Madaniy boyliklar kontrabandasini oldini olish va ularning qaytarilishini taʼminlashda oʻzaro koʻmaklashish toʻgʻrisida
13.04.1998
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Turkiya Jumhuriyati Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Turkiya Jumhuriyati Hukumati, bundan keyin “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar,
madaniy boyliklarning noqonuniy olib ketilishi, tranzit qilinishi va olib kelinishi milliy maʼnaviy merosiga ziyon keltirishini, ularni qoʻriqlashda bojxona organlari tomonidan yordam koʻrsatilishi kerakligini nazarda tutib,
madaniy boyliklarni noqonuniy olib kirish, olib chiqish va xususiy mulk sifatida berishni taqiqlash va oldini olishga qaratilgan 1970-yildagi (Parij, 1970-yil 14-noyabr) YUNESKO Konvensiyasining qoidalarini eʼtiborga olib,
madaniy merosni muhofaza qilishda davlatlarning vakolatli xizmatlarining mohiyati muhim ahamiyatga ega ekanligini taʼkidlab,
ushbu maʼmurlar oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga va bu bilan madaniy boyliklar kontrabandasiga qarshi kurashni kuchaytirishga intilib,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Ushbu Bitim maqsadlarida:
“Madaniy boyliklar” — Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlarning qonunlari va boshqa meʼyoriy hujjatlari bilan shunday deb belgilanadigan buyumlarni anglatadi;
“Kontrabanda” — bunday buyumlarni Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlarning milliy qonunlari va boshqa meʼyoriy hujjatlariga xilof ravishda amalga oshirilgan olib ketish, tranzit qilish va olib kelishni anglatadi;
“Qaytarish” — kontrabanda yoki tranzit qilinayotganda, olib kirilgan Davlat tarafidan madaniy boyliklarni tutish, ushbu buyumlarning qonuniy egasi boʻlgan Davlatga haqiqiy qaytarilishini anglatadi.
2-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzlarining hududlarida amal qilayotgan qonun va qoidalarga rioya qilgan holda, madaniy boyliklar kontrabanda qilinishini oldini olish va ularni qaytarilishini taʼminlash uchun ushbu Bitim doirasida bir-birlariga koʻmaklashadilar.
3-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar kontrabanda qilingan madaniy boyliklar aniqlanilganida, ushbu madaniy boyliklarni tutib qoladilar va bu holat haqida iloji boricha qisqa vaqt ichida boshqa Tomonni xabardor qiladilar.
Bunday axborot ushlangan madaniy boyliklarning toʻliq tafsiloti, kontrabandada ishtirok etgan shaxslar toʻgʻrisida maʼlumotlar, shuningdek shu maqsadda foydalanilgan transport vositalari, yuklar va pochta joʻnatmalarning har qanday turlari toʻgʻrisidagi toʻliq tafsilotlarni oʻz ichiga olishi lozim. Ahdlashuvchi Tomonlar, iloji boʻlgan hollarda, ushlab qolingan madaniy boyliklar suratlarini va shunday boyliklarning kontrabanda hollariga taalluqli boʻlgan hujjatlarning nusxalarini bir-birlariga taqdim qiladilar.
4-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar kontrabanda qilingan madaniy boyliklarni qaytarishni taʼminlash uchun barcha tadbirlarini koʻradilar.
Madaniy boyliklar kontrabandasida gunohkor deb topilgan shaxslar aniqlangan boʻlsa va ular masʼul deb eʼlon qilingan boʻlsa, javobgarlik toʻgʻrisidagi qaror qonuniy kuchga kirgandan soʻng ushbu madaniy boyliklarni olingan davlatga qaytarish tayinlangan tegishli vakolatli bojxona rasmiylari yoki boshqa idoralar rasmiylari tomonidan amalga oshiriladi.
5-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar soʻrovnoma boʻyicha boshqa quyidagilar boʻyicha kuzatish olib boradilar:
madaniy boyliklar kontrabandasida qatnashgan deb asosli ravishda gumon qilinayotgan shaxslarning oʻzlarining hududlariga kelishlari va ketishlari;
madaniy boyliklar kontrabandasida asosli ravishda gumon qilinayotgan yuklar, transport vositalari va pochta joʻnatmalari.
