Tashkil etilgan ish oʻrinlarini hisobga olish va monitoringini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (2473-son)
27.06.2013
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MEHNAT VA AHOLINI IJTIMOIY MUHOFAZA QILISh VAZIRLIGI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI IQTISODIYOT VAZIRLIGI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT STATISTIKA QOʻMITASINING
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2013-yil 27-iyunda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2473]
“Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-y., 5-6-son, 97-modda) muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Davlat statistika qoʻmitasi qaror qiladilar:
1. Tashkil etilgan ish oʻrinlarini hisobga olish va monitoringini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri A. XAITOV
Toshkent sh.,
2013-yil 6-may,
28-q-son
Iqtisodiyot vaziri G. SAIDOVA
Toshkent sh.,
2013-yil 6-may,
31-son
Davlat statistika qoʻmitasi raisi B. TOʻRAYEV
Toshkent sh.,
2013-yil 6-may,
4q-2013-son
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Davlat statistika qoʻmitasining 2013-yil 6-maydagi 28-q, 31, 4q-2013-son qaroriga ILOVA
Tashkil etilgan ish oʻrinlarini hisobga olish va monitoringini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-y., 5-6-son, 97-modda) muvofiq tashkil etilgan ish oʻrinlarini hisobga olish va monitoringini yuritish tartibini belgilaydi.
I bob. Umumiy qoidalar
1. Ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturining (bundan buyon matnda Dastur deb yuritiladi) ijrosini taʼminlash maqsadida Dasturning parametrlarini soʻzsiz bajarish yuzasidan muvofiqlashtirilgan ishlarni tashkil etish boʻyicha doimiy ishlovchi tuman (shahar) ishchi komissiyalari (bundan buyon matnda ishchi komissiya deb yuritiladi) tomonidan tashkil etilgan ish oʻrinlari boʻyicha monitoring yuritiladi hamda maʼlumotlar shakllantiriladi, tahlil qilinadi va umumlashtiriladi.
2. Ish oʻrinlari quyidagi yoʻnalishlarda tashkil etiladi:
yangi yirik ishlab chiqarish obyektlarini ishga tushirish, ishlab turgan tashkilotlarni modernizatsiya qilish va kengaytirish;
sanoat, qurilish, xizmat koʻrsatish, servis sohasida va boshqa tarmoqlarda kichik korxona, mikrofirmalarni tashkil qilish va rivojlantirish (oilaviy korxonalar bilan birga);
yakka tartibdagi tadbirkorlikni rivojlantirish;
mehnat shartnomalari asosida tashkilotlar bilan kasanachilikni tashkil etish, pudrat shartnomalari asosida uyda ish bajarish, hunarmandchilikni va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish;
fermer va dehqon xoʻjaliklarini rivojlantirish va kengaytirish (chorvachilik, parrandachilik, bogʻdorchilik, baliqchilik, sabzavotchilik, asalarichilik va boshqa qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishni rivojlantirish);
ishlab chiqarish, ijtimoiy va bozor infratuzilmasini rivojlantirish;
iqtisodiy nochor va ishlamayotgan tashkilotlar faoliyatini tiklash va kengaytirish.
II bob. Tashkil etilgan ish oʻrinlarini hisobga olish
3. Tashkil etilgan ish oʻrinlari Dasturga muvofiq quyidagilar asosida hisobga olinadi:
Dasturda nazarda tutilgan tashkilotlar tomonidan taqdim etiladigan maʼlumotlar;
tashkilotlar tomonidan belgilangan tartibda statistika organlariga taqdim etilgan davlat statistika hisobotlari;
tuman (shahar) hokimliklari tomonidan taqdim etilgan yangi tashkil qilingan fermer va dehqon xoʻjaliklari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazlarida roʻyxatga olingan shaxsiy yordamchi xoʻjaliklarda yirik shoxli qoramol boqish bilan shugʻullanuvchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
Dasturda nazarda tutilgan tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan pudrat shartnomasi asosida tashkil etilgan ish oʻrinlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
mahalla fuqarolar yigʻinlari tomonidan taqdim etilgan hunarmandchilik shaklida xoʻjalik faoliyati bilan shugʻullanayotgan fuqarolar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
4. Dasturda nazarda tutilgan tashkilotlar yangidan tashkil etilgan ish oʻrinlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni mazkur Nizomning 1-ilovasida keltirilgan shaklga muvofiq ishchi komissiyaga taqdim etadilar.
Fermer xoʻjaliklari yangidan tashkil etilgan ish oʻrinlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni mazkur Nizomning 2-ilovasida keltirilgan shaklga muvofiq ishchi komissiyaga taqdim etadilar.
5. Tuman (shahar) hokimliklari huzuridagi tadbirkorlik subyektlarini roʻyxatga olish inspeksiyalarida (bundan buyon matnda inspeksiya deb yuritiladi) davlat roʻyxatiga olingan yakka tartibdagi tadbirkorlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar mazkur Nizomning 3-ilovasida keltirilgan shaklga muvofiq har oyda hisobot oyidan keyingi oyning 1-sanasiga qadar inspeksiya tomonidan ishchi komissiyaga taqdim etiladi.
6. Dehqon xoʻjaliklarida yangidan tashkil etilgan ish oʻrinlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar mazkur Nizomning 4-ilovasida keltirilgan shaklga muvofiq tuman (shahar) hokimliklari tomonidan ishchi komissiyaga taqdim etiladi.
