1. 7-moddaga
Daromad va mol-mulk soliqlari yuzasidan ikki yoqlama soliqqa tortishning oldini olish toʻgʻrisida · Sana: 07.09.1999 · Amalda
a) Agar Ahdlashuvchi Davlat korxonasi boshqa Ahdlashuvchi Davlatdagi doimiy muassasa orqali buyum yoki tovarlarni sotsa yoki unda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirsa, unda ushbu doimiy muassasa daromadining summasi korxonaning bunda olgan yalpi summasi asosida emas, balki doimiy muassasaning sotishga yoki tijoratchilik faoliyatiga tegishli boʻladigan taqdirlash haqlari asosida hisoblanadi.
b) Agar korxona boshqa Ahdlashuvchi Davlatda doimiy muassasaga ega boʻlsa, unda ushbu doimiy muassasaning kontraktlar bilan bogʻliq holda, xususan sanoat, tijorat yoki ilmiy uskunalar yoki obyektni loyihalash, yetkazib berish, montaj qilish yoki qurish yuzasidan kontraktlar bilan bogʻliq holda, yoxud davlat buyurtmalari bilan bogʻliq holda olingan daromadi summasi kontraktning umumiy narxi asosida hisoblab chiqilmaydi, balki kontraktning doimiy muassasa oʻzi joylashgan Ahdlashuvchi Davlatda amalda bajariladigan qismi asosida hisoblab chiqiladi. Doimiy muassasaga tovarlar yetkazib berishdan olingan daromad summalari yoki kontraktning korxonaning bosh boʻlinmasi joylashgan Ahdlashuvchi Davlatda bajariladigan qismiga bogʻliq holda olinadigan daromad summalari faqat ushbu Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
s) Texnik xizmatlar, shu jumladan, tahliliy ishlanmalar yoki ilmiy, geologik yoxud texnik tusdagi loyihalar, konstruksiyalar, jumladan, ularga chizmalar haqidagi kontraktlar yoki maslahatchilik yoxud nazoratchilikka doir faoliyat uchun taqdirlash haqlari Bitimning 7-moddasi yoki 14-moddasidagi qoidalar qoʻllaniladigan taqdirlash haqlari, deb hisoblanadi.
d) Doimiy muassasa ushbu korxonaning bosh boʻlinmasiga yoki boshqa doimiy muassasasiga toʻlaydigan summalar (amaldagi xarajatlarni qoplash summalaridan tashqari) yoki ushbu korxonaning bosh boʻlinmasi yoki boshqa doimiy muassasasi tomonidan quyidagi koʻrinishlarda hisoblanadigan summalarning chegirib tashlanishiga yoʻl qoʻyilmaydi:
aa) patentlar yoki boshqa huquqlardan foydalanganlik uchun litsenziya toʻlovlari va boshqa taqdirlash haqlari,
bb) maxsus xizmatlar yoki menejment boʻyicha xizmatlar koʻrsatganlik uchun taqdirlash haqlari yoxud
ss) doimiy muassasaga bank tashkilotlarining vositachiligisiz berilgan kreditlar (zayomlar) uchun foizlar.
