choralarni koʻrishdan oʻzlarini tiyishlari kerak.
3. Ushbu moddada soʻz yuritilgan huquqlar qabul qiluvchi davlat qonun-qoidalariga muvofiq amalga oshirilishi zarur, shu shart bilanki, bu qonun-qoidalar mazkur huquqlar koʻzda tutgan maqsadlarga toʻla erishishga imkoniyat yaratsin.
36-modda
1. Yuboruvchi davlat fuqarosi qabul qiluvchi davlatda vafot etsa, mazkur davlatning vakolatli organlari bu haqda konsullik muassasasiga zudlik bilan xabar qiladilar.
2. a) oʻz fuqarolaridan birining vafot etganligi haqida xabardor qilingan konsullik muassasasi bu haqda soʻrov yuborganida qabul qiluvchi davlatning vakolatli maʼmurlari mazkur davlat qonunlari yoʻl qoʻyadigan darajada meros mulki va merosxoʻr boʻlishi mumkin boʻlgan shaxslar roʻyxatini tuzish uchun unga maʼlumot beradilar;
b) yuboruvchi davlatning konsullik muassasasi qabul qiluvchi davlatning vakolatli maʼmurlaridan zudlik bilan qabul qiluvchi davlat hududida boʻlgan meros mulkini qoʻriqlash va idora qilish uchun barcha zarur choralarni koʻrishni iltimos qilishi mumkin.
s) konsullik mansabdor shaxsi, bevosita yoki oʻzining vakili orqali, ushbu bandning “b” kichik bandida koʻrsatilgan choralarni amalga oshirishda koʻmaklashishi mumkin.
3. Mulkning saqlanishi boʻyicha choralar koʻrish zarurati boʻlgan holda va agar merosxoʻrlardan birortasi ham topilmasa yoki oʻzini tanishtirmasa, konsullik mansabdor shaxsi qabul qiluvchi davlat maʼmurlari tomonidan muhrlab qoʻyishda va muhrni buzishda, shuningdek meros mulkining roʻyxatini tuzishda qatnashishga taklif qilinadi.
4. a) agar qabul qiluvchi davlat hududida vorislikka tegishli rasmiyatchiliklar amalga oshirilgandan keyin meros mulki yoki bu mulkni sotishdan olingan narsa ishda yutib chiqqan merosxoʻrga yoki yuboruvchi davlat fuqarosi boʻlgan, qabul qiluvchi davlat hududida yashamaydigan va vakil tayinlamagan qonuniy merosxoʻrning ulushiga toʻgʻri kelsa, mazkur mulk yoki bu mulkni sotishdan olingan narsa yuboruvchi davlatning konsullik muassasasiga quyidagi shartlar bajarilgan holda topshiriladi:
1) merosxoʻrning qonuniyligi isbotlansa;
2) vakolatli maʼmurlar, agar bu talab qilinsa, meros mulkini yoki uni sotishdan olingan narsani topshirishga ruxsat bergan boʻlsalar;
3) qabul qiluvchi davlat qonunlari bilan koʻzda tutilgan, muddatida daʼvo qilingan barcha meros qarzlar toʻlangan yoki ularning toʻlanishi kafolatlangan boʻlsa;
4) meros olish boʻyicha soliq va yigʻimlar toʻlangan boʻlsa.
b) mulkni olib chiqish yoki pul summasini oʻtkazish qabul qiluvchi davlat qonunlariga muvofiq amalga oshiriladi.
5. Yuboruvchi davlatning qabul qiluvchi davlat hududida vaqtincha boʻlib turgan fuqarosi vafot etgan holda undan qolgan va merosxoʻr tomonidan talab qilinmagan shaxsiy buyumlar hamda pul summalari qabul qiluvchi davlatning odil sudlov manfaatlarida ularni olish huquqlariga hech bir ziyon yetkazmagan holda hech qanday rasmiyatchiliklarsiz yuboruvchi davlatning konsullik muassasasiga saqlash uchun vaqtincha topshiriladi.
