Chakana savdo va xizmat koʻrsatish sohasida oʻtkaziladigan soliq tekshiruvlarida nazorat xaridini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (2475-son)
28.06.2013
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2013-yil 28-iyunda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2475]
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi, “Davlat soliq xizmati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 17-noyabrdagi 306-son “Fiskal xotiraga ega boʻlgan nazorat-kassa mashinalarining qoʻllanishini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Chakana savdo va xizmat koʻrsatish sohasida oʻtkaziladigan soliq tekshiruvlarida nazorat xaridini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Davlat soliq qoʻmitasi raisi B. PARPIYEV
Toshkent sh.,
2013-yil 27-may,
2013-26-son
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining 2013-yil 27-maydagi 2013-26-sonli qaroriga ILOVA
Chakana savdo va xizmat koʻrsatish sohasida oʻtkaziladigan soliq tekshiruvlarida nazorat xaridini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi, “Davlat soliq xizmati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 17-noyabrdagi 306-son “Fiskal xotiraga ega boʻlgan nazorat-kassa mashinalarining qoʻllanishini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq chakana savdo va xizmat koʻrsatish sohasida oʻtkaziladigan soliq tekshiruvlarida nazorat xaridini amalga oshirish tartibini belgilaydi.
I bob. Umumiy qoidalar
1. Nazorat xaridi chakana savdo va xizmat koʻrsatish sohasidagi hisob-kitoblarga doir huquqbuzarliklarni soliq tekshiruvlari davomida aniqlash uchun oʻtkaziladi.
2. Chakana savdo va xizmat koʻrsatish sohasidagi hisob-kitoblarda sodir etilayotgan huquqbuzarliklar toʻgʻrisida davlat soliq xizmati organlariga kelib tushgan maʼlumotlar uch kun ichida tegishli davlat soliq xizmati organining masʼul xodimlari tomonidan oʻrganib chiqiladi.
II bob. Nazorat xaridini oʻtkazish va uning natijalarini rasmiylashtirish
3. Chakana savdo va xizmat koʻrsatish sohasidagi hisob-kitoblarda sodir etilayotgan huquqbuzarliklar toʻgʻrisida maʼlumotlarni oʻrganish doirasida tekshirish oʻtkazish zarurati yuzaga kelsa, davlat soliq xizmati organi qisqa muddatli tekshirish oʻtkazishga ruxsat berishni soʻrab Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashiga belgilangan tartibda murojaat qiladi.
Davlat soliq xizmati organlari tomonidan tadbirkorlik subyektlarini naqd pul mablagʻlari yoki plastik kartochkalar boʻyicha toʻlov shakliga qarab narxlarni sunʼiy ravishda oshirish yoki pasaytirish, nazorat-kassa mashinalarini, hisob-kitob terminallarini ishlatish, shuningdek oʻrnatilgan tartibda talon va cheklar berish, naqd tushumni oʻz vaqtida va toʻla hajmda inkassatsiya qilish masalalari yuzasidan oʻtkaziladigan tekshirishlar boʻyicha Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashining ruxsatini olish talab etilmaydi.
4. Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi tomonidan qisqa muddatli tekshirish oʻtkazishga ruxsat berilgan taqdirda, davlat soliq xizmati organining tekshirish oʻtkazish uchun masʼul xodimlari nazorat xaridini oʻtkazish uchun naqd pul mablagʻlarini tegishli davlat soliq xizmati organi kassasidan oladi.
5. Naqd pul mablagʻlarini berishda ularning qiymati, banknotlarning seriyasi va raqamlari alohida varaqda qayd etilib, chiqim kassa orderiga ilova qilinadi. Bunda pul mablagʻlarining qiymati, seriyasi va raqamlari yozilgan varaqcha nusxasi tegishli davlat soliq xizmati organining masʼul xodimlariga beriladi.
