Yangidan tashkil etilgan ish oʻrinlari boʻyicha tezkor maʼlumotlar va davlat statistika hisobotlarining oʻzaro muvofiqligini taʼminlash hamda ularning haqqoniyligini tanlov asosida oʻrganish toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (2474-son)
27.06.2013
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika QOʻMITASINING
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2013-yil 27-iyunda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2474]
“Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-y., 5-6-son, 97-modda) muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi va Davlat statistika qoʻmitasi qaror qiladilar:
1. Yangidan tashkil etilgan ish oʻrinlari boʻyicha tezkor maʼlumotlar va davlat statistika hisobotlarining oʻzaro muvofiqligini taʼminlash hamda ularning haqqoniyligini tanlov asosida oʻrganish toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri A. XAITOV
Toshkent sh.,
2013-yil 1-may,
26-son
Davlat statistika qoʻmitasi raisi B. TOʻRAYEV
Toshkent sh.,
2013-yil 1-may,
3q-2013-son
Oʻzbekiston Respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi va Davlat statistika qoʻmitasining 2013-yil 1-maydagi 26, 3q-2013-son qaroriga ILOVA
Yangidan tashkil etilgan ish oʻrinlari boʻyicha tezkor maʼlumotlar va davlat statistika hisobotlarining oʻzaro muvofiqligini taʼminlash hamda ularning haqqoniyligini tanlov asosida oʻrganish toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-y., 5-6-son, 97-modda) muvofiq yangidan tashkil etilgan ish oʻrinlari boʻyicha tezkor maʼlumotlar va davlat statistika hisobotlarining oʻzaro muvofiqligini taʼminlash hamda ularning haqqoniyligini tanlov asosida oʻrganish tartibini belgilaydi.
I bob. Umumiy qoidalar
1. Ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturida (bundan buyon matnda Dastur deb yuritiladi) nazarda tutilgan tashkilotlar tomonidan yangidan tashkil etilgan ish oʻrinlari yaratilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Dasturning parametrlarini soʻzsiz bajarish yuzasidan muvofiqlashtirilgan ishlarni tashkil etish boʻyicha doimiy ishlovchi viloyat va tuman (shahar) ishchi komissiyalariga (bundan buyon matnda ishchi komissiya deb yuritiladi) taqdim etilganda hamda keyinchalik belgilangan tartibda davlat statistika hisobotlarida aks ettirilgandagina haqiqatda yangidan tashkil etilgan ish oʻrinlari amalda tashkil etilgan deb hisoblanadi.
2. Yangidan tashkil etilgan ish oʻrinlari va aholi bandligini taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlarni hisobga olish davri oy, chorak va yil hisoblanadi.
3. Dastur ijrosini taʼminlash maqsadida hududlar, tarmoqlar va Dasturda nazarda tutilgan tashkilotlar kesimida yangidan tashkil etilgan ish oʻrinlari haqidagi maʼlumotlarning haqqoniyligi hamda statistik hisobotlarda toʻgʻri aks ettirilishi oʻrganiladi.
II bob. Yangidan tashkil etilgan ish oʻrinlari boʻyicha tezkor maʼlumotlar bilan davlat statistika hisobotlarining oʻzaro muvofiqligini taqqoslash
4. Dasturda nazarda tutilgan tashkilotlarda yangidan tashkil etilgan ish oʻrinlari boʻyicha davlat statistika hisobotlarining oʻzaro muvofiqligini va maʼlumotlarning haqqoniyligini taʼminlash maqsadida ishchi komissiya tomonidan taqqoslash quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
Dasturda nazarda tutilgan tashkilotlarda tashkil etilgan ish oʻrinlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar mazkur Nizomning 1-ilovasidagi shaklga muvofiq ishchi komissiya tomonidan hisobot oyi yakunlangandan soʻng, keyingi oyning oʻninchi sanasiga qadar tuman (shahar) statistika boʻlimlariga taqdim etiladi;
tuman (shahar) statistika boʻlimlari ishchi komissiya tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlarni tegishli davlat statistika hisobotlarining koʻrsatkichlari bilan har bir tashkilot kesimida alohida taqqoslaydilar;
tuman (shahar) statistika boʻlimlari tomonidan davlat statistika hisobotlari asosida yaratilgan yangi ish oʻrinlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar mazkur Nizomning 2-ilovasidagi shaklga muvofiq ishchi komissiyaga taqdim etiladi.