37-modda
1. Konsullik mansabdor shaxslari yuboruvchi davlat bayrogʻi ostida suzuvchi kemalar va mazkur davlatda roʻyxatdan oʻtkazilgan havo kemalari, shuningdek ularning ekipajiga nisbatan yuboruvchi davlatning qonun-qoidalari koʻzda tutadigan nazoratni va inspeksiyani amalga oshirishlari mumkin. Ular, shuningdek zarur yordamni koʻrsatishlari mumkin.
2. Yuboruvchi davlat bayrogʻi ostida suzuvchi kema qabul qiluvchi davlat hududida halokatga uchrasa yoki sayoz joyga tushib qolsa yoxud yuboruvchi davlatda roʻyxatdan oʻtkazilgan havo kemasi qabul qiluvchi davlat hududida falokatga uchrasa, mazkur davlatning vakolatli organlari kechiktirmasdan bu haqda falokat joyiga eng yaqin boʻlgan konsullik muassasasini xabardor qiladilar.
5-boʻlim Umumiy qoidalar
38-modda
Konsullik mansabdor shaxslari oʻz vazifalarini faqat oʻzlarining konsullik okrugida bajarish huquqiga ega. Biroq ular vazifalarini faqat qabul qiluvchi davlat maʼmurlarining roziligi bilan konsullik okrugidan tashqarida ham bajarishlari mumkin.
39-modda
Konsullik mansabdor shaxsiga ushbu Konvensiyada koʻzda tutilgan vazifalardan tashqari qabul qiluvchi davlat tomonidan tan olingan va uning vakolatlariga toʻgʻri keladigan har qanday boshqa konsullik vazifasini bajarishga ruxsat beriladi.
40-modda
Qabul qiluvchi davlat tegishli ravishda xabardor qilinganidan keyin yuboruvchi davlat konsullik muassasasi, agar qabul qiluvchi davlat eʼtiroz bildirmasa, qabul qiluvchi davlatda uchinchi davlat nomidan konsullik vazifalarini bajarishi mumkin.
41-modda
Konsullik mansabdor shaxslari rasmiy vazifalarini bajarayotganlarida ularning konsullik okrugi vakolatli maʼmurlariga hamda qabul qiluvchi davlatning vakolatli markaziy organlariga qabul qiluvchi davlat qonun-qoidalari yoʻl qoʻyadigan darajada murojaat qilish huquqiga ega. Konsullik mansabdor shaxslari yuboruvchi davlatning diplomatik agenti yoʻq boʻlgan taqdirdagina Tashqi ishlar vazirligiga bevosita murojaat qilishlari mumkin.
42-modda
Yuboruvchi davlat tegishli davlatlar xabardor qilinganidan keyin qabul qiluvchi davlatda ochilgan konsullik muassasasiga, agar qabul qiluvchi davlat tomonidan aniq ifodalangan eʼtiroz boʻlmasa, uchinchi davlatda konsullik vazifalarini bajarishni topshirishi mumkin.
43-modda
Ushbu Konvensiyani qoʻllash yoki talqin qilishga oid kelishmovchiliklar diplomatik kanallar orqali hal etiladi.
6-boʻlim Yakunlovchi qoidalar
44-modda
1. Ushbu Konvensiya ratifikatsiya qilinadi va ratifikatsiya yorliqlari bilan almashilgan kundan keyingi oʻttizinchi (30) kuni kuchga kiradi.
2. Ushbu Konvensiya noaniq muddatga tuziladi. Ahdlashuvchi Tomonlardan har biri ushbu Konvensiyaning amal qilishini istalgan vaqtda toʻxtatishi mumkin. Amal qilishning toʻxtatilishi boshqa Tomon amal qilishning toʻxtatilishi toʻgʻrisida bildirishnoma olgan sanadan 6 oy oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Toshkent shahrida 1999-yil 2-martda ikki nusxada, har biri oʻzbek, grek va ingliz tillarida tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga ega. Kelishmovchiliklar yuzaga kelgan holda ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)