7. Shaxsiy yordamchi xoʻjaliklarda yirik shoxli qoramol boqish bilan shugʻullanuvchilar hisobiga tashkil etilgan yangi ish oʻrinlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar mazkur Nizomning 5-ilovasida keltirilgan shaklga muvofiq Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazlari tomonidan ishchi komissiyaga taqdim etiladi.
8. Pudrat shartnomasi asosida tashkil etilgan ish oʻrinlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar mazkur Nizomning 6-ilovasida keltirilgan shaklga muvofiq Dasturda nazarda tutilgan tashkilotlar tomonidan ishchi komissiyaga taqdim etiladi.
9. Oilaviy tadbirkorlik va hunarmandchilik shaklida xoʻjalik faoliyati bilan shugʻullanayotgan fuqarolar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar mazkur Nizomning 7-ilovasida keltirilgan shaklga muvofiq inspeksiya tomonidan ishchi komissiyaga taqdim etiladi.
III bob. Tashkil etilgan ish oʻrinlarini umumlashtirish va tahlil qilish
10. Mazkur Nizomning 2-bandida koʻrsatilgan yoʻnalishlar kesimida ishchi komissiyaning kotibi tomonidan mazkur Nizomning 8-ilovasida keltirilgan shaklga muvofiq tashkil etilgan ish oʻrinlari toʻgʻrisidagi tezkor maʼlumotlar umumlashtiriladi va tahlil qilinadi.
11. Umumlashtirilgan maʼlumotlar ishchi komissiyaning raisiga koʻrib chiqish uchun hisobot oyidan keyingi oyning birinchi sanasida taqdim etiladi.
Ushbu maʼlumotlar ishchi komissiyasining raisi tomonidan tasdiqlangandan soʻng ishchi komissiyasi kotibi tomonidan viloyat ishchi komissiyasiga hisobot oyidan keyingi oyning ikkinchi sanasiga qadar taqdim etiladi.
Viloyat ishchi komissiyasi tomonidan tasdiqlangan maʼlumotlar hisobot oyidan keyingi oyning uchinchi sanasidan kechiktirmay Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligiga taqdim etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi viloyat ishchi komissiyalari hamda tarmoqlardan olingan maʼlumotlarni umumlashtirib tahlil qilgandan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hamda Iqtisodiyot vazirligiga hisobot oyidan keyingi oyning yettinchi sanasiga qadar taqdim etadi.
12. Tashkil etilgan ish oʻrinlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar tuman (shahar) statistika boʻlimlari tomonidan taqqoslangandan soʻng taqqoslash natijalari ishchi komissiyasiga qaytarib beriladi.
IV bob. Tashkil etilgan ish oʻrinlarining monitoringini yuritish
13. Dasturning ijrosini taʼminlash maqsadida monitoring tashkil etiladi hamda tumanlar (shaharlar), tarmoqlar va Dasturda nazarda tutilgan tashkilotlarda ish oʻrinlari yaratilganligi bajarilishi boʻyicha monitoring qilish har oyda quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va ularning hududiy organlari tomonidan – hududiy va tarmoq dasturlarida koʻzda tutilgan parametrlarning bajarilishi qismi boʻyicha;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman (shahar) hokimliklari tomonidan – ish oʻrinlari yaratishning hududiy dasturlari bajarilishi qismi boʻyicha;
xoʻjalik boshqaruvi organlari tomonidan – ularning tarkibiga kiruvchi tashkilotlar boʻyicha ish oʻrinlari yaratishning tarmoq dasturlari bajarilishi qismi boʻyicha;
davlat statistika organlari tomonidan – ish joylarining statistik hisobini yuritish boʻyicha.
14. Monitoring maʼlumotlarni yigʻish, umumlashtirish va tahlil qilish asosida amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tomonidan ishchi komissiyalarning ish oʻrinlari yaratilganligi haqidagi maʼlumotlari umumlashtirilgandan soʻng muayyan hudud va tarmoq boʻyicha Dastur ijrosi haqida axborot tayyorlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi tomonidan statistik hisobotlar asosida toʻplangan maʼlumotlar (tashkil etilgan, faoliyat koʻrsatayotgan va yoʻqotilgan ish joylari haqidagi maʼlumotlar) umumlashtiriladi.
15. Monitoring yakunlari boʻyicha Dasturning prognoz parametrlaridan orqada qolayotgan tuman (shahar)lar va Dasturda nazarda tutilgan tashkilotlar aniqlangan taqdirda, xoʻjalik boshqaruv organlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar hokimliklari tomonidan zarur chora-tadbirlar belgilanishi lozim.
Tashkil etilgan ish oʻrinlarini hisobga olish va monitoringini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Tashkil etilgan ish oʻrinlarini hisobga olish va monitoringini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Tashkil etilgan ish oʻrinlarini hisobga olish va monitoringini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
Tashkil etilgan ish oʻrinlarini hisobga olish va monitoringini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 4-ILOVA
Tashkil etilgan ish oʻrinlarini hisobga olish va monitoringini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 5-ILOVA
Tashkil etilgan ish oʻrinlarini hisobga olish va monitoringini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 6-ILOVA
Tashkil etilgan ish oʻrinlarini hisobga olish va monitoringini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 7-ILOVA
Tashkil etilgan ish oʻrinlarini hisobga olish va monitoringini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 8-ILOVA
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 26-son, 344-modda)