5. Tezkor maʼlumotlar va davlat statistika hisobotlari oʻrtasidagi tafovutlar boʻyicha Dasturda nazarda tutilgan tashkilotlar kesimida tahliliy maʼlumotlarda aniqlangan tafovutlar ishchi komissiyaning tezkor maʼlumotlaridan chiqariladi.
III bob. Yangidan tashkil etilgan ish oʻrinlarini tanlov asosida oʻrganish
6. Dasturda nazarda tutilgan tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlarning haqqoniyligi va xolisligini taʼminlash maqsadida, har oyda bir marta, hisobot davridan keyingi oyning yigirmanchi sanasiga qadar ishchi komissiya raisi tomonidan tasdiqlangan roʻyxat asosida ishchi komissiyasining 3 nafar aʼzosi tomonidan ish oʻrinlari tashkil etilgan tashkilotda yangidan tashkil etilgan ish oʻrinlarining haqqoniyligi oʻrganiladi.
Oʻrganish davomida tashkilotning faoliyatiga aralashish qatʼiyan taqiqlanadi.
7. Ishchi komissiyaning qaroriga muvofiq har chorakda Dasturda nazarda tutilgan tashkilotlarda tashkil etilgan ish oʻrinlarining kamida 25 foizi tanlov asosida oʻrganiladi.
8. Ishchi komissiya oʻrganishdan 10 kun oldin tashkilotni yozma ravishda xabardor qiladi.
9. Ishchi komissiya raisining qaroriga asosan ishchi komissiyasining 3 nafar aʼzosi oʻrganishga chiqadi.
10. Oʻrganish boshlanishidan oldin tashkilotning masʼul xodimiga ishchi komissiya qarorining nusxasi taqdim etiladi va komissiya aʼzolari tomonidan xizmat guvohnomasi koʻrsatiladi.
11. Oʻrganish tegishli tashkilotning ish vaqtida oʻtkaziladi va muddati 1 kundan oshmasligi lozim.
12. Oʻrganish davomida yangi tashkil etilgan ish oʻrinlari boʻyicha shtat jadvali, mehnat shartnomalari tuzilganligi, ishga qabul qilish toʻgʻrisidagi buyruqlar rasmiylashtirilganligi hamda mehnat daftarchasi yuritilayotganligi oʻrganiladi.
13. Oʻrganish natijalari boʻyicha mazkur Nizomning 3-ilovasiga muvofiq yangidan tashkil etilgan ish oʻrinlarini haqqoniyligini oʻrganish dalolatnomasi rasmiylashtiriladi.
14. Oʻrganish natijalari, dalolatnomalar hamda tashkil etilgan yangi ish oʻrinlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar asosida tuman (shahar) statistika boʻlimlari tomonidan umumlashtirilgan taqqoslama jadval tuziladi. Umumlashtirilgan taqqoslama jadval ishchi komissiya tomonidan viloyat ishchi komissiyasiga, viloyat ishchi komissiyasi tomonidan esa Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligiga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasiga taqdim etiladi.
Yangidan tashkil etilgan ish oʻrinlari boʻyicha tezkor maʼlumotlar va davlat statistika hisobotlarining oʻzaro muvofiqligini taʼminlash hamda ularning haqqoniyligini tanlov asosida oʻrganish toʻgʻrisidagi Nizomga 1-ILOVA
Yangidan tashkil etilgan ish oʻrinlari boʻyicha tezkor maʼlumotlar va davlat statistika hisobotlarining oʻzaro muvofiqligini taʼminlash hamda ularning haqqoniyligini tanlov asosida oʻrganish toʻgʻrisidagi Nizomga 2-ILOVA
Yangidan tashkil etilgan ish oʻrinlari boʻyicha tezkor maʼlumotlar va davlat statistika hisobotlarining oʻzaro muvofiqligini taʼminlash hamda ularning haqqoniyligini tanlov asosida oʻrganish toʻgʻrisidagi Nizomga 3-ILOVA
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 26-son, 345-modda)
