Iqtisodiy hamkorlik toʻgʻrisida
03.05.1997
Oʻzbekiston Respublikasi va Italiya Respublikasi oʻrtasida
qoʻshma deklaratsiya
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Italiya Respublikasi Hukumati, bundan keyin Tomonlar deb ataluvchilar,
ikkala Tomon ham ijtimoiy taraqqiyot va siyosiy barqarorlikning muhim omili sifatida alohida ahamiyat beradigan oʻzaro hurmat,
tenglik va oʻzaro foyda koʻrish qatʼiyatlari asosida iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish istagidan kelib chiqib,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashdilar:
1. Ushbu hamkorlik doirasida Italiya iqtisodiy islohotlar, bozor iqtisodiyotiga oʻtish jarayoniga va Oʻzbekiston iqtisodining jahon iqtisodi integratsiyasiga koʻproq qoʻshilishiga muayyan hissa qoʻshishga tayyor.
2. Tomonlar Oʻzbekiston Xalqaro Valyuta Jamgʻarmasi va Xalqaro Tiklanish va Rivojlanish Banki bilan munosabatlari muvaffaqiyatli rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etadilar. Ular bu Moliyaviy Tuzilmalar tomonidan Oʻzbekistonda oʻtkazilayotgan iqtisodiy islohotlar dasturini amalga oshirish qoʻllab-quvvatlanishiga yordam berishiga ishonadilar.
3. Tomonlar oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlik Oʻzbekistonda islohotlar dasturini amalga oshirish harakatlari doirasiga kiradi. Bu hamkorlik Xalqaro Valyuta Jamgʻarmasi va Xalqaro Tiklanish va Rivojlanish Banki bilan kelishilgan holda ularning qoʻllab-quvvatlashini taʼminlash maqsadini aks ettiradi.
4. Tomonlar ikki taraflama iqtisodiy munosabatlarning toʻgʻri va samarali rivojlanishiga erishish maqsadida davlat kafolati bilan mustahkamlangan oʻzaro moliyaviy majburiyatlarning oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlash majburiyatini oladilar.
Tomonlar, shuningdek milliy qonunchilikka muvofiq davlat kafolati bilan taʼminlanmagan oʻzaro moliyaviy majburiyatlarning bajarilishiga doir zarur chora-tadbirlar koʻrishning muhimligini tan oladilar.
5. Har bir Tomon umumiy manfaatlar yoʻlidagi iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga alohida ahamiyat beradi. Shu maqsadda Tomonlar sohadosh korxona va tashkilotlar oʻrtasida hamkorlikning barcha shakllariga yordam beradilar va ikkala mamlakatda amalda boʻlgan qonunchilikka muvofiq bir Tomon ishbilarmonlarining ikkinchi Tomon hududidagi faoliyatini mustahkamlash va rivojlantirishga qaratilgan eng foydali iqtisodiy sharoitlarni yaratish uchun butun kuchlarini safarbar etadilar.
6. Tomonlar hamkorlikning eng ilgʻor shakllariga oʻtishga yordamlashish uchun qisqa fursatlarda sarmoya yotqizishni ragʻbatlantirish va uni muhofaza qilish hamda daromadga ikki taraflama soliq solishni bartaraf etish boʻyicha bitimlar tuzishga qulay sharoitlar yaratadilar.
Bu tadbirlar Oʻzbekiston ishlab chiqarish muqaddariyatining bundan keyingi taraqqiyotiga qaratilgan sarmoya yotqizishlar uchun xususiy sarmoyalar oqimiga yordam berishga moʻljallangan.
7. Tomonlar ikki taraflama iqtisodiy hamkorlik koʻproq eng muhim, aynan:
atrof muhit;
energetika va neft mahsulotlari;
togʻ-kon sanoati;
naqliyot va aloqa;
kimyo va dori-darmon sanoati;
qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish, qayta ishlash, konservalash va tarqatish;
xalq isteʼmoli mahsulotlarini ishlab chiqarish;
sayohat;
kichik va oʻrta korxonalarni rivojlantirish kabi sohalarga qaratilishiga rozi.