6. Nazorat xaridi oʻtkazilib, toʻliq hisob-kitob qilingandan soʻng, davlat soliq xizmati organining masʼul xodimlari tomonidan oʻz xizmat guvohnomalari va tekshirishlarni oʻtkazishga ruxsat berilganligi toʻgʻrisidagi maxsus guvohnoma koʻrsatilgan holda qisqa muddatli tekshirish eʼlon qilinadi. Qisqa muddatli tekshirish uchun asos boʻlgan hujjatlar nusxalari tekshirish tugallangunga qadar tekshirilayotgan tadbirkorlik subyekti (uning vakili) yoki jismoniy shaxsga tilxat olib topshiriladi.
7. Oʻtkazilgan nazorat xaridi natijasi boʻyicha uch nusxada mazkur Nizomning ilovasiga muvofiq shaklda Nazorat xaridini oʻtkazish bayonnomasi rasmiylashtiriladi.
8. Nazorat xaridini oʻtkazish bayonnomasi nazorat xaridini amalga oshirgan shaxslar va tadbirkorlik subyekti (uning vakili) yoki jismoniy shaxs tomonidan imzolanadi. Tadbirkorlik subyekti (uning vakili) yoki jismoniy shaxs Nazorat xaridini oʻtkazish bayonnomasiga imzo chekishdan bosh tortgan hollarda bayonnomaga bu haqda tegishli yozuv kiritilib, nazorat xaridini amalga oshirgan shaxslarning imzosi bilan tasdiqlanadi.
9. Tekshirilayotgan tadbirkorlik subyekti (uning vakili) yoki jismoniy shaxs bayonnomani imzolashdan bosh tortish sabablarini Nazorat xaridini oʻtkazish bayonnomasida koʻrsatish huquqiga ega.
Nazorat xaridini oʻtkazish bayonnomasining bir nusxasi tekshirilayotgan tadbirkorlik subyekti (uning vakili) yoki jismoniy shaxsga bayonnoma nusxasini olganligini tasdiqlovchi imzo qoʻydirgan holda beriladi.
10. Tekshirilayotgan tadbirkorlik subyekti (uning vakili) yoki jismoniy shaxs Nazorat xaridini oʻtkazish bayonnomasini olishdan bosh tortgan taqdirda, tegishli davlat soliq xizmati organining masʼul xodimlari tomonidan bu haqda bayonnomaga tegishli yozuv kiritilib, bayonnoma nusxasi tadbirkorlik subyekti (uning vakili) yoki jismoniy shaxsga pochta orqali buyurtma xat bilan yuboriladi hamda u joʻnatilgan kundan eʼtiboran uch kun oʻtganidan soʻng topshirilgan hisoblanadi.
11. Davlat soliq xizmati organi xodimi tomonidan nazorat xaridini oʻtkazishda va uning natijalarini rasmiylashtirishda tekshiruv natijasidan manfaatdor boʻlmagan voyaga yetgan jismoniy shaxslar xolislar sifatida jalb etiladi.
12. Nazorat xaridi oʻtkazilib, oʻzaro hisob-kitoblar yakunlangach, nazorat xaridini oʻtkazishda foydalanilgan pul mablagʻlari tekshirilgan tadbirkorlik subyekti (uning vakili) yoki jismoniy shaxs tomonidan davlat soliq xizmati organining masʼul xodimlariga, xarid qilingan tovarlar, koʻrsatilgan xizmatlar va bajarilgan ishlarning natijalari (nazorat xaridi predmetlari) esa, davlat soliq xizmati organining masʼul xodimlari tomonidan tadbirkorlik subyekti (uning vakili) yoki jismoniy shaxsga qaytarib berilishi shart, qaytarib berish imkoni boʻlmagan hamda qonun hujjatlariga muvofiq olib qoʻyilishi lozim boʻlgan nazorat xaridi predmetlari bundan mustasno. Bunda olib qoʻyilgan huquqbuzarlik predmetlari boʻyicha alohida bayonnoma tuziladi hamda mazkur bayonnoma nazorat xaridini amalga oshirgan shaxslar va tadbirkorlik subyekti (uning vakili) yoki jismoniy shaxs tomonidan imzolanadi.
13. Soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilganligidan dalolat beruvchi hujjatlar va huquqbuzarlik predmetlari soliq tekshiruvini oʻtkazayotgan davlat soliq xizmati organi masʼul xodimlarining asoslantirilgan qarori asosida olib qoʻyilishi mumkin. Soliq toʻlovchining faoliyatini toʻxtatib qoʻyishga olib keladigan predmetlarni olib qoʻyish faqat sud qarori asosida amalga oshiriladi. Soliq tekshiruviga taalluqli boʻlmagan predmetlarni olib qoʻyish man etiladi.
14. Davlat soliq xizmati organining masʼul xodimlari hujjatlar va predmetlarni olib qoʻyish boshlanguniga qadar olib qoʻyish amalga oshirilayotgan shaxsga hujjatlarni va predmetlarni olib qoʻyish toʻgʻrisidagi qarorni taqdim etadi hamda ishtirok etayotgan shaxslarga ularning huquq va majburiyatlarini tushuntiradi.
15. Davlat soliq xizmati organining masʼul xodimlari hujjatlari va predmetlari olib qoʻyilayotgan shaxsga ularni ixtiyoriy ravishda topshirishni taklif etadi, u bosh tortgan taqdirda esa majburan olib qoʻyish choralarini koʻradi. Hujjatlarni va predmetlarni olib qoʻyish tadbirkorlik subyekti (uning vakili) yoki jismoniy shaxs ishtirokida amalga oshiriladi.
16. Hujjatlarni va predmetlarni majburan olib qoʻyish xolislar hamda tadbirkorlik subyekti (uning vakili) yoki jismoniy shaxs ishtirokida amalga oshiriladi. Bunda olib qoʻyilayotgan barcha hujjatlar va predmetlar xolislarga hamda olib qoʻyishda ishtirok etayotgan boshqa shaxslarga koʻrsatiladi. Hujjatlar asl nusxa yoki soliq toʻlovchining imzosi va muhri bilan (muhr mavjud boʻlgan taqdirda) tasdiqlangan koʻchirma nusxalar koʻrinishida olib qoʻyiladi.
17. Soliq toʻlovchi hujjatlari koʻchirma nusxalarining olib qoʻyilishi soliq nazoratini amalga oshirish uchun yetarli boʻlmagan hollarda hamda davlat soliq xizmati organlarida hujjatlarning asl nusxalari yoʻq qilinishi, yashirilishi, tuzatilishi yoki almashtirilishiga yetarli asoslar boʻlgan hollarda davlat soliq xizmati organining mansabdor shaxsi hujjatlarning asl nusxasini olib qoʻyishga haqli. Hujjatlarning asl nusxalari olib qoʻyilayotganda ulardan koʻchirma nusxalar tayyorlanadi, bu nusxalar davlat soliq xizmati organining masʼul xodimlari tomonidan imzolanadi va kimdan olib qoʻyilgan boʻlsa, oʻsha shaxsga beriladi. Hujjatlarni olib qoʻyish bilan bir vaqtning oʻzida ulardan koʻchirma nusxa tayyorlash yoki tayyorlangan koʻchirma nusxalarni berish imkoniyati boʻlmagan taqdirda, davlat soliq xizmati organi ularni hujjatlari olib qoʻyilgan shaxsga olib qoʻyilgan kundan eʼtiboran besh kun ichida beradi. Qolgan hollarda soliq toʻlovchining imzosi va muhri bilan (muhr mavjud boʻlgan taqdirda) tasdiqlangan hujjatlarning koʻchirma nusxalari olib qoʻyiladi.
18. Hujjatlar va predmetlarni olib qoʻyish Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 100-moddasida nazarda tutilgan talablarga rioya etilgan holda bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Bayonnomada yoki unga ilova qilinadigan roʻyxatlarda hujjatlar va predmetlarning nomi, miqdori hamda alohida belgilari, imkoni boʻlganda esa predmetlarning qiymati koʻrsatilgan holda sanab oʻtilishi va tavsiflanishi lozim.