Nazorat natijalari haqida imkon darajasidagi eng qisqa vaqt ichida soʻrovchi Tomonga xabar beriladi.
6-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar quyidagilar bilan almashadilar:
a) madaniy boyliklarning kontrabandasiga qarshi kurash usullari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
b) madaniy boyliklarning kontrabandasiga qarshi kurash masalalariga taalluqli boʻlgan nashrlar, kasbiy, oʻquv va ilmiy qoʻllanmalar;
v) madaniy boyliklar bilan kontrabanda qilishning yangi vositalari va usullari, hamda shunday ishlar bilan kasb jihatdan band boʻlgan shaxslar toʻgʻrisida maʼlumotlar;
g) madaniy boyliklarning kontrabandasiga qarshi kurashning tajribalarini oʻrganish maqsadida mutaxassislarning tashriflari.
7-modda
Ushbu Bitimga binoan olingan axborotdan faqat madaniy boyliklarning kontrabandasiga qarshi kurash maqsadida foydalaniladi va axborotni oluvchi Tomon, ushbu Davlatning milliy qonunlariga muvofiq uni oʻzing shu turdagi rasman shu tusga ega deb qabul qiladi.
Ahdlashuvchi Tomonlar ushbu Bitimni bajarish jarayonida olingan axborotlarni, agar ularni tarqatilishi boshqa Tomon manfaatlariga yoki birgalikda harakat qilish manfaatlariga zarar yetkazadigan boʻlsa, ikkinchi Tomonning roziligisiz uchinchi Tomonga, shuningdek ommaviy axborot vositalariga taqdim etmaydilar.
8-modda
Har bir Ahdlashuvchi Tomon madaniy boyliklarning qaytarilish protsedurasiga jalb etilgan boshqa Tomonning ekspertlariga toʻlash bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlarni qoplaydi. Ahdlashuvchi Tomon qaytarilayotgan madaniy boyliklarni, har bir alohida olingan holda aniq shartlarga muvofiq ikki tomonlama muzokaralar bilan muvofiqlantiriladigan, tashish bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlarni toʻlaydi.
9-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar boyliklarning noqonuniy olib kirish, tranzit qilish va olib chiqishni oldini olish uchun xalqaro forumlar doirasida ham hamkorlik qiladilar.
10-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar ushbu Bitim doirasida hamkorlik masalalari boʻyicha muntazam ravishda maslahatlashadilar.
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi oʻzaro yozishmalar ingliz tilida olib boriladi.
11-modda
Ahdlashuvchi Tomonlarning oʻzaro yozma kelishuvi boʻyicha ushbu Bitimga uning ajralmas qismi boʻlgan alohida protokollar bilan rasmiylashtirilgan oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
12-modda
Ushbu Bitim qoidalarini bajarish va talqin qilish bilan bogʻliq boʻlgan barcha munozarali masalalar Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi oʻzaro maslahatlashuvlar va kelishuvlar yoʻli orqali hal etiladi.
13-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar, ushbu Bitim kuchga kirgan kundan boshlab uch oy mobaynida oʻz davlatlarida madaniy boyliklarni tashish tartibiga taalluqli milliy qonun va meʼyoriy hujjatlar matnlari bilan almashadilar. Milliy qonun va qoidalardagi har qanday barcha oʻzgartishlar toʻgʻrisida iloji boricha eng qisqa vaqtda boshqa Ahdlashuvchi Tomonga xabar beriladi.
14-modda
Ushbu Bitim imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi hamda besh yil davomida amal qiladi, bundan keyin, agar Ahdlashuvchi Tomonlardan hech biri boshqa Ahdlashuvchi Tomonni ushbu Bitimning amal qilishini toʻxtatish niyati toʻgʻrisida ushbu Bitim amal qilishining tegishli muddati oʻtmasdan kamida 6 (olti) oy oldin yozma ravishda xabardor qilmasa, u keyingi besh yillik muddatlarga oʻz-oʻzidan uzaytiriladi.
Toshkent shahrida, 1998-yil 13-aprelda ikki asl nusxada, oʻzbek, turk va ingliz tillarida tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan holda, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)