8. Tomonlar tegishli korxonalarni uchinchi mamlakatlar korxonalariga berilgan qulayliklardan kam boʻlmagan teng huquqli rejim bilan taʼminlash uchun bor kuchlarini sarflaydilar.
Tomonlar, shuningdek soliq solish sohasida tegishli fuqarolarga va savdo Vakilliklariga uchinchi mamlakatlar fuqarolari va Vakilliklariga berilgan qulayliklardan kam boʻlmagan rejim taqdim etish boʻyicha bor kuchlarini sarflaydilar.
Ular qoʻshma, shu jumladan, uchinchi sherik ishtirokidagi korxonalar barpo etishga yordamlashadilar.
9. Yevropa Ittifoqi koʻtarib chiqqan tashabbuslarni hisobga olgan holda va Italiyaning amaldagi qonunchiligi doirasida, Tomonlar texnikaviy yordam, shu jumladan, mutaxassislar va rahbarlar tayyorlash sohasida hamkorlik qiladilar.
Italiya shu maqsadda Oʻzbekistonga oʻzining kichik va oʻrta korxonalarni rivojlantirish borasidagi boy tajribalarini taqdim etishga tayyor.
10. Tomonlar, ilmiy-texnikaviy hamkorlik ikkala davlat oʻrtasidagi munosabatlar rivoji uchun muhim ahamiyatga ega ekanini his etgan holda, bu hamkorlik koʻproq quyidagi muhim yoʻnalishlarga qaratilishiga rozi:
anʼanaviy va qayta tiklanayotgan energiya manbalari;
atrof muhitni qoʻriqlash va tabiatni muhofaza qilish tadbirlari;
sogʻliqni saqlash;
ovqatlanish va farmakologiya;
sanoatda texnologik jarayonlar;
biotexnologiyalar va qishloq xoʻjaligida yangi texnologiyalar;
geologiya, gidrologiya va seysmologiya;
maʼdaniy xom ashyoni qayta ishlash boʻyicha texnologik jarayonlar.
11. Tomonlar, energiya, neft va gaz taʼminotida xavfsizlik va barqarorlikning iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va qodir sarmoya yotqizuvchilarni jalb etish uchun muhim ahamiyatga ega ekanligini his etib, energetika sohasidagi tadqiqotlarga, gaz va neft mahsulotlaridan foydalanish va ularni naqliyotda tashishga alohida eʼtibor qaratadilar. Ikki Tomonning faol ishtirokini talab etadigan va boshqa chegaradosh mamlakatlar bilan munosabatlarni mustahkamlaydigan bu hamkorlik infratuzilma boʻyicha loyihalar hamda imkon qadar koʻproq oʻzaro zarur integratsiya uchun zarur meʼyoriy hujjatlarni birgalikda rivojlantirish maqsadida xalqaro tashkilotlar doirasida va Yevropa Energetika Xartiyasida koʻzda tutilgan qoidalarga muvofiq rivojlanadi.
12. Tomonlar atrof muhitni muhofaza qilish sohasida hamkorlikni rivojlantiradilar. Ular har qanday ifloslantirish manbaidan muhofaza qilishni kafolatlash maqsadida ikkala mamlakat qonunchiligi doirasida, tabiat boyliklaridan ruxsat berilgan darajada foydalanish doirasida ikki taraflama va koʻp taraflama darajada hamkorlikning barcha shakllarini ilgari suradilar va ragʻbatlantiradilar.
13. Tomonlar naqliyot va aloqa sohasida oʻz aloqalarini imkon darajasida rivojlantirishga yordamlashadilar.
14. Tomonlar ushbu Deklaratsiyada belgilangan maqsadlarga etish uchun barcha darajadagi safarlar almashlashga yordamlashadilar.
15. Ushbu Qoʻshma Deklaratsiya imzolangan kundan kuchga kiradi.
Ushbuning tasdigʻi sifatida, quyida imzo chekuvchilar, Hukumatlarining tegishli vakolatini olgan vakillari, ushbu Qoʻshma Deklaratsiyani imzoladilar.
Toshkent shahrida 1997-yil 3-mayda har biri oʻzbek, italyan va rus tillarida boʻlgan ikki nusxada tuzildi, har bir matn teng kuchga ega.
(imzolar)