Hujjatlar va predmetlarni olib qoʻyish toʻgʻrisidagi bayonnoma ikki nusxada tuziladi, ulardan biri hujjatlar va predmetlar kimdan olib qoʻyilgan boʻlsa, oʻsha shaxsga topshirilib, tilxat olinadi. Bayonnomani qabul qilishdan bosh tortilgan taqdirda, davlat soliq xizmati organining masʼul xodimlari bu haqda bayonnomaga tegishli yozuv kiritadi. Bunday holda bayonnomaning bir nusxasi hujjatlari va predmetlari olib qoʻyilgan shaxsga pochta orqali buyurtma xat bilan yuboriladi hamda u joʻnatilgan kundan eʼtiboran uch kun oʻtganidan soʻng topshirilgan hisoblanadi.
19. Soliq tekshiruvi natijalari Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 101-moddasida nazarda tutilgan talablarga rioya etilgan holda tuzilgan dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi va Nazorat xaridini oʻtkazish bayonnomasi mazkur dalolatnomaga ilova qilinadi. Soliq tekshiruvi natijasida aniqlangan huquqbuzarlik faktlari boʻyicha materiallar davlat soliq xizmati organlarining tegishli boʻlimlariga yoki ushbu boʻlimlar orqali huquqni muhofaza qilish organlariga topshiriladi.
III bob. Nazorat xaridini oʻtkazishda foydalanish uchun naqd pul mablagʻlari ajratish
20. Nazorat xaridini oʻtkazishda foydalanish uchun naqd pul mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining Moddiy yordam, ijtimoiy himoya, soliq organlarini rivojlantirish va koʻzda tutilmagan xarajatlar maxsus jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan ajratiladi.
21. Davlat soliq xizmati organi tomonidan gʻaznachilik boʻlinmalariga (Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Gʻaznachiligi, hududiy gʻaznachilik boshqarmalari, shuningdek tuman (shahar) gʻaznachilik boʻlinmalari) Oʻzbekiston Respublikasi budjet tizimi budjetlarining gʻazna ijrosi qoidalarida (roʻyxat raqami 2850, 2016-yil 22-dekabr) nazarda tutilgan tartibda toʻlov hujjatlarini ilova qilgan holda milliy valyutadagi naqd pul mablagʻlarini olish uchun soʻrovnoma taqdim etiladi.
24. Soliq tekshiruvlarini oʻtkazish uchun olingan naqd pul mablagʻlari tegishli davlat soliq xizmati organi kassalarida Yuridik shaxslar tomonidan kassa operatsiyalarini amalga oshirish qoidalarida (roʻyxat raqami 2687, 2015-yil 22-iyun) belgilangan tartibda saqlanadi.
25. Davlat soliq xizmati organining masʼul xodimlari tomonidan soliq tekshiruvi natijalari boʻyicha tegishli dalolatnoma rasmiylashtirilib, roʻyxatga olingandan soʻng, nazorat xaridini oʻtkazishda foydalanish uchun olingan naqd pul mablagʻlari bir ish kuni ichida tegishli davlat soliq xizmati organi kassasiga toʻliq topshiriladi. Pul mablagʻlarining qiymati, seriyasi va raqamlari yozilgan varaqcha nusxasi kirim kassa orderiga ilova qilinadi.
IV bob. Yakuniy qoidalar
26. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
27. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Markaziy banki va Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
Moliya vaziri R. AZIMOV
2013-yil 27-may
Markaziy bank raisi F. MULLAJONOV
2013-yil 27-may
Savdo-sanoat palatasi raisi A. ShAYXOV
2013-yil 27-may
Chakana savdo va xizmat koʻrsatish sohasida oʻtkaziladigan soliq tekshiruvlarida nazorat xaridini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
(ilova Oʻzbekiston Respublikasi davlat soliq qoʻmitasining 2017-yil 31-dekabrdagi 2017-73-sonli (roʻyxat raqami 2475-4, 22.01.2018-y.) qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.01.2018-y., 10/18/2475-4/0604-son)
