Sport va yoshlar ishlari sohasida hamkorlik qilish toʻgʻrisida
18.06.1997
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Ozarbayjon Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Ozarbayjon Respublikasi Hukumati, bundan keyin Tomonlar deb ataluvchilar,
munosabatlarni mustahkamlashga boʻlgan oʻz niyatlarini tasdiqlab va ikkala mamlakat xalqlari oʻrtasidagi anʼanaviy doʻstona aloqalarni rivojlantirishni istab,
sport va yoshlar ishlari sohasida mustahkam oʻzaro aloqalar va hamkorlik yaratilishi yosh avlod oʻrtasida qardoshlarcha munosabatlar mustahkamlanishiga hamda ular oʻrtasida oʻzaro tushunish kuchayishiga xizmat qilishiga ishonch bildirib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar yoshlar aloqalari mustahkamlanishi va rivojlanishiga hamda ikki mamlakat yoshlar tashkilotlari oʻrtasida hamkorlik uchun qulay sharoitlar yaratilishiga koʻmaklashadilar.
2-modda
Tomonlar sport tashkilotlari oʻrtasidagi hamkorlikka va ikkala mamlakatda oʻtkaziladigan sport tadbirlarida ularning qatnashishiga koʻmaklashadilar.
3-modda
Tomonlar sport va yoshlar ishlari sohasida ular oʻrtasidagi aloqalar va hamkorlik asosan quyidagi vositalar bilan rivojlanishiga koʻmaklashadilar:
a) muassasalar va tashkilotlar, shuningdek sport va yoshlar sohasida faoliyat koʻrsatuvchi alohida jismoniy shaxslar oʻrtasidagi hamkorlik, aloqalar va oʻzaro ayirboshlash uchun sharoitlar yaratish;
b) birgalikda yoshlar va sport tadbirlari oʻtkazish uchun boshqa Tomonning sharoitlari va imkoniyatlarini oʻrganish va bunga koʻmaklashish;
v) sport va yoshlar ishlari sohasida oʻqitish metodikalari va boshqa materiallarni, qoʻshma dasturlarni tayyorlash hamda ularni amalga oshirish boʻyicha hamkorlik qilish va oʻzaro ayirboshlash uchun shart-sharoitlar yaratish.
4-modda
Tomonlar yoshlar va sport muammolari boʻyicha shugʻullanuvchi tashkilotlar yoki markazlar oʻrtasidagi bevosita aloqalarni rivojlantirishga koʻmaklashadilar, ularni qiziqtiruvchi masalalar boʻyicha oʻzaro ayirboshlash ham shu jumlaga kiradi.
5-modda
Tomonlar sport anjomlari va inventari ishlab chiqarish, sport inshootlarini loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish va ulardan foydalanish sohasidagi hamkorlikka koʻmaklashadilar, musobaqalar va oʻquv-mashq yigʻimlari oʻtkazish hamda sportchilar va trenerlarni ayirboshlash uchun shart-sharoitlar yaratadilar.
6-modda
Tomonlar ushbu Bitim doirasida hamkorlik qilish masalalarini qamrab oluvchi festivallar, konferensiyalar, sipoziumlar, seminarlar, tanlovlar, koʻrgazmalar, uchrashuvlar, forumlar va turnirlarda qatnashishga koʻmaklashadilar.
7-modda
Ushbu Bitim doirasidagi hamkorlik oʻzaro manfaatlar asosida va Tomonlar davlatlarining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
8-modda
Tomonlar hamkorlikni samarali amalga oshirish maqsadida ushbu Bitimdan kelib chiquvchi masalalar boʻyicha maslahatlashadilar.
9-modda
Ushbu Bitimga Tomonlarning oʻzaro yozma roziligi bilan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
10-modda
Ushbu Bitim Tomonlar uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan ichki davlat tartib-qoidalarini bajargani toʻgʻrisidagi oxirgi yozma bildirishnoma olingan kundan boshlab kuchga kiradi va Tomonlardan biri boshqa Tomonning ushbu Bitimning amal qilishini toʻxtatish niyati haqidagi yozma bildirishnomasini olgan kundan eʼtiboran olti oygacha amalda boʻladi.
Toshkent shahrida 1997-yil 18-iyunda ikki nusxada, har biri oʻzbek, ozarbayjon va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilish maqsadida rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)
